Линклар

logo-print
Qashqadaryo viloyat Chiroqchi tuman markaziy bozorida huquq-tartibot idoralarining maxsus otryadi reyd o‘tkazib, savdogarlarni kaltakladi.

3 oktabr kuni huquq tartibot idoralarining maxsus otryadi Qashqadaryo viloyat Chiroqchi tuman markaziy bozorida reyd o‘tkazdi.

Chiroqchilik Sa‘dulla Holimov oilasining bozorda do‘koni bor. Uning Ozodlikka aytishicha, mahalliy hokimlik vakillari 11 yildan buyon bozorni boshqa joyga ko‘chirishga harakat qilayapti.

Holimovga ko‘ra, 3 oktabr kuni bozordan ko‘chishga norozilik bildirgan savdogarlarni militsiya maxsus kuchlari to‘qmoqlar bilan kaltaklagan.

- 3 oktabr kuni militsiya aralashib, uzoqdan bir gruppa komandalarni olib kelib dubinkalar bilan urib, soldi barchani. Soliq inspeksiyasi, IIB vakillari, viloyatdan ham 15-20 ta dubinkali militsiyalar bor, mashinasi bilan chaqirtirib tazyiq o‘tkazib yotibdida. Tashqarida savdo qilishiga ham qo‘ymay urishib, bosim qilayaptida. Odamlar chiqmayman deb to‘polon qilib janjal qildi. Hammasini kechqurun urib, so‘kib, do‘konlardagi tovarlarini Damaslarga majburiy ortib “Agar chiqsang, anavi bozorga bor. Bo‘lmasa uyingga olib borib tashla” deb chiqarib qo‘ydi,- deydi Sa‘dulla Holimov.

Savdogarlarga ko‘ra, uch kundirki bozor yopib qo‘yilgan. Bozorning to‘rtta darvozasi oldida bir yarim metrcha chuqurlik qazib, ichkariga kirish yo‘llari butunlay berkitilgan.

Savdogarlar yangi bozorning aholi yashaydigan hududdan ancha uzoqda joylashgani va sharoitlarning yo‘qligi bois ko‘chishni xohlamyotganliklarini aytadi Holimov.

- Yangi joyda mahsulotlarni saqlaydigan joylari ham yo‘q. Ochiq maydondan boshqa yeri yo‘q uning. 2002 yillarda qurilgan bozorga 2008 yilda bir haydaganda odamlar yozuv-chizuv qilgandan keyin talabga javob bermaydigan holatligi aniqlanib to‘xtatib qo‘yishgan edi. “Bu yerda suv, gaz bo‘lmaydi, 500 metr nariyoqda infeksionniy bolnitsa. Qishloq xo‘jaliklari mahsulotlari sotish mumkin emas” deb qaytib kelgan edik 2008 yilda. Yana o‘sha yoqqa o‘tasizlar deyapti,- deydi Holimov.

Ozodlik muxbiri Chiroqchi tuman markaziy bozori direktori Botir Amirqulov bilan bog‘lanib, bozorga kelgan maxsus otryad to‘g‘risida so‘radik.

- Otryad kelgani yo‘q. Prosto o‘zi bitta-yarimta janjal qilib, boshqa qilmasin deb xavfsizlikni ta‘minlash bo‘yicha o‘zimizning odamlar turibdi. Hech qanaqa otryad yo‘q. Militsiya xodimlari, soliq xodimlari o‘sha yerda tushuntirish uchun, ertaga janjal-panjal bo‘lmasin deyish uchun turishibdi,- deydi Amirqulov.

Shuningdek, Botir Alimqulovga ko‘ra, Chiroqchi tuman markaziy bozori qayta ta‘mirlanayotgani bois savdogarlar boshqa bozorga vaqtincha ko‘chiriladi va ta‘mirlash ishlari tugagach savdogarlar yana o‘z o‘rinlariga qaytariladi.

- Bozor qayta rekonstruksiya qilinayapti. Hokimning qarori chiqqan. Shu bo‘yicha ikkita bozor qurilgan. Rayon markazida dehqon bozori, qo‘shimcha buyum bozori. Buyum bozori bilan dehqon bozori bir joyda edida shu vaqtgacha. Shu ikkala bozorga tadbirkorlar ko‘chirilayapti, bozorni qayta rekonstruksiya qilish uchun. Hokim ham bugun tadbirkorlar bilan ikki marta gaplashdi. Tushuntirishayapti. Bozorning qayta rekonstruksiya qilinishiga 4 oy ketadimi, 5 oy ketadimi, hozircha vaqtincha yopiladi. Keyin savdogarlar qaytadi. Boshqa holat yo‘q. Hech qanaqa problema yo‘q,- dedi Botir Amirqulov.

Chiroqchidan olingan so‘nggi ma‘lumotga ko‘ra, mahalliy xokimlik savdogarlarning noroziliklari ortidan bozorni butunlay yopmaslikka qaror qilgan.

Chiroqchi tuman bozorida oziq-ovqat, kiyim kechak va chorva mahsulotlari sotiladi. Bozor nafaqat chiroqchiliklarga, balki, Shahrisabz, Yakkabog‘, G‘uzor va Qamashi tumanlari aholisiga ham xizmat ko‘rsatadi.
XS
SM
MD
LG