Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:47

Karimov fermerlarga kengash tuzishni taklif qildi


O‘zbekiston prezidentiga ko‘ra, bunday kengash ilg‘or fermerlar va mutaxassislardan iborat bo‘lishi kerak.

Fermerlar oldida turgan dolzarb muammolarni hal qilish maqsadida tuzilajak mazkur kengash, Karimov fikricha, fermerlik harakatini yanada rivojlantirishda, ilg‘or fermer xo‘jaliklari tajribasini ommalashtirishda, sohani zamonaviy talablar darajasida rivojlantirishda muhim o‘rin tutishi kerak.

Bu haqda Islom Karimov 1 oktabr kuni Andijon viloyatiga qilgan safari chog‘ida ma‘lum qildi.

- Fermerlik harakati kelajagi faqatgina dehqonchilik bilan bog‘liq emas. Fermerlarimiz o‘zi yetishtirgan mahsulotni qayta ishlashi, sanoat rivojida muhim o‘rin egallashi lozim. Bu xalq farovonligini yanada oshirish, mamlakat iqtisodiy qudratini mustahkamlashda katta ahamiyatga ega. Masalan, faqatgina paxtaning o‘zidan 92 xil mahsulot ishlab chiqariladi. Bu qayta ishlash sanoatining naqadar muhim ahamiyatga ega ekanidan dalolatdir, - deya iqtibos keltiradi Islom Karimov so‘zlaridan Regnum axborot agentligi.

O‘zbekiston prezidentiga ko‘ra, O‘zbekiston paxtasi sifati bo‘yicha jahon bozorida o‘zining munosib o‘rniga egadir.

- Shundan kelib chiqqan holda, uning (paxtaning – tahr.) narxi ham, dehqonlarimizning manfaatdorligi ham shunga yarasha bo‘lishi kerak, - dedi Islom Karimov.

U bugungi fermer zamonaviy talablarni chuqur tushinishi lozimligini qayd etdi.

- Shu ma‘noda fermerlar faqat xalq farovonligini yuksaltirishdagina emas, mamlakat iqtisodiy barqarorligini ta‘minlashda hamda siyosatda, har bir hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojida hal qiluvchi kuchga aylanishi lozim, - dedi Islom Karimov.

Ayni paytda O‘zbekiston prezidenti siyosat va jamiyat hayotining ijtimoiy-iqtisodiy rivojida “hal qiluvchi kuchga aylanishi lozim” bo‘lgan fermerlarga qanchalik siyosiy erk berilishi, ular qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha qarorlar qabul qilishda naqadar mustaqil harakat qila olishlari mumkinligiga aniqlik kiritmadi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2011 yilning 1 iyuligacha bo‘lgan hisob-kitoblarga muvofiq 66134 fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda va ularga 5,295 million gektar yer ijaraga berilgan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, bugungi kunda o‘zbekistonlik fermer o‘ziga berilgan yerga xohlagan ekinini ekish, bankda o‘ziga tegishli bo‘lgan pulni o‘zi istaganday xarjlash, mahsulotini o‘zi istagan bahosida xohlagan xaridoriga sotish va shu kabi boshqa imkoniyatlardan mahrumdir.

Karimovning kecha ochiqlagan tashabbusi bu “tartib”ga o‘zgartirish kiritadimi-yo‘qmi, hozircha bu noma‘lum bo‘lib turibdi.
XS
SM
MD
LG