Линклар

Jizzaxda aholi qo‘ylari kimga yem bo‘ldi?


Jizzaxliklar har bitta qo‘yiga oyiga 4 ming so‘mdan haq to‘lab, yollanma cho‘ponlarga boqtiradi.

Jizzaxliklar har bitta qo‘yiga oyiga 4 ming so‘mdan haq to‘lab, yollanma cho‘ponlarga boqtiradi.

Paxtakor tuman hokimi boshchiligida Jizzax tumanidagi aholi qo‘ylari daladayoq so‘yib, olib ketilgani aytilmoqda.

Jizzax viloyatining Jizzax tumanidagi aholi qo‘ylarini boqib yurgan va ismi oshkor qilinmasligini so‘ragan cho‘pon ixtiyoridagi 6ta qo‘y dalayoq so‘ydirilib, olib ketildi.

Cho‘pondan olingan ma‘lumotga ko‘ra, u va sherigi qo‘ylarni boqib yurgan joyga bir necha kun muqaddam Paxtakor tumani hokimi, IIB rahbari va 6 nafar militsiya xodimi qassob bilan kelgan.

Bu cho‘ponda qo‘yini boqtirgan Jizzaxliklardan biri Toshpo‘lat Qobilov voqeani shunday hikoya qilib berdi.

- Olti nafar militsiya xodimi, hokimni o‘zi, yana bitta qassob bo‘lgan. Ikkita cho‘pon kanal bo‘yicha boqib yurgan ekan qo‘ylarni. Kela solib, so‘yib-so‘yib olib ketganda,- deydi jizzaxlik suhbatdoshlarimizdan biri.

Uning aytishicha, cho‘ponlar aholi qo‘ylarini boqayotganini aytib, e‘tiroz bildirishga uringan, ammo ularga hech kim quloq solmagan.

- O‘zimiz saralab olamiz, degan. Cho‘pon "orriqlarini olinglar hech bo‘lmasa", desa ham quloq solmagan. Semiz-semiz qo‘chqorlardan bir oltitasini dalaning o‘zida so‘ydirib, olib ketgan. "Nima gaping bo‘lsa, bor hokimingga ayt", degan cho‘ponga. Qo‘ylarni nimaga so‘ydirishganini aytmaganda. Biz endi hasharchilarga bo‘lsak kerak, deyapmiz endi,- deydi Jizzax tumanida istiqomat qiladigan Toshpo‘lat aka.

Voqeadan biroz o‘tib, dalaga borgan bu suhbatdosh cho‘ponga berilgan 10dan ortiq qo‘yini o‘sha zaohityoq qaytarib olib kelganini aytdi.

- O‘zimining tumanga haydab olib o‘tdikda, darrov uyga olib kelib qo‘ydik. Kim biladi, yana qolganlarini ham so‘ydirib olib ketsa-chi?!- deydi jizzaxlik bu suhbatdoshimiz.

Odamlarning oltita qo‘yini dala o‘rtasida bo‘riga oldirganday, kuyib qolgan cho‘pon endi bu qo‘ylar haqqini o‘zi to‘lashga majbur bo‘lmoqda. U bilan bilvosita bog‘lanishimizga ko‘mak bergan jizzaxlik suhbatdoshimiz Toshpo‘lat Qobilovga javoban cho‘pon: "O‘zim to‘laymanda endi. Boshqa chora yo‘q", debdi.

Ozodlik muxbiri bu hodisaning bosh qahramoni ekani aytilgan Paxtakor tumani hokimi Ergash Soliyev bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. Hokim janoblari bunday voqea bo‘lganini mutlaq inkor qildi.

- Bunday voqea bo‘lmagan. Bu noto‘g‘ri ma‘lumot,- dedi Paxtakor tumani hokimi Ergash Soliyev.

Bu aksiyada ishtirok etgani aytilgan Paxtakor tumani IIB rahbariyati bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Ammo, Jizzaxda bu yilgi paxta yig‘im-terim kampaniyasini kuzatib kelayotgan inson huquqlari himoyachisi Baxtiyor Hamroyev o‘z manbalariga tayangan holda rasmiylarning bu inkorlarini keskin tanqid qildi.

- Shu ishni qildik, dermidi?! Demaydida. Hasharchilarga berilayotgan oziq-ovqat masalasi chatoq bu yil. Mana mening o‘g‘lim paxtaga chiqayapti. Surishtirsam, bergan ovqati- vyermishel, makaron, yana vyermishel, yana makaron. "Chumchuqning kallasidek go‘sht yo‘q kosada", deyapti.

Huquq faoli shaxsan dalaga borib, kollej o‘quvchilariga berilayotgan taomni ko‘zdan kechirganini aytar ekan, kollej rahbariyatiga arz qilganini qo‘shimcha qildi.

- Shundan keyin sal o‘nglanganday bo‘ldi. Lekin yana shu ahvol. Faqat bir marta - O‘qituvchilar va murabbiylar kuniga osh damlanibdi, xolos. Bo‘lmasa, bu bolalar tergan paxtaning 70 foiz haqqi ovqatga olib qolinadi va shuncha pul evaziga faqat makaron va vyermishel berilyapti. Bu har doim shunday bo‘lib kelgan,- deydi jizzaxlik huquq faoli Baxtiyor Hamroyev.

Jizzax tumanida aholi mol-qo‘ylarining so‘ydirib olib ketilishi ilk bor kuzatilayotgani yo‘q.

Bunga qadar ham paxtaga tushib ketgani aytilib, aholi mollarining dala boshidayoq so‘ydirilgani kuzatilgan edi. Huquq faollariga ko‘ra, o‘shanda ham bu ishni tuman hokimligi mutasaddisi, militsiya xodimlari va qassobdan iborat guruh bajargan edi.

Bundan tashqari, ayni sabab bilan bisotidagi bittagina sigiri so‘yilib, mablag‘i davlat hisobiga o‘zlashtirilganini aytib, xorazmlik tinglovchi Tohirjon ham Ozodlikka bog‘langan edi.

- Moling paxtaga tushdi, dedida shartta dalaning o‘zida so‘yib, olib ketdi go‘shtini. Hozir kim molini paxtaga tushiradi. Hamma qo‘rqib qolganku. Bu bir bahona bo‘ldida, shu bilan bittagina molim ketdida,- degan edi ayni paxta terimi avjida kattagina sigiridan ayrilgan xorazmlik Tohirjon.

Ammo qo‘shimcha qilish kerakki, so‘yilgan mol-qo‘ylarning egalari o‘zlashtirilgan go‘sht hasharchilarga tortiq qilinganini taxmin qilmoqdalar, xolos.

Mol-qo‘ylar nega va qay asosda so‘yilmoqda, fuqaro shaxsiy mulkining bu tahlit tortib olinishi qaysidir shaklda hujjatlarda bitilayaptimi va nihoyat, go‘sht haqiqatda hasharchilarning qozoniga borib tushayaptimi yoki yo‘qmi - bu savollar ochiq qolmoqda.
XS
SM
MD
LG