Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:53

YeI deputatlari o‘zbek paxtasini imtiyozdan mahrum qildi


Bolalar mehnati evaziga terilayotgan o‘zbek paxtasini Yevropada sotish uchun berilgan imtiyoz bekor qilindi.

Yevropa Parlamenti qoshidagi Tashqi ishlar qo‘mitasi a‘zolari 4 oktabr kuni Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida 1999 yili imzolangan Sherikchilik va Hamkorlik kelishuviga to‘qimachilik sohasidagi imtiyozlarning qo‘shilishiga qarshi yakdillik bilan ovoz berdilar.

Mazkur kelishuvdan ilk bor olib tashlanayotgan to‘qimachilik sohasidagi imtiyozlar¸ o‘zbek paxtasini Yevropa Ittifoqi hududlariga eksport qilish tariflarini kamaytirishni ko‘zda tutadi. Ittifoq hududi esa¸ o‘zbek paxtasining to‘liq to‘rtdan bir qismi sotilayotgan kattagina bozordir.

O‘zbek paxtasi savdosi uchun berilgan imtiyozlarga qarshi chiqqan YeI deputatlari¸ bu masala qayta muhokamaga qo‘yilishi uchun xalqaro tashkilotlarning bevosita O‘zbekistonga borib¸ paxta terimida bolalar xizmatidan foydalanilmayotganini tasdiqlab berishini shart qilib qo‘ydilar.

"O‘zbekiston paxtasi eksporti uchun berilgan imtiyozlarni kelishuvga qayta qo‘shish masalasi faqat xalqaro kuzatuvchilar¸ jumladan Xalqaro mehnat tashkiloti vakillariga paxta mavsumini bevosita¸ hech qanday to‘siqlarsiz kuzatish imkoni berilganidan so‘nggina Parlamentda ovozga qo‘yiladi"¸ deyiladi seshanba kuni Yevropa Parlamentining Tashqi ishlar qo‘mitasi qabul qilgan hujjatda.

Mazkur hujjat muallifi¸ Yevroparlamentning fransiyalik deputati Nikol Kiil-Niyelsen Ozodlik bilan suhbatda o‘z tashabbusining keng qo‘llab-quvvatlanganidan baxtiyorligini bildirdi.

- Yevropa Ittifoqi bunday amaliyotni qabul qilmasligi lozim va masala hech qanday mavhumliksiz¸ hammaga ochiq-oydin bo‘ldi. Men bundan xursandman¸ dedi fransiyalik deputat.

Yevropa Parlamenti deputatlari qabul qilgan hujjatda shuningdek¸ BMT qoshidagi Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekistonda ham milliy¸ ham mahalliy ko‘lamda bolalar mehnatidan foydalanishning tugatilganini ko‘rsatuvchi aniq islohotlarning amalga oshirilgani va jiddiy natijalarga erishganini tasdiqlamagunga qadar¸ Ittifoq hududida o‘zbek paxtasi savdosi uchun berilgan imtiyozlar masalasi ochiq qolajagi aytiladi.

O‘zbekiston hukumati paxta yig‘im-terimida bolalar majburiy mehnatidan foydalanib kelayotganini xalqaro minbarlardan turib rad etishiga qaramay¸ Xalqaro mehnat tashkiloti kuzatuvchilarini paxta mavsumida mamlakatga borib¸ vaziyatni bevosita o‘rganishiga ruxsat bermay kelayotir.

BMT Inson haqlari qo‘mitasida ayni masala yuzasidan hisob bergan Toshkent mulozimlari¸ bolalarni paxtaga hukumat emas¸ balki pulga o‘ch ota-onalar va fermerlarning o‘zi chiqarayotganini da‘vo qilgan edi.

Ammo Yevropa Parlamenti deputati Kiil-Niyelsen xalqaro jamoatchilik bunday yolg‘onga aldanmasligini ta‘kidlaydi:

- Bolalar kichik oilaviy xo‘jaliklar dalasida ishlatilayotgani yo‘q. Bu davlat miqyosida tashkillashtirilayotgan¸ majburlanayotgan mehnatdir. Bolalar paxta dalalariga tashilmoqda¸ ertadan kechga qadar dalaga tashlanmoqda va dalalar bo‘yida odamni qo‘rqitadigan sharoitlarda yashamoqda¸ deydi Yevroparlament deputatlari bir ovozdan qo‘llagan hujjat muallifi.

Xalqaro tashkilotlar hisob-kitobiga ko‘ra¸ har yil kuzda 9 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan 2 millionga yaqin bola maktab o‘rniga paxta dalasiga haydalmoqda.

O‘zbekiston hukumatini paxta mavsumida majburiy bolalar mehnatidan foydalanish amaliyotidan voz kechtirishga qaratilgan xalqaro bosim yildan-yilga kuchaymoqda va 2011 yil sentabriga kelib o‘zbek paxtasini boykot qilgan G‘arbdagi yirik kiyim-kechak va ulgurji savdo shirkatlari soni 60 dan oshdi.

O‘zbek paxtasining Osiyodagi asosiy xaridorlari bunday boykotga qo‘shilmayotgani bois¸ Toshkent rasmiylari boykotdan o‘z paxtasi savdosiga ziyon yetmayotganini da‘vo qilmoqda.

O‘zbekiston davlat byudjetining kattagina qismini to‘ldiradigan paxta savdosidan Toshkentning yiliga kamida bir milliard dollar daromad ko‘rishi taxmin qilinadi.
XS
SM
MD
LG