Линклар

“Karzay-Tolibon sulhi ayollar haqqini halollasin”


Xalqaro huquq faollari¸ afg‘on xotin-qizlarining Tolibon davrida dunyodagi eng haqsiz ayollarga aylantirilganini aytib keladilar.

Xalqaro huquq faollari¸ afg‘on xotin-qizlarining Tolibon davrida dunyodagi eng haqsiz ayollarga aylantirilganini aytib keladilar.

“Aks holda¸ Afg‘oniston xotin-qizlari taqdiri yana tahlika ostida qoladi”¸ deb bong urmoqda Oxfam guruhi.

Xalqaro qo‘shinlar Afg‘onistondan chiqishga hozirlanayotgan¸ Kobul hukumati esa¸ Tolibon bilan sulh tuzishga urinayotgan ayni kezlarda Afg‘oniston xotin-qizlari taqdiri yana tahlika ostida qolmoqda.

Inson haqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi Oxfam tashkiloti ana shunday xavotir aks etgan o‘z yangi hisobotini e‘lon qildi.

Hisobotga ko‘ra¸ AQSh qo‘shinlari 2001 yilda Afg‘onistonni ishg‘ol qilganidan beri¸ Afg‘oniston xotin-qizlarining 43 foizi maktablarga qatnay boshlagan; hukumat qabul qilgan kvota bois¸ mamlakat parlamentidagi 28 foiz o‘rin ayollarga ajratilgan.

Tolibon hukmronligi davrida xotin-qizlarning maktabga borishi va ishlashi taqiqlangan edi.

Ayni paytda¸ inson haqlari guruhiga ko‘ra¸ Afg‘onistonning 34 mintaqasining faqat 10 tasidagina nomus uchun odam o‘ldirish va voyaga yetmaganlarni turmushga berish amaliyotlari jinoyat deb tasniflangan¸ xolos.

Tashkilot hozirlagan hisobotga ko‘ra¸ Afg‘oniston xotin-qizlarining 87 foizi “jismoniy¸ jinsiy yoki ruhiy zo‘rlik hamda majburan erga tegish” kabi haqsizlik va zulmni o‘z boshidan kechirgan.

Toliblarning maktabga boruvchi qizlar va ishlovchi ayollarga qarshi hujumlari muttasil davom etmoqda va xalqaro kuchlar Afg‘onistonda chiqib ketgach¸ bu hujumlar yanada keskinlashmay qolmaydi¸ deb bong uradi Oxfam guruhi.

2012 yildan boshlab Afg‘onistonda joylashgan AQSh qo‘shinlari olib chiqila boshlanadi va 2014 yilga kelib bu mamlakatdagi 140 ming askarlik xalqaro qo‘shinning Afg‘onistonni butunlay tark etishi va xavfsizlik uchun nazoratning to‘lig‘icha mahalliy hukumat nazoratiga o‘tishi rejalangan.

Afg‘oniston hududlarining kattagina qismini haligacha nazoratga ola olmayotgan prezident Hamid Karzay¸ xalqaro qo‘shin mamlakatni tark etgunga qadar o‘z ashaddiy raqiblari – toliblar bilan sulh tuzishga urinmoqda.

Oxfam guruhi Karzayni toliblar qo‘llovini qozonish kabi siyosiy maqsad yo‘lida Afg‘oniston xotin-qizlari haqlarini qurbonlikka keltirishga hozirlikda ayblamoqda.

Shu bois xalqaro tashkilot¸ Tolibon bilan muzokaralarda ayollar vakillari ham qatnashishi va tuziladigan har qanday sulh kelishuvida xotin-qizlarning haq-huquqlari kafolatlanishi lozimligini ta‘kidlamoqda.

- Xotin-qizlar bugun ishlayotgan vrachlar¸ huquqshunoslar¸ tadbirkorlar¸ maktabga qatnayotgan yosh qizlar. Afg‘onistonning kelasi 10 yillik hayoti biz uchun qanday bo‘ladi? Afg‘on xotin-qizlarining hayoti shundoq ham kun sayin yomonlashmoqda. Afg‘on ayoli ham tinchlik istaydi¸ ammo bizning uylarimizga yana o‘t qo‘yadigan sulh bunday tinchlikka eltmaydi¸ deyiladi hisobot mualliflaridan biri¸ afg‘onistonlik Orzala Ashraf Ne‘mat.

Hozircha Afg‘oniston prezidenti Hamid Karzay Tolibon bilan sulhga erishish maqsadida xotin-qizlarni qayta toliblar zamoni johiliyatiga tashlashga tayyor ekani haqidagi tanqidlarni inkor etmoqda.

Kobulda afg‘on mullalari bilan o‘tkazgan uchrashuvda Karzay¸ hozircha Tolibon nomidan muzokara olib boradigan biror shaxs va aniq guruhni topa olmaganidan zorlandi:

- Ha¸ biz tinchlik istaymiz. Ammo Afg‘oniston xalqi mendan kim bilan tinchlik muzokarasi o‘tkazayotganimni so‘ramoqda. Muzokaralar stolining narigi tomonida kim o‘tiribdi? Men hozircha bu savolga javob bera olmayapman. Men Mulla Umarni topa olganim yo‘q. Qayerda u? Men Tolibon Kengashini ham topa olmadim¸ qayerda o‘zi bu Kengash? Ular nomidan chopa keladi-da¸ muzokara qilaman deganni o‘ldirib ketadi. Xo‘sh¸ men kim bilan gaplashishim kerak? dedi Afg‘oniston prezidenti yakshanba kuni Kobulda mullalar bilan o‘tkazgan uchrashuvida.
XS
SM
MD
LG