Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:47

O‘quvchilar tarafini olgan o‘qituvchi paxtazorda kaltaklandi


Paxta yetishtirishda bolalar mehnatidan foydalanayotgan O‘zbekiston rasmiylari ularga hech bo‘lmaganda haqqini vaqtida bermayotgani aytilmoqda.
Paxta yetishtirishda bolalar mehnatidan foydalanayotgan O‘zbekiston rasmiylari ularga hech bo‘lmaganda haqqini vaqtida bermayotgani aytilmoqda.
Huquq faoli Ziyodulla Razzoqovni maktab va O‘zbekistonni yomonotliq qilganlikda ayblagan maktab direktori kaltakladi.

Jizzaxning Zarbdor tumanida istiqomat qiladigan maktab o‘qituvchisi va huquq faoli Ziyodulla Razzoqov 3 oktabr kuni kechki payt o‘zi ishlaydigan maktab direktori uni paxta dalasida kaltaklaganini aytmoqda. Unga ko‘ra, Sharof Rashidov nomli 1-umumiy o‘rta ta‘lim maktabi rahbari uni xorijiy ommaviy axborot vositalarida noto‘g‘ri ma‘lumotlar bilan chiqish qilib, maktab sha‘niga dog‘ tushirayotganlikda ayblagan.

- Meni paxta dalasida o‘quvchilar va o‘qituvchilar ko‘z o‘ngida qattiq kaltaklashdi. O‘z maktabimizning direktori Baxtiyor Elmurodov kaltakladi. "Nega maktabiimizda bo‘layotgan holatlarni Yevropadagi axborot vositasiga, ya‘ni Ozodlikka berasan?" deb kaltakladi,- deydi Ziyodulla Razzoqov.

Huquq faoli bundan biroz muqaddam o‘zi ishlaydigan maktab o‘quvchilariga paxta tergani uchun beriladigan haq kechikayotgani hamda o‘quvchilar o‘z yonidan 400 so‘mdan pul to‘lab, paxtaga borib kelayotgani haqida Ozodlikka xabar bergan edi.

Z. Razzoqovning aytishicha, shu xabardan bir necha kun o‘tib paxta dalasiga bir kishi kelgan.

- Shu orada bittasi paxta dalasiga keldi va o‘quvchilar bilan erkin muloqot o‘tkazdi. "Necha kunlik paxta pulini olmadinglar?", dedi. Bolalar "Sakkiz kunlik", dedi. Keyin: "Avtobusga qancha beryapsizlar?" deb so‘radi. "400 so‘mdan", deyishdi,- deydi huquq faoli.

Bu noma‘lum shaxs vaziyatni o‘rganib ketganidan bir necha kun o‘tib, ya‘ni 3 oktabr kuni bolalarga besh kunlik tergan paxtasi uchun pul tarqatila boshlagan va bolalardan yo‘l kira uchun 400 so‘mdan haq olish ham to‘xtatilgan. Ammo, aftidan, muammoning hal qilinishi barobarida maktab direktoriga ham qattiq gap tekkan va u buning uchun o‘qituvchidan dalaning o‘rtasida, u rahbarlik qilayotgan 8-sinf o‘quvchilarning ko‘z o‘ngida o‘ch olgan.

Z. Razzoqov: "Neki haqorat va kaltaklash bo‘lsa, chidab berishga majbur bo‘ldim", demoqda.

- Men ursam, bilasizmi: "Tan jarohati oldi boshqa", deydida meni oson yo‘l bilan jazoga tortishadi. Shuning uchun men to‘yganingcha ur, dedimda turavyerdim. To‘ygunicha urvoldi. Keyin o‘qituvchilar kelib ajratishdi.

Huquq faoli, tan jarohati olgani oqibatida boshi og‘riyotganini qo‘shimcha qildi.

Z. Razzoqovdan olingan ma‘lumot asosida Ozodlik muxbiri Jizzax viloyati Zarbdor tumani 1-umumiy o‘rta maktabning direktori bilan ham suhbatlashishga urindik.

Unga tegishli deb berilgan va oxirgi uchta raqami "067" bilan tugaydigan telefon bilan bog‘landik va quyidagi javobni oldik.

Ozodlik: Assalomu-alaykum, Baxtiyor aka sizmisiz?

- Ha menman, yaxshimisiz?

Ozodlik: Rahmat shukr, Baxtiyor aka Elmurodovsiz-a, aka?

- Ha, ha, ha.

Ozodlik: Baxtiyor aka, men jurnalistman, Barno Anvarman. Ozodlik radiosidan...

- Yo‘q, bu boshqa telefon bu, boshqa, boshqa...

Ozodlik: Baxtiyor aka...

- Boshqaga tushyapsiz siz, boshqaga...,- deyilgan javobdan so‘ng telefon o‘chirib qo‘yildi.

Shu tariqa, 8-9 sinf o‘quchilarining ham paxtaga chiqarilishi, ham buning uchun o‘z hisobidan 400 so‘mdan pul to‘lab, bolalarning dalaga borib kelishi, ham haftalab bu bolalarga mehnat haqqi berilmayotganiga qarshi chiqqan o‘qituvchisini kaltaklagan maktab direktoridan bu harakatlari uchun izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Ammo, eng muhimi, o‘qituvchi va inson huquqlari faoli Ziyodulla Razzoqov ko‘targan muammolardan ikkitasining ijobiy hal etilgani bo‘lmoqda.

- Voyaga yetmagan o‘quvchilar paxta dalasiga chiqib, o‘zining paxta terimidan topgan pulidan 400 so‘m avtobusga yo‘lkira uchun haq to‘lashi kuni kecha bekor qilindi. Sakkiz kunlik tergan paxtasi ololmagan pullarini kecha olishga muyassar bo‘ldi. Lekin, lekin men buning uchun faqat haqoratlandim va qattiq kaltaklandim, - deydi inson huquqlari faoli bo‘lgan maktab o‘qituvchisi Ziyodulla Razzoqov.

Shu vaqtga qadar o‘quvchilar, o‘qituvchilar, fermerlar va oddiy ahoil vakillari huquqlarini himoya qilib kelgan 45 yoshli inson huquqlari himoyachisi, Inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkilotining Jizzax viloyati bo‘yicha vakili Ziyodulla Razzoqovning o‘zi bu gal huquqiy himoyaga muhtoj bo‘lmoqda.

- Albatta, men Ichki ishlarga murojaat qildim. Menda hamma faktlar bor va marhamat, davlatimiz bu insonning menga qilgan munosabatini tekshirib ko‘rsin, zarur choralarni ko‘rsin! Men qonun doirasida o‘z haqqimni himoya qilaman, tabiiyki, - deydi huquq faoli.

Zarbdor tumani Ichki ishlar bo‘limidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, tan jarohati olgan va tez tibbiy yordamga murojaat qilishga muhtoj bo‘lgan o‘qituvchi Ziyodulla Razzoqovning arizasi qabul qilingan, qayd etilgan va ayni kezda maktab direktori Baxtiyor Elmurodovning harakatlari ustidan surishtiruv ishlari bormoqda.
XS
SM
MD
LG