Линклар

Norvyegiya Nobel qo‘mitasi bu yilgi nufuzli xalqaro mukofotlar kimlarga berilishini 3 oktabrdan boshlab e‘lon qila boshlaydi. 2011 yilgi dastlabki Nobel mukofoti fiziologiya yoki tibbiyot sohasidagi qaysi kashfiyot uchun qaysi davlat olimlariga nasib etgani dushanba kuni ma‘lum bo‘ladi.

2011 yilgi Nobel tinchlik mukofoti sohibi 7 oktabr kuni e‘lon qilinadi.

Oslodagi Tinchlik tadqiqotlar instituti xodimi Kristian Berg Xarpviken fikricha, Nobel tinchlik mukofoti “Arab bahori” deb atalayotgan arab davlatlaridagi hukumatlarga qarshi isyonlarga aloqador bo‘lgan arboblar yoki faollarga berilishi mumkin.

Kristian Bergga ko‘ra, nufuzli xalqaro mukofotga da‘vogarlar orasida misrlik faol Isro Abdul Fattoh, tunislik blogger Lina Ben Mhenni, afg‘onistonlik huquq faoli Sima Samar, Rossiyadagi Memorial inson huquqlari tashkiloti, Germaniya sobiq kansleri Helmut Koll va boshqalar bor.

Joriy yil fevralida Ukraina parlamenti deputati, qrim tatar xalqi siësiy haqlari uchun 60 yildan beri faol kurash olib borayotgan qrim tatar xalqining eng ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri Mustafo Jamil Nobel Tinchlik mukofotiga nomzod etib ko‘rsatilgan.

Norvyegiya parlamenti a‘zolari esa yuz minglab maxfiy hujjatni o‘z sahifasi orqali ommaga oshkor qilgan WikiLeaks internet saytini 2011 yilgi Nobel tinchlik mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatgan.

Norvyegiya Nobul qo‘mitasi 2010 yilgi Nobel tinchlik mukofotini Xitoyda fundamental inson huquqlari uchun uzoq muddat va tinch yo‘l orqali kurashgan Lyu Syaoboga bergan.

Qizg‘in bahslarga sabab bo‘lib kelayotgan Adabiyot bo‘yicha 2011 yilgi mukofot kimga berilishi e‘lon qilinadigan kun hozircha ma‘lum qilinmadi.

Bu yilgi mukofotga suriyalik shoir Adonis, kanadalik adib Margaret Atvud, janubiy koreyalik Ko Un va amerikalik yozuvchi Filip Ros asosiy da‘vogarlarlar sifatida ko‘rilmoqda.

74 yashar perulik mashxur adib Mario Vargas Losa o‘z asarlarida hokimiyat tizimlarini batafsil tasvirlagani va yakka shaxslar isyoni, qarshiligi va mag‘lubiyatini yorqin aks ettirgani uchun Adabiyot bo‘yicha 2010 yilgi Nobel mukofoti sohibi bo‘lgan.

Nobel mukofoti ilk bor bundan 110 yil muqaddam, 1901 yilda topshirilgan bo‘lib, dastlab u tibbiyot, fizika, kimyo, adabiyot sohalari va tinchlikka erishishda katta yutuqlarni qo‘lga kiritgan olimlar va siyosiy arboblarga berilgan.
XS
SM
MD
LG