Линклар

logo-print
2011 yil boshidan buyon irqiy va milliy adovat asosida sodir etilgan zo‘ravonliklar oqibatida 16 kishi o‘ldirildi va 90 kishi jarohatlandi. SOVA huquqni himoya qilish markazi hisobotida taqirbosh va millatchi to‘dalar hujumiga asosan Markaziy Osiyo, hususan O‘zbekiston fuqarolari uchragani aytiladi. Tashkilot mutaxassislari millatchilar Rossiyada hokimiyatga intilayotganidan ogohlantirmoqda.

Sova axborot-tahlil markazi 2011 yilning sentyabr oyiga qadar Rossiyada radikal millatchilik va agressiv ksenofobiya masalalariga oid tadqiqot natijalarini e‘lon qildi.

Markaz hisobotida yozilishicha, joriy yilning sakkiz oyi davomida “millatchi va irqchilar qo‘lidan 16 kishi nobud bo‘lgan, 90 kishi jarohatlangan, 7 kishi hayotiga tahdid bo‘lgan”.

Slavyan bo‘lmaganlarga nisbatan hujumlar Rossiyaning 25 mintaqasida kuzatilgan. Hisobotda aytilishicha, milliy adovat asosidagi jinoyatlar aksar hollarda Moskva shahri (7 kishi o‘ldirilgan, 19 yaralangan), Moskva viloyati (4 kishi o‘ldirilgan, 7 yaralangan) va Sankt-Peterburg shahrida (3 kishi o‘ldirilgan, 22 jarohatlangan) sodir etilmoqda.

Shunga qaramasdan, Rossiyada o‘tgan yillarga nisbatan ksenofobiya va millatchilik jinoyatlari soni keskin kamaygani kuzatildi, deydi hisobotni taqdim etgan Sova axborot-tahlil markazi eksperti Vera Alperovich Ozodlik bilan suhbatda.

- Shunchaki, joriy yilda bir kator sabablarga ko‘ra bu ko‘rsatkichlarning keskin kamayishi kuzatildi. Birinchidan, haqiqatan Rossiyada qator yirik neonatsist va millatchi tashkilotlar yo‘q qililindi. Ular “kelgindi”, ya‘ni slavyan bo‘lmaganlarni o‘ldirishni o‘zlariga kasb qilib olgan edi. Lekin bu bilan millatchilar yo‘q bo‘lib ketdi, degan xulosani chiqarish hozircha erta. Ular shunchaki o‘z taktikasini o‘zgartirib, hokimiyat uchun kurashga otlandi,- deydi Vera Alperovich.

Rossiyada "nomi chiqqan" “Russkiye” tashkilotining rahbari Aleksandr Belov Ozodlikka Rossiya millatchilik harakati haqiqatan o‘z mafkurasini o‘zgartirgani, oddiy ko‘cha bezoriligidan Rossiyada ommaviy migratsiyani qonuniylashtirayotgan hukumatga bosim o‘tkazish hamda hokimiyat uchun kurash boshlaganini ma‘lum qilgan edi.

Mehnat muhojirlari taqirboshlar uchun o‘lja bo‘lib qolmoqda

“Umuman olganda mana bir necha yildirki Rossiyada barcha millatchilar harakatlarida siyosiylashish ko‘zga tashlanmoqda”, deya davom etadi tahlilchi Vera Alperovich.

- Haqiqatan, oddiy ultra-o‘ngchilar (radikal millatchilar) mafkurasida o‘zgarishlar ro‘y berdiki, endilikda ular “chetdan kelayotganlar” muammosi sabablarini Rossiyada olib borilayotgan migratsiya siyosatida, deb bilmoqda. Ular sodda bo‘lsa-da ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy talablarni ilgari surmoqda. Shu jumladan, migratsiya siyosatini keskin o‘zgartirish talabi. Rossiyada olib borilayotgan migratsiya siyosati ko‘pchilikda noqonuniy va huquqsiz migrantlar sonini ko‘paytirishga qaratilgan, degan fikrni tug‘dirmoqda. Bu davlatda mehnat muhojirlariga nisbatan adolatli qonunchilik yo‘lga qo‘yilmas ekan, ular turli taqirbosh va millatchi guruhlari uchun oson o‘lja bo‘lib qolaveradi,- deya izoh berdi SOVA eksperti Vera Alperovich.

Tahlil markazi o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, irqchi-millatchi to‘dalar hujumiga asosan Markaziy Osiyo, hususan O‘zbekiston fuqarolari uchramoqda: jami joriy yilning dastlabki 8 oyi davomida 9 nafar markaziy-osiyolik o‘ldirilgan, 19 kishi jarohatlangan.

2010 yilning dastlabki 8 oyi davomida milliy adovat asosidagi zo‘ravonliklar natijasida 434 kishi jabr ko‘rgan. Shu tariqa, huquq himoyachilari Rossiyada osiyolik va kavkazliklarga qilingan hujumlar soni keskin kamayganini ta‘kidlashmoqda.

Saylovlardan oldin millatchilar faollashdi

Ammo shu bilan birgalikda, Rossiyada parlament va prezident saylovlari oldidan rus millatchi tashkilotlarining faollashgani ham kuzatilmoqda. 3 oktyabr kuni Moskva meriyasiga rus millatchilari tomonidan ommaviy “Rus marshini” o‘tkazish uchun ariza topshirilgan.

O‘tgan yilgi kabi, bu yurish 4 noyabrga, ya‘ni Rossiyada bayram sifatida nishonlanadigan Xalq Birligi Kunida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Bu haqda jurnalistlarga gapirgan “Russkiye” harakati yetakchilaridan biri Vladimir Yermolayevga ko‘ra, bu yurish orqali ular o‘z g‘oyalarini jamoatchilikka bildirish maqsadini qo‘ygan.

- Bu yurish orqali bizni xavotirga solayotgan immigratsiyani qisqartirish, so‘z, fikr erkinligi, demokratik huquqlarning cheklanishi masalalariga jamoatchilik e‘tiborini qaratmoqchimiz,- deydi “Russkiye” harakati yetakchisi.

“Rus marshi” tashkilotchilari tadbirga hokimiyatda bo‘lgan ayrim partiyalarni ham jalb qilish niyatini bildirmoqda. Aleksandr Belov Interfaksga bergan intervьyusida bunday taklif LDPR yetakchisi Vladimir Jirinovskiyga ham yuborilganini aytdi.

Millatchilar 4 noyabr kuni “Rus Marshiga” 15 mingdan ziyod odam chiqishini kutmoqda.
XS
SM
MD
LG