Линклар

logo-print
“Bojxona ittifoqi va yagona iqtisodiy hudud istiqbolda Yevrosiyo ittifoqi uchun asos bo‘lishi mumkin”.

Bu haqda Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinning “Izvyestiya” gazetasida chiqqan “Yevrosiyo uchun yangi integratsion loyiha bugun tug‘ilayotgan kelajakdir” nomli maqolasida aytiladi.

O‘z maqolasida Putin 2012 yilning 1 yanvaridan to‘laqonli faoliyat boshlaydigan Rossiya, Belorussiya va Qozog‘iston yagona iqtisodiy hududi kabi muhim integratsion loyiha faqat bu uch mamlakat uchun emas, balki postsovyet hududidagi barcha davlatlar uchun tarixiy davr bo‘lishini ta‘kidlaydi.

2011 yilda ishga tushgan Bojxona ittifoqi va yangi yildan ishlay boshlaydigan Rossiya, Belorussiya va Qozog‘iston yagona iqtisodiy hududi afzalliklarini sanab o‘tgan Vladimir Putin bu loyihalar “kelajakda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqini shakllantirish uchun zamin yaratishi”ni qayd etadi.

Rossiya Bosh vaziri iddaosiga ko‘ra, integratsiyaning keyingi yuqori bosqichi Yevrosiyo ittifoqining yaratilishi bo‘ladi.

“Gap u yoki bu shaklda SSSRni qayta tiklash haqida ketayotgani yo‘q, biroq yangi qadriyatlarga oid, siyosiy, iqtisodiy asosdagi tig‘iz integratsiya bu davr talabidir”, deb yozadi Putin.

Bu loyihaning ochiq loyiha ekanini ta‘kidlagan Rossiya Bosh vaziri unga boshqa hamkorlar va eng avvalo, Hamdo‘stlik mamlakatlari qo‘shilishi olqishlanishini, biroq bunga hech kim majbur qilinmasligini urg‘ulaydi.

“Ayrim qo‘shnilarimiz postsovyet hududida biz olg‘a surayotgan integratsion loyihalarda ishtirok etishni istamayotganlarini bu ularning yevropacha tanloviga zid kelishi bilan izohlamoqdalar”, der ekan Putin buning “xato yo‘l ayrilishi” ekanini ta‘kidlaydi.

“Biz kimlardandir masofalanmoqchi ham, kimgadir qarshi bo‘lmoqchi ham emasmiz. Yevrosiyo ittifoqi erkinlik, demokratiya va bozor qonunlarining yagona qadriyatlari asosida birlashgan Katta Yevropaning ajralmas qismi sifatida univyersal integratsion tamoyillar ustiga quriladi”, deb yozadi Vladimir Putin.

Rossiya Bosh vaziriga ko‘ra, Yevrosiyo ittifoqining tashkil etilishi mazkur birlashma ishtirokchilariga XXI asrdagi murakkab dunyoda munosib o‘rin egallashga, global o‘sish liderlari safiga qo‘shilishga, farovonlik va muvaffaqiyat erishishga imkon yaratadi.

Ayrim kuzatuvchilar Vladimir Putinning mazkur maqolasini 2012 yili Rossiyada o‘tkazilajak prezidentlik saylovlari oldidan amalga oshirilayotgan piar-qadam o‘laroq baholamoqdalar. Ularga ko‘ra, Rossiya Bosh vaziri bu bilan o‘zining mamlakat ichkarisi va yaqin xorijdagi, xususan, postsovyet mamlakatlaridagi obro‘-e‘tiborini oshirishni rejalagan.

Putin maqolasidagi mulohazalar SSSR davrini sog‘inib yurgan postsovyet diyorlari oddiy fuqarolari qulog‘iga qanchalik yoqsa, mustaqillik davrida muayyan resurslarga ega bo‘lib, endilikda ulardan voz kechishni istamayotgan siyosiy elitani shu qadar xavotirga solib qo‘yadi, demoqda kuzatuvchilar.
XS
SM
MD
LG