Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:29

4 oktabrdan Green Card tanlovi boshlandi


AQShda doimiy yashash va ishlash haqqini beruvchi Green Card lotereyasiga ro‘yxatdan o‘tish 4 oktabrdan boshlandi.

Yashil kartaga start berildi


AQSh Davlat Departamenti 2013 yil uchun “Turli Millat Vakillari uchun Immigratsion Vizalar” - Green Card, ya‘ni Yashil karta lotereyasiga ro‘yxatga olish jarayoni 4 oktabrdan 5 noyabrgacha ochiq bo‘lishini e‘lon qildi.

Amerika – “Sehrli diyor”da yashash ishtiyoqida bo‘lgan o‘zbekistonliklar bir oy mabaynida o‘z omadlarini sinab ko‘rishlari mumkin.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi ma‘lumotiga ko‘ra, o‘zbekistonliklar 4 oktabr, seshanba kuni, Toshkent vaqti bilan soat 21:00 dan boshlab ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Ro‘yxatga olish davri 2011 yil, 5 noyabr, shanba kuni, Toshkent vaqti bilan 21:00 da tugaydi.

AQSh hukumati har yili immigratsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgan mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari uchun “Turli Millat Vakillari uchun Immigratsion Vizalar” dasturi orqali AQShda doimiy yashash huquqini beruvchi vizalar ajratadi.

Har yili dunyo bo‘yicha jami 50000 odam ana shunday huquqni qo‘lga kiritadi.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, yildan yilga Amerikaga ketish orzusida Green Card lotereyasini o‘ynayotgan o‘zbekistonliklar soni oshib bormoqda.

Ikki farzandning onasi Anora ana shunday orzumandlardan biri. Anora 4 oktabr ertalabdan Green Card uchun elektron ravishda ariza topshirish harakatlarini boshladi. Mutaxasisligi bo‘yicha yurist bo‘lgan Anora O‘zbekistonda yashash istagi yo‘qligi bois lotereya o‘ynashga qaror qilganini aytadi.

- Men o‘zi yuristman. Farqi yo‘q menga qayerda yashashni. O‘zbekiston bo‘lmasa bo‘ldi. Qayerda bo‘lsa ham qonuniy yashash istagim bor. Amerikami, Norvyegiyami, Shvyesiyami farqi yo‘q menga. O‘sha yerda o‘qib mutaxassisligim bo‘yicha kelajakda malakamni oshirish. Yana farzandlarimning kelajagi uchun. Shuning uchun Green Card ga topshirayapman,- deydi Anora.

Anora O‘zbekistonda nima uchun yashash istagi yo‘qligini izohlamadi.

Bu yil 4800 o‘zbekistonlik Green Card sohibi bo‘ldi


Joriy yil Green Card o‘yini har yilgidan farqli ravishda ikki marta o‘ynaldi. Dastlab 1 may kuni g‘oliblar aniqlandi, biroq ko‘p o‘tmay kompyuterdagi noqislik bois lotereya natijasi haqiqiy emas, deb topildi.

15 iyul kuni lotereya qaytadan o‘ynaldi. Yutuqdan mosuvo qolganlardan 36 nafari AQSh Davlat departamentini sudga berdi. Ular orasida o‘zbekistonliklar ham borligi aytildi.

Lotereya qayta o‘ynalgach e‘lon qilingan natijalarga ko‘ra, 4800 o‘zbekistonlik okean ortida yashash huquqini qo‘lga kiritdi.

O‘tgan yili lotereyada g‘olib chiqib, AQShga ketgan o‘zbekistonliklar soni esa 5 mingdan ortgan edi.

Bu yil Green Card olganlar o‘zbekistonliklar soni o‘tgan yilgiga nisbatan kamroq bo‘lsa-da, O‘zbekiston "Yashil karta" olganlar soni bo‘yicha jahonda birinchi o‘ntalikka kiradi. Sobiq ittifoq davlatlari orasida esa Ukrainadan keyin ikkinchi o‘rinda.

Har yili dunyo bo‘ylab 14 millionga yaqin odam Green Card lotereyasida ishtirok etadi va ulardan faqat 50 ming odamgina okean ortiga ketish imkonini qo‘lga kiritadi.

Xorazm viloyatining Urganch shahrida yashovchi 28 yoshli Feruza Yusupova millionlar orasida omad kulib boqqanlardan biri.

- Birinchi marotaba o‘ynashimdayoq yutuq chiqdi. Men o‘zim kutmagan edim. Juda ham xursand bo‘lib ketdim. Besedadan yaxshi o‘tdim. Keyin menga viza berishdi. Orzu qilganman Amerikada yashashni. Qarindoshlarim, ota-onam, hammasi quvondi. “Ketavyer. Amerikaning sharoitlari, imkoniyatlari bu yerdan yaxshi. Qiynalmaysan” deyishdi. Ketma, deyishmadi. "Ko‘p narsani o‘rganasan, iqtisodiy tomonlama ham yaxshi bo‘ladi", deyishdi. Hammadan ham erim xursand bo‘ldi,- deydi Feruza Yusupova.

Hozirda bir yarim yoshli qizchasi va eri bilan Amerikaga ketish taraddudida bo‘lgan Feruza allaqachon xorijdagi hayotini rejalashtirib ham qo‘ygan.

- Rejalarimiz ko‘p. Birinchi navbatda til o‘rganmoqchiman. Ingliz tili kurslariga borib til o‘rganmoqchiman. Mashina olish rejamiz bor. Haydovchilik bo‘yicha o‘qidim. Xorazmda salonda ishlaganman. Amerikada xususiy sartaroshxona ochish niyatlarimiz bor. Tort, pishiriqlar pishirishni bilaman. Kichkina beykeri ochish niyatimiz bor. Uni endi birdaniga yo‘lga qo‘ya olmaymiz. Keyinchalik bir-ikki yildan keyin o‘zlarimiz oyoqqa turib hammasini sekin-astalik bilan. Keyinchalik yana o‘qish niyatlarim ham bor. Til o‘rganib, ishga kirgandan keyin huquqshunoslikka o‘qish niyatlarim bor. Bu endi keyinchalik. Buni birdaniga baribir qila olmayman,- dedi Feruza Yusupova.

"Baribir ketaman Amerikaga"


Ayrim o‘zbekistonliklar Amerikada yashash ishtiyoqi kuchliligidan yillar davomida Green Card lotereyasini o‘ynaydilar. “Bu yil bo‘lmasa, keyingi yil albatta omad kulib boqar” deb har yili lotereyada qatnashish uchun ariza topshiradigan o‘zbeklar ham kam emas.

Chinozlik 39 yoshli Shokirjon aka to‘rt yildan buyon Green Card lotereyasini o‘ynaydi. Shokirjon aka Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda to‘rt farzandining kelajagi uchun Amerikada yashashni orzu qilayotganini aytadi.

"Men baribir niyatimga yetaman. Bu yerda bolalarimni kelajagi yo‘q. O‘zimga o‘xshab yashashlarini xohlamayman. Amerikaga borishsa ularning hayoti o‘nglanishiga ishonaman. Shuning uchun har yili topshirayapman. Bolalarim voyaga yetguncha chiqib qolar bizga ham yutuq", deydi Shokirjon aka.

"Green Card dan hafsalam pir bo‘ldi"


Farg‘ona viloyati So‘x tumanida yashovchi Maxsim Nazirov ham ushbu lotereyani o‘ynagan, biroq yutuq unga nasib qilmagan.

- Green Card ni o‘ynadim. Keyin yutuq kelmadi. Green Card ga ham ishonch yo‘qda. Masalan 1000tadan bir odam yutsa yutadi. Yutmasa yuta olmaydi. 90 foiz ham ishonch yo‘q. 10 foiz ishonish mumkin. Shuning uchun o‘ynamay qo‘ydim. Lekin Samarqanddan ko‘pchilik yutadi. Men hayron qolaman shu narsaga. Bir akaxonimizni bilaman samarqandlik. Birga o‘ynaganmiz. O‘sha akaga yutuq keldi. U ketdi oilasi bilan. Hozir o‘sha yoqda ishlayapti, deydi M. Karimov.

Maksim samarqandliklar Green Card lotereyasini o‘ynashda omadli ekanliklari haqida gapirdi.

Uning bu gapini rasmiy ma‘lumotlar ham tasdiqlaydi. Har yili Green Card g‘olibi bo‘ladigan o‘zbekistonliklarning 63 foizini samarqandliklar, 28 foizini esa toshkentliklar tashkil qiladi.
XS
SM
MD
LG