Линклар

O‘zbekistondagi Olam.uz portali “Mening OLAMim” ijtimoiy tarmog‘ining o‘zbek tilidagi versiyasini ishga tushirdi.

Mobile Mass Media kompaniyasiga qarashli Olam.uz portali joriy yilning 1 martida o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, ayni paytda 13 ta bo‘lim orqali o‘z o‘quvchilariga axborot taqdim etadi.

Shulardan biri bo‘lgan rus tilidagi “Moy olam” ijtimoiy tarmog‘i, endilikda o‘zbek tilida ham faoliyat ko‘rsata boshladi.

OLAM.uz loyihasining rahbari Aleksandr Kamishevga ko‘ra, sayt bo‘limlari o‘zbek tiliga o‘girilib, sayt asosida milliy ko‘rinishdagi internet portalini tashkil etish rejalashtirilgan.

- “Mening Olamim” bu “Moy olam” ijtimoiy ayni o‘zi. Biz O‘zbekistonda yashar ekanmiz, milliy madaniyat va an‘analar, qolaversa, albatta milliy tilni ham hurmat qilishimiz kerak. Shuning uchun ham biz o‘zbek tilidagi “Mening Olamim” tarmog‘ini ishga tushirdik. Bu rus tilidagi tarmog‘imizdan mutlaqo farq qilmaydi. Ular bir vaqtning o‘zida ishlaydi. Mobile Mass Media kompaniyasi Olam.uz portalini milliylashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Milliylashtirar ekanmiz, demak, bu tabiiy o‘zbek tilida bo‘ladi,- dedi Kamishev.

Hozirda “Mening OLAMim” tarmog‘ining 16 mingdan ziyod foydalanuvchi bor.

Aleksandr Kamishev tarmoq foydalanuvchilari soni ko‘payishiga ishonadi. Boisi, deydi u, tarmoq odamlarning o‘zaro muloqat qilishlari uchun oson bo‘lishi uchun juda oddiy tizimda yaratilgan.

- “Mening OLAMim” tarmog‘ining boshqa ijtimoiy tarmoqlardan farqi uning oddiyligida. U bu jihatidan Twitterga juda o‘xshaydi. Lekin Facebookdan farq qiladi. Unda juda ko‘p imkoniyatlar bor, lekin juda murakkab tarmoq. Lekin albatta biz izlanishda davom etamiz. Tarmoqni o‘zbek xalqi qiziqishlaridan kelib chiqib, yana rviojlantirish aniq, - dedi Aleksandr Kamishev.

Suhbatdoshga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqda ma‘lumotlar almashinuvida tsenzuraga yo‘l qo‘yilmaydi va foydalanuvchilarning shaxsiy ma‘lumotlari mutlaqo xavfsiz hisoblanadi.

Markaziy Osiyodagi yangi medialar bo‘yicha mutaxassis To‘lqin Umaraliyev bugungi kunda millionlab o‘zbekistonliklar Rossiyaning ijtimoiy tarmoqlaridan foydalanayotganini aytib, o‘zbeklarning milliy tarmog‘i bo‘lishini olqishlaydi.

Biroq mutaxassisga ko‘ra, yangi tarmoqning hali bir qancha kamchiliklari mavjud.

- Tanqid qiladigan taraflari ko‘p. O‘zbekchaga tarjima qildik, deb chiqibdi olam.uzda. Lekin tarjimasi juda yomon chiqqan. Texnik tarafdan shakllanib bo‘lmagan hali bu ijtimoiy tarmoq. Saytni ruschadan o‘zbekchaga tarjima qilganda ko‘plab nosozliklari bor. Ayrim joylari umuman tarjima qilinmagan. O‘zbekcha degan joyga kirsangiz, qandaydir miqdordagi matni baribir ruscha bo‘lib qolaveradi. Navigatsiya degan narsa bor. Bu saytning ichida yurish. Ya‘ni qaysi tugmachani bossa, o‘sha yoqqa olib kirish. Shu navigatsiyasi ham ozgina qiyinroq. Menimcha, bular mail.ru sistemasi tizimini takrorlashayapti. mail.ru boshida pochtasini chiqargan, keyin yangiliklarini chiqara boshlagan, keyin esa Moy mir degan xizmatni chiqargan. mail.runing ichiga kirsangiz, katta jungliga o‘xshaydi. Ichida yangiliklari ham bor, pochtasi ham bor. mail.ruga kirgan foydalanuvchi uning ichidan chiqmasa ham bo‘laveradi. olam.uz ayni shu mail.runikini takrorlayapti. Agar O‘zbekistonning internet maydonida mail.ru kabi rivojlangan portal shakllanadigan bo‘lsa olam.uz bazasida, bu juda ham yaxshi. Chunki O‘zbekistonda millionlab internet foydalanuvchilari bor, - deydi To‘lqin Umaraliyev.
XS
SM
MD
LG