Линклар

logo-print
O‘shda mavjud bo‘lgan 722 masjidning 177 tasi noqonuniy ravishda ishlayotgani rasmiylarni tashvishga solmoqda.

Qirg‘iziston hukumati qoshidagi Din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasining janub bo‘yicha vakili Qurbanali Uzaqovga ko‘ra, O‘sh viloyatidagi 722 masjidning 177 tasi rasman ro‘yxatga olinmay faoliyat olib borayotgani aniqlangan:

- Qishloq hukumati va Din komissiyasi roziligisiz xashar yo‘li bilan turli masjidlar qurilgan. Masjidlarda hujjatlar yo‘q. Masjidni xech kimga bildirmay ochib olib, o‘z holicha ishlatishmoqda. Imomlar ham bunga e‘tibor berishmaydi. Shuning uchun huquq-tartibot organlariga prokuratura bilan hamkorlikda xujjatlarni barchasini tayyorlab sudga o‘tkazib berish taklif qilindi. Hujjati bo‘lmagan masjidlarni yopishsin dedik, -dedi Qurbanali Uzaqov.

Uning aytishicha, rasman ro‘yxatga olinmagan masjidlarni nazorat qilishning imkoni yo‘q. Shu sababli bu kabi masjid jamoatlari radikal guruhlarga qo‘shilmaydi, deb hech kim kafillik berolmaydi.

- Masjid ro‘yxatga olingach u yerda javobgar odam bo‘ladi. Shunday odam yo‘qligi uchun o‘sha yerda turli destruktiv kuchlarning harakatlanishiga to‘la imkoniyat bo‘ladi. Havotirga solayotgan tomoni shu. Odamlar muxtoj ekan deb qurilgan masjidlar ro‘yxatga olinmay turibdi, - dedi Uzaqov.

O‘sh viloyat qoziyati esa bu masalani juda muhim muammo sifatida qo‘tarishning keragi yo‘q deb hisoblaydi. Qonuniylashtirilmagan deyilgani bilan mazkur 177 masjid imomlari qoziyat tomonidan saylangan.

- Ro‘yxatga olinmagan masjidlar ham bizning nazoratimizda. Ularni ham boshqa masjidlar qatori nazorat qilamiz. Bu masjidlarda namoz o‘qilsa, jamoat kelib tursa, biz ular bilan doimiy aloqada bo‘lib turamiz. Bu masjidlar ham imkoni boricha tezroq ro‘yxatdan o‘tish ishlarini olib borishayapti, - dedi O‘sh viloyat qozisi Niyozali Oripov.

Mustaqil tahlilchi Azamat Qo‘jo‘yev esa ro‘yxatga olinmagan masjidlarda radikal kuchlar faoliyat olib borishi mumkin, deb hisoblaydi.

- Mamlakatimiz din masalasiga juda befarq. “Noqonuniy ishlayotgan masjidlarni nazoratga olishimiz kerak”, deyishmoqda. Biroq qonuniy ishlayotgan masjidlar ham nazorat qilinmaydi. “Bularga sertifikat berdik, bu masjidlarning sertifikati bor. qonun doirasida ishlashyapti”, degani bilan u yerda qanday bolalar tarbiyalanayapti, qanday radikal kuchlar faoliyat olib borayapti, deb hech kim qiziqmaydi. Har kim hoxlagan siyosatini olib borayapti, - deydi mustaqil kuzatuvchi Azamat Qo‘jo‘yev.

Bundan avval Qirg‘iziston janubidagi masjidlarning 30 foizidan ortig‘ida maxsus diniy bilimga ega bo‘lmagan shaxslar imomlik qilayotgani ham aytilgan edi.
XS
SM
MD
LG