Линклар

2010 yilgi voqealardan keyin O‘sh davlat ijtimoiy universtiteti deb atala boshlagan oliygoh rasmiy qaydlarda hanuz Qirg‘iz-o‘zbek universiteti o‘laroq qolmoqda.

Mazkur oliygohning yangi nomi Qirg‘iziston Ta‘lim vazirligi tomonidan rasman tasdiqlanmagan va bu oliygoh jamoasining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

O‘shdagi Qirg‘iz-o‘zbek universiteti jamoasi oliygohni O‘sh davlat ijtimoiy universtiteti nomi bilan rasman tasdiqlanishini so‘rab bir yil davomida Qirg‘iziston hukumati va Ta‘lim vazirligiga 20 marta xat yozgan, bir necha marotaba norozilik namoyishiga chiqqan.

- Bu katta siyosiy masalaga aylandi. Universitetning “Qirg‘iz-o‘zbek” degan avvalgi nomi ikki millat o‘rtasiga chiziqcha qo‘yilib, bo‘lib turuvchi nom edi. Shu sababli bizning jamoa siyosiylashmagan, millat nomi aytilmagan, neytral nomlanishni olishni xohlagan. Bizning siyosatchilar esa shu kungacha, bir yilu uch oy bo‘ldi, bu masalani cho‘zib kelishayapti. Bu xalqning talabi, xalq talabi bajarilmayotganini ochiq aytishimiz kerak, - der ekan univyersitet vakili Qutmanali Abdirahmanov oliygoh nomini o‘zgartirish masalasi O‘sh voqealaridan avvalroq ko‘tarilganini qo‘shimcha qildi.

Unga ko‘ra, oliygoh jamoasi birinchi marotaba 2008 yilda univyersitetga Chingiz Aytmatov nomi berilishini so‘rab tegishli idoralarga murojaat qilgan.

Universitetning kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Chingiz Mamajaqip o‘g‘liga ko‘ra, oliygoh 2011-2012 o‘quv yili uchun talabalarni O‘sh davlat ijtimoiy universiteti nomi bilan qabul qilgan, biroq rasmiy hujjatlar shu kungacha Qirg‘iz-o‘zbek univyersiteti nomi bilan yuritilmoqda.

Qirg‘iz-o‘zbek universiteti 1996 yilda Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasidagi kelishuv asosida tashkil qilingan va oliygoh diplomi O‘zbekistonda ham tan olinishi to‘g‘risida hukumatlararo shartnoma imzolangan.

Qirg‘iziston Ta‘lim vazirligi matbuot kotibasi Keerez Jukeyevaning Ozodlikka aytishicha, shu sababli oliygoh nomini o‘zgartirish ikki davlat hukumatlari darajasida hal qilinuvchi masala bo‘lib hisoblanadi.

Keerez Jukeyevaga ko‘ra, shu yilning sentabr oyida Qirg‘iziston ta‘lim vaziri Qanat Sadiqov shaxsan universitet jamoasi bilan uchrashgan va uchrashuvda oliygohning O‘sh davlat ijtimoiy universiteti degan nomi qonuniy kuchga ega emasligini ma‘lum qilgan:

- Qirg‘iz-o‘zbek universiteti nomini o‘zgartirish masalasi bir yil avval oliygoh jamoati tomonidan ko‘tarilgan va shu yilning may oyida keskin shaklda qo‘yilgan. Vazir O‘sh viloyatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda: “Qirg‘iz-o‘zbek universiteti nomini Ijtimoiy universitet deb o‘zgartirish to‘g‘risidagi oliygoh jamoasining qarori hozircha qonuniy kuchga ega emas va bu oliy ta‘limdagi qisqa muddatli islohot loyihalarini hisobga olgan holda, huquqiy tartibga solinishi lozim”, deb aytgan. Ya‘ni bu masala hukumatlararo darajada hal qilinishi kerak, - dedi Keerez Jukeyeva.

Biroq Oliygoh rektori Idris Ergeshov oliygoh nomini o‘zgartirish masalasini Qirg‘iziston Ta‘lim vazirligi bir tomonlama hal qilishi kerak, deb hisoblaydi:

- O‘zimiz hal qilishimiz kerak. 1996 yili ikki hukumat o‘rtasida vazirliklar ishtirokida shartnoma tuzilgan. Biroq bu shartnoma 10 yilga tuzilgan va 2006 yili tugagan. Bizga O‘zbekiston tomonidan bir tiyin yordam bo‘lmagan. Bu masalani hal qilishga O‘zbekiston yordam berishi uchun ozgina moddiy yordam berilishi kerak-da. Bunday yordam yo‘q, bo‘lmagan, - dedi Idris Ergeshov.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, 2010 yil iyun voqealariga qadar Qirg‘iz-o‘zbek universitetida 8 ming nafar o‘zbekistonlik talaba bilim olgan. Qirg‘izistonda o‘tgan yili sodir bo‘lgan qonli voqealardan keyin O‘zbekiston o‘zining Qirg‘iziston bilan chegaralarini yopgani va shu kungacha ochmayotgani sababli o‘zbekistonlik talabalar o‘qishga kelmay qo‘ygan. Bundan tashqari, oliygohda O‘sh voqealarigacha 600 o‘qituvchi ishlagan bo‘lsa, hozir ular soni 300 kishini tashkil etadi.
XS
SM
MD
LG