Линклар

Insoniyatga qator buyuk ixtirolar taqdim etgan Apple shirkati asoschisi Steve Jobs 56 yoshida olamdan o‘tdi.

Agar Ozodlikning ushbu xabarini iPhone, iPad yoxud ustiga tishlangan olma surati tushirilgan Apple kompyuterlaridan birida o‘qiyotgan yoxud eshitayotgan bo‘lsangiz¸ demak siz ham Applening dunyodagi son-sanoqsiz shaydolaridansiz¸ demakki siz ham Jobs o‘limidan qayg‘udasiz.

Sakkiz yildan beri saratondan azob chekib kelganiga qaramay yangilik va tezlikka tashna dunyoga eng yangi¸ eng tez ishlovchi digital jihozlarni tortiq qilib kelgan Jobs uning navbatdagi kashfiyotini kutib yashashga o‘rganib qolganlarni yetim qoldirdi.

“Stiv oilasi davrasida tinchgina jon berdi. Biz uning o‘limidan ko‘pchiligingiz motam tutishingizni bilamiz¸ ammo hozirgi qayg‘uli kunlarda bizni xoli qo‘yishingizni so‘raymiz”¸ deyiladi San Fransiskoda yashaydigan Jobs oilasi chorshanba kechqurun e‘lon qilgan bayonotda.

Stiv Jobs Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevga taniqli iPhone 4 mobil telefonini taqdim etmoqda.

Stiv Jobs Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevga taniqli iPhone 4 mobil telefonini taqdim etmoqda.

“Stivning charaqlagan aqli¸ uning yangilikka tashnaligi va bu yo‘ldagi shijoati hayotimizni yaxshilagan son-sanoqsiz kashfiyotlar manbai bo‘lib keldi. Stivning xizmatlari bois bugungi dunyo tasavvur qilib bo‘lmas darajada yaxshiroq joyga aylandi”¸ deyiladi Jobs o‘limi munosabati bilan Apple shirkati e‘lon qilgan bayonotda.

2003 yildan beri oshqozon osti bezi saratonidan azob tortib kelayotgan Jobs joriy yil avgust oyida Apple shirkati raisi va bosh boshqaruvchisi lavozimidan iste‘foga chiqqan edi.

1976 yilda kursdoshi Stiv Vozniak bilan o‘z garajida Apple shirkatiga asos solgan Stiv Jobs¸ uni bugun dunyoga eng istalgan yuqori texnologiyali mahsulotlar yaratib bergan ulkan kashfiyotlar markaziga aylantira oldi.

- Voz va men otamning garajida Appleni boshlaganimizda men 20 yoshda edim. Biz qattiq mehnat qildik va 10 yil ichida Apple garajda o‘tirib ishlaydigan ikki yigitchadan 4000 mutaxassis xizmat qiladigan 2 milliard dollarlik shirkatga aylandi. Biz dunyodagi eng ajoyib mo‘‘jizalardan biri Macintoshni taqdim etganimizda¸ men 30 yoshda edim¸ degan edi Stenford universiteti talabalari davrasida Apple tug‘ilishni xotirlagan Stiv Jobs 2005 yilda.

Stiv Jobs dunyodagi eng yupqa noutbuk - MacBook Air taqdimoti marosimida.

Stiv Jobs dunyodagi eng yupqa noutbuk - MacBook Air taqdimoti marosimida.

Apple shirkati faoliyati turg‘unlikka tushib¸ Jobs uning o‘shandagi boshqaruvchisi bilan kelisha olmay qolgach¸ 1985 yilda u o‘zi yaratgan shirkatni tark etadi.

Bir muddat yuqori texnologiyalar dunyosida unutilgandek bo‘lgan Jobs 1996 yilda raqiblari tomonidan yutib yuborilish holiga tushib qolgan Applega qaytadi va shirkat faoliyatini kompyuter biznesi doirasidan kengaytirib¸ musiqa sanoati va telefon dunyosini larzaga keltirgan mahsulotlar yaratishga kirishadi.

Jobs qaytganidan so‘ng 1998 yilda taqdim qilingan iMac bir yilning o‘zidayoq 2 million donadan ko‘proq sotiladi va Apple yana og‘izga tushadi.

2001 yilda iTunesni taqdim etgan Jobs¸ digital musiqa va video mahsulotlari dunyosini larzaga soladi. Ko‘p o‘tmay iPodni taqdim etgan Jobs uni tanishtirar ekan¸ kafdekkina bu matoh “1000 qo‘shiqni cho‘ntagingizda” olib yurish deganidir¸ deydi.

- Necha marta yo‘lga CD pleyr bilan chiqib¸ “Eh Xudoyimey¸ eshitmoqchi bo‘lgan diskimni olish yodimdan chiqibdiku!” deya afsus qilgansiz! Butun musiqa jamlanmasini doimo yonida olib yurish musiqa shaydolarining ushalmas orzusi bo‘lib kelgan. iPodning zo‘rligi ham shunda – endi butun musiqa to‘plami cho‘ntagingizda jam¸ degan edi iPodni taqdim qilgan Jobs.

2007 yilda Jobs yuqori texnologiyalar sohasida yana bir kashfiyot qildiyu¸ butun dunyoni uning shaydosiga aylantirdi-qo‘ydi – Apple birinchi iPhoneni taqdim qildi. 2011 yil mart oyiga qadar¸ o‘rtacha narxi 500 dollar atrofida bo‘lgan iPhone 100 million dona sotildi va hozirgacha dunyoda eng ko‘p sotilgan telefonga aylandi.

Stiv 1976 yilda yaratgan birinchi kompyuter esa shu ko'rinishga ega bo'lgan.

Stiv 1976 yilda yaratgan birinchi kompyuter esa shu ko'rinishga ega bo'lgan.

Bu kashfiyot endi fotoapparat¸ videokamera¸ musiqa eshitish¸ video yozish va ko‘rish¸ elektron pochta¸ kompyuter o‘yinlari¸ GPS navigatsiyasi kabi eng so‘nggi qulayliklarni yana kaftdek moslamada joylay oldi.

2010 yilga kelib Stiv Jobs¸ kompyuter hayotining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan dunyoga yana bir buyuk ixtirosini sovg‘a qildi - iPad dunyo yuzini ko‘rdi¸ ko‘rdiyu¸ kattayu kichikning orzusiga aylandi.

Yuqori texnologiyalar dunyosi hozircha taqdim qilishi mumkin barcha qulaylik va xizmatlar san‘at asari darajasida nozik did bilan yaratilgan yupqa va yengil kichik kompyuterga jo qilindi.

iPad sotuvga chiqqanidan ko‘p o‘tmay Apple dunyoning eng qimmat shirkati va nafaqat kompyuter¸ balki telefon biznesidagi eng yetakchi kompaniyasiga aylandi.

Yer yuziga sochilgan milliardlab odamlar o‘rtasidagi muloqotni kaftdek kichik¸ qushdek yengil va Pikasso asari kabi mo‘‘jizakor jihozga joylab¸ uni yillar burun tasavvur qilish ham qiyin bo‘lgan oson va sodda ishga aylantirgan Stiv Jobs o‘limi munosabati bilan dunyoning to‘rt burchagidan marsiyalar yog‘ilishda davom etmoqda.

Stiv Jobssiz qolgan dunyo¸ allaqachon uni qo‘msashni boshladi....
XS
SM
MD
LG