Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:29

AQSh o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistonga O‘zbekiston orqali tashlamoqchi


Shimoliy Ta‘minot tarmog‘i ahamiyatining oshishi Moskvaning g‘ashiga tegmoqda.
Shimoliy Ta‘minot tarmog‘i ahamiyatining oshishi Moskvaning g‘ashiga tegmoqda.
Rossiya matbuoti O‘zbekiston va AQSh prezidentlari yaqinda ayni masalani muhokama qilgani haqida yozmoqda.

Rossiyada chop etiladigan "Kommersant‘" nashrining yozishicha, o‘tgan hafta payshanba kuni O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan telefon orqali suhbatlashgan AQSh Prezidenti Barak Obama O‘zbekistondan o‘tuvchi Shimoliy ta‘minot tarmog‘i orqali noharbiy yuklar tranzitini oshirishdan tashqari, Amerika qo‘shinlarini ham ham olib o‘tish masalasini muhokama qilgan.

Bu xabar manbai The Telegraph nashriga intervyu bergan Oq Uydagi yuqori martabali mulozimlardan biri ekani aytilmoqda.

2009 yilning fevral oyida ishga tushgan Shimoliy Ta‘minot tarmog‘i orqali Afg‘onistonda NATO yetakchiligidagi koalitsiya qo‘shinlariga tashilayotgan yuk shu vaqtga qadar noharbiy yuklardan iborat ekani aytilgan.

So‘nggi bir yil ichida Pokistondagi nobarqaror vaziyat bois AQSh Shimoliy Ta‘minot tarmog‘i orqali tashiladigan yuklar hajmini 15 foizga oshirishini ham bildirgan edi.

"Kommersant‘" Endilikda bu tarmoq orqali harbiylarning ham olib o‘tilishi O‘zbekistonning Vashington uchun harbiy hamkor o‘laroq ahamiyatini yanada kuchaytirishi haqida yozmoqda.

Buni Eurasia.net internet nashri tahlilchisi Deydre Taynan ham e‘tirof etdi.

- Aslida Shimoliy ta‘minot tarmog‘i konspiratsiya emas, balki haqiqatda ish berayotgan ta‘minot yo‘lidir. Bu tarmoq orqali noharbiy yuklar tashilmoqda va juda yaxshi tashilmoqda. Endigi voqe‘lik tomonlar o‘rtasidagi munosabatlarning faqatgina harbiy sohada emas, balki siyosiy sohada ham anchagina rivojlanayotganini ko‘rsatib turibdi,- deydi Deydre Tanan.

Bu esa, tahlilchi fikricha, har galgidek yana prezident Karimov hukumati uchun juda katta imkoniyatlar eshigini ochib berdi.

Zero, Barak Obamaning prezident Karimov bilan telefon muloqoti, undan biroz o‘tib AQSh Davlat kotibi Hillari Klintonning O‘zbekistonda inson huquqlari ahvoli yaxshilana boshlagani haqida bayonot berishi tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik ahamiyati oshayotganidan ishorat berayotgan edi.

Aslida ShTT orqali nafaqat noharbiy yuklar, balki qachondir harbiylarning ham tashish ehtimoli haqidagi savol bu tarmoq ishga tushgan davrdan buyon AQSh mulozimlariga berib kelinayotgan doimiy savollardan biri bo‘lib qolmoqda.

2009 yildan beri bu borada bayonot berib kelayotgan AQSh mulozimlari aynan harbiylarning olib o‘tilishi bo‘yicha kelgusi rejalarga oid savollarni ochiq qoldirib keladi.

Hozirda Toshkent va Vashington o‘rtasida qalinlashib borayotgan munosabatlarda The Telegraph nashri bergan bu xabarning tez orada reallikka aylanishini quvvatlovchi unsurlar ham talaygina.

Prezident va davlat kotibi darajasida berilgan jiddiy bayonotlardan tashqari, AQSh Senatining moliyalashtirish qo‘mitasi 2004 yilda O‘zbekistondagi inson huquqlari ahvoli ayanchliligi sababidan joriy qilingan bu mamlakatga harbiy yordamni taqiqlovchi cheklovlarni bekor qilishga rozi bo‘ldi.

"Kommersant‘"ning yozishicha, O‘zbekistonga harbiy qurol-yarog‘ xarid qilish uchun AQSh tomoni mablag‘ taklif qilmoqda va yana ayrim manbalarga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni Amerikadan vyertolyot, pilotsiz uchqich, snayper miltiqlari va pistoletlarni so‘rab ulgurgan ham.

Bundan tashqari, yaqindagina O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Elyor G‘aniyev yetakchiligidagi delegatsiya Vashingtonda bo‘lib, O‘zbekiston-AQSh Biznes forumida ishtirok etib qaytdi.

Biznes forumning ertasiga Elyor G‘aniyevni qabul qilgan AQSh Davlat kotibi O‘zbekistonda inson huquqlari o‘nglanayotgani va siyosiy erkinliklar kengayayotgani haqidagi kuzatuvlaridan so‘z ochdi.

Boshqacha aytilsa, tomonlar o‘rtasidagi harbiy hamkorlik 2005 yil Andijon voqealaridan oldingi holiga qaytish arafasida.

Faqatgina unda AQShdan harbiy ko‘mak olish imkoniga ega bo‘lgan O‘zbekiston tomoni buning evaziga Vashington ixtiyoriga Qarshi-Xonobod harbiy bazasini ham taqdim qilgan edi.

"Kommersant‘"ning yozishicha, hozir Rossiya tomonini aynan harbiy baza masalasining AQSh-O‘zbekiston harbiy hamkorligi kun tartibiga chiqishiyu biror bazaning Amerikaga berilishi ehtimoli xavotirga solmoqda.

Rossiya diplomatlaridan birining ushbu nashrga aytishicha, shunga qaramay, Moskva prezident Karimov hukumatining Vashington mulozimlari bilan izchil yaqinlashuviga biroz skeptik nazar bilan qaramoqda.

"O‘zbekiston ShTTdagi muhim hamkorlardan biri. Toshkent bu imkondan siyosiy, iqtisodiy va harbiy-taransport sohasiga oid maksimum foydani undirishga harakat qilmoqda. Ammo, Toshkentdagilar AQShning Muborak va Qaddafiy singari do‘stlari holi ne kunga tushganini yaxshi biladi" deya iqtibos keltirdi "Kommersant‘" Rossiyaning Markaziy Osiyoga mas‘ul diplomatlaridan biridan.

Bundan tashqari, prezident Karimov Vashington bilan munosabatlarda bu gal yanada uzoqroq borib, janubiy viloyatlardagi harbiy bazalaridan birini taqdim etishini, aftidan, Moskvadagilar e‘tibordan soqit qilmoqda.

"Bu holda Toshkent nafaqat Rossiya, balki Xitoyning ham manfaatlariga qarshi chiqqan bo‘ladi va buning oqibati yomon", deya ogohlantiradi, jumladan, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi mulozimi "Kommersant‘" nashri bilan suhbatda.

O‘zbekiston-AQSh o‘rtasidagi hozirgi munosabatlarni kuzatayotgan tahlilchi Deydre Taynan hozirga kelib, O‘zbekiston-Rossiya munosabatlari ham avvalgidan o‘zgachaligi va xususan, ShTT borasidagi Toshkent yutuqlari Moskva uchun yangilik emasligini taxmin qiladi.

- Yaqinda Wikileaksda oshkor qilingan ma‘lumotlarda ham Rossiyaning ShTT tarmog‘iga hech bir e‘tirozi bo‘lmagani va aksincha, boshdan buyon bu loyihani quvvatlab kelayotgani aytilgan edi. Ya‘ni, O‘zbekistonning bu tarmoqqa oid Vashington bilan yangi kelishuvlari Rossiya uchun yangilik bo‘lmaydi va Rossiya-O‘zbekiston o‘rtasidagi kelishuvlarga zid ham kelmaydi, - deb hisoblaydi Deydre Taynan.

Hozir Shimoliy tarmoq orqali Afg‘onistondagi amaliyotlarga qaratilgan noharbiy yuklarning 60 foizi tashilmoqda.

Qolgan 40 foiz miqdordagi yuk esa Pokiston orqali yetkazilmoqda.

Pokistonda NATO karvonlariga ketma-ket jiddiy hujumlar va so‘nggi oylarga kelib, Vashington va Islomobod o‘rtasidagi munosabatlarning sovuqlashgani Barak Obama ma‘muriyatini O‘zbekiston orqali o‘tuvchi ShTTga ko‘z tikishga majbur qilmoqda.
XS
SM
MD
LG