Линклар

O‘zbek imomlari ham paxta terimiga jalb qilindi


O‘zbekiston rasmiylari, aholining katta qismi dalada bo‘lsa, imomlar bo‘sh qolgan masjidlarda bekorchilik qilmasin, degan ko‘rinadi.

O‘zbekiston rasmiylari, aholining katta qismi dalada bo‘lsa, imomlar bo‘sh qolgan masjidlarda bekorchilik qilmasin, degan ko‘rinadi.

Imomlar dalada paxta terish bilan birgalikda, terimga chiqmagan o‘quvchilarni dalaga chiqishga da‘vat ham qilmoqda.

Hamma imom paxtada!

Bu yilgi paxta mavsumida O‘zbekiston imomlari ilk bor paxta terimiga jalb qilindilar.

O‘zbekiston musulmonlar idorasining joylardagi bo‘limlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, paxta mavsumida imomlar zimmasiga birdaniga to‘rtta mas‘uliyatli vazifa yuklatilgan.

Birinchidan, imomlar dalada paxta terib, O‘zbekistonning ko‘p tonnalik xirmoniga o‘z hissalarini qo‘shadilar.

Ikkinchidan, paxta terimiga chiqmagan o‘quvchi-talabalar, ishchi-xizmatchilar, mahalla ahli orasida tushuntirish ishlari olib borib, ularni paxta terimiga da‘vat qiladilar.

Uchinchidan, imomlar dala boshida o‘tirib olib, qur‘on tilovat qilib, Olohdan mo‘l hosil so‘raydilar.

To‘rtinchi sharafli vazifa o‘laroq esa, kam ta‘minlangan oilalardan bo‘lgan terimchilarni moddiy rag‘batlantirish ham mahalliy imomlar zimmasiga yuklatildi.

Ozodlik O‘zbekistoning turli hududlaridagi masjidlar bilan bog‘langanida, barchasidan bir xil - hamma paxtada degan javobni oldi.

Imomlar - terimchi!


Jizzaxdagi Qo‘shchinor masjidi imomlaridan biri ko‘raga - taqsir ismini oshkor qilmadi - viloyatdagi 171 ta masjidning imomlari va masjidda faoliyat ko‘rsatuvchi boshqa dindorlar bir kunda o‘rtacha 20 tonnadan paxta terayaptilar.

- Viloyat bo‘yicha 171 ta masjidimiz bo‘lsa, hammasi har kuniga 40-50 ta odam chiqarayapti. Har bitta tuman o‘rtacha 5-6 tonna berayapti. Masalan, Jizzax tumanida ko‘p. Boshqa tumanlarda kamroq. O‘shanga o‘rtacha qilib aytadigan bo‘lsam, taxminan 15-16-20 tonnagacha terayapti bir kunda. O‘zimiz ham kecha chiqib keldik.Men o‘zim 35 kilo terdim. Norma berilmagan. Yoshi o‘tgan, qariroq imomlarimiz 20-30 atrofida terayapti,- dedi Qo‘shchinor masjidi imomi.

Imomlar - da‘vatchi!


Turli viloyatlardagi masjidlardan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, paxta mavsumida imomlardan ko‘proq tashviqot-targ‘ibot ishlarida foydalanilmoqda.

Qo‘shchinor masjidi imomiga ko‘ra, imomlarning so‘zlariga odamlar orasida ishonch kuchli bo‘lgani uchun, ular paxtaga chiqmayotganlarni terimga dav‘at qilish ishlariga jalb qilingan.

- Maktab, kollejlarning chiqmagan bolalari borku. O‘shalarning uyiga borib chiqishga jalb etayapmiz. Tushuntirish ishlari olib borayapmiz. Ilojini qilgan joyimizda, paxtaga chiqayapti maktab bolalari ham. Men o‘zim, ërdamchilarimiz bilan har kuni chiqib, mahallarda uyma-uy kirib paxtaga chiqmaganlarni chiqarib keyin ishga kelayapmiz,- dedi Qo‘shchinor masjidi imomi.

Imomlar - tilovatchi!


Navoiydagi "Qosim shayh" masjidi imomlaridan biri, bu kishi ham o‘zlarini tanishtirmadilar, viloyat imomlari ko‘proq paxta terimi paytida tilovat va duo o‘qish bilan mashg‘ul bo‘lyapti, dedi.

- Diniy idoradan ko‘rsatma berishdi, hasharchilardan xabar olib, paxtani hosilning haqlariga, dehqonlar, fermerlarning haqlariga duolar qilinglar, deb topshirdi. Doimiy bizdan talab qilinaëtgani yo‘q. Shuncha teringlar, nimaga termadinglar, degan gap bizlarga bo‘lgani yo‘q. Boramiz, ëshi ulug‘ otaxon, hoji bobolar bilan birga fermer xo‘jaliklariga borayapmiz. Hoji bobolar 2-3 ta qovun-tarvuz olib berib, fermerlarning dalalari boshida tilovat qilib, duolar qilib, hosilning haqqiga baraka tilayapmiz. “Xizmat qilaëtganlarning boshi omonda bo‘lsin. Ofat shikast yetmasin” deb duolar qilib qaytayapmiz,- dedi "Qosim shayh" masjidi imomi.

Imomlar - rag‘batlantiruvchi!


Joriy yil paxta mavsumida imomlar o‘zlarining sahovatpeshaligini ham namoyish qilmoqdalar.

Jizzaxdagi Qo‘shchinor masjidi imomiga ko‘ra, ular ilg‘or terimchilarni moddiy rag‘batlantirish bilan ham shug‘ullanmoqdalar.

- Har bitta yaxshi tergan terimchilar ëki kam ta‘minlangan terimchilarga gilam va shunga o‘xshagan qimmatbaho sovg‘alar berilayapti. O‘zbekiston musulmonlar idorasining Jizzaxdagi vakilligi tashabbusi bilan bo‘layapti bu. Vakillik tomonidan aytayapmiz tumanlarga. Sovg‘alar bo‘yicha Jizzax tumani, boshqa tumanlarning hisobotlarini berganmiz hokimiyatga, boshqa joyga,- dedi Qo‘shchinor masjidi imomi.

Bu yilgi paxta mavsumida, darhaqiqat jamiyatning barcha qatlamlari bir yoqadan bosh chiqarib, aniqrog‘i, boshlari bir yoqadan chiqarilib, "oq oltinni" nest-nobud qilmasdan terib olishga ahd qilingan ko‘rinadi.
XS
SM
MD
LG