Линклар

AQShda boylar ochko‘zligiga qarshi norozilik kuchaymoqda


Nyu Yorkdagi Bruklin ko‘prigining norozilar tomonidan egallanishi misli ko‘rilmagan voqea va ayni paytda korporatsiya xo‘jayinlari uchun aniq mujda bo‘ldi.

Nyu Yorkdagi Bruklin ko‘prigining norozilar tomonidan egallanishi misli ko‘rilmagan voqea va ayni paytda korporatsiya xo‘jayinlari uchun aniq mujda bo‘ldi.

Qo‘shma Shtatlarda yirik korporatsiyalarning ochko‘zligiga qarshi jamoatchilik harakati chiqishlari avj olmoqda. “Uoll Stritni bosib ol” shiori ostida Nyu Yorkda bir necha hafta avval nisbatan kichikroq norozilik aktsiyalaridan boshlangan harakat endi o‘nlab boshqa shaharlarda ham o‘tkazilmoqda. Namoyishchilar oddiy odamlar hisobidan badavlat kishilar cho‘ntagini to‘ldirish imkonini berayotgan moliyaviy tizimga norozilik bildirmoqda. Hafta boshida kasaba uyushmalari norozilik harakatiga qo‘shilishlarini ma‘lum qildi.

Bir necha hafta avval Nyu Yorkda tinchgina boshlangan chiqishlar bugun Amerikaning boshqa shaharlariga tarqalmoqda. Butun mamlakat bo‘ylab amerikaliklar kambag‘allar bilan boylar o‘rtasidagi tafovut oshib borayotganiga o‘z noroziligini bildirmoqda.

Harakat 17 sentyabr kuni o‘zlarini “Uoll Stritni bosib ol”, deb nomlagan bir guruh faollar Manhettanning Moliyaviy markazida joylashgan bog‘da chodirlarni tikib, norozilik aktsiyasini boshlashidan kelib chiqdi. Rasmiy ruxsati bo‘lmasligiga qaramasdan bu faollar Uoll Stritga tutash ko‘chalarda “Odamlar daromad emas” va “Urush o‘rniga ish joyi yarat” kabi shiorlarni ko‘tarib, namoyishlar o‘tkaza boshladi.

O‘shandan beri harakat saflari ancha kengaydi va ular orasida endi yoshlar, nafaqaxo‘rlar, talabalar, ishchilar va ishsizlarni ko‘rish mumkin. Ularning hammasi mavjud moliyaviy tizim faqatgina boylarning foydasiga xizmat qilishidan g‘azabda.

Nyu-yorklik ijtimoiy sohada xizmat qiluvchi Keti Jouns harakatga hafta boshida qo‘shildi. Namoyishga ikki yashar qizchasi bilan kelgan Keti o‘zi ham, u bilan birga yashaydigan yigiti ham ishsiz bo‘lsamalar-da topgan pullari tirikchiliklariga zo‘rg‘a uchma-uch yetishi va sog‘liqni saqlash sug‘urtasini olishga qurblari yo‘qligini aytadi.

- Bu norozilik harakati yanada yoyilishiga umid qilaman. Menimcha bu mamlakatdagi iqtisodiy tengsizlik chidab bo‘lmas darajaga yetdi. Masalan, korporatsiyalarga berilgan soliq imtiyozlari, oddiy ishchilar o‘rniga yirik korporatsiyalarga berilgan soliq imtiyozlari bekor qilinshi kerak. Yirik shirkatlar oddiy ishchidan ko‘ra kamroq soliq to‘laydi.

“Uoll Strini bosib ol” harakati tashabbuskorlari Arab dunyosidagi xalq isyoni va Yevropadagi byudjet harajatlarini qisqartirishga qarshi noroziliklardan ilhomlanganlarini aytmoqda.

Boshlanishida bu norozilik tadbiriga matbuot unchalik e‘tibor qaratmadi. Lekin 1 oktyabr kuni faollar Nyu Yorkdagi Bruklin ko‘prigini “ishg‘ol” qilganlaridan keyin harakat Nyu York tashqarisida ham mashhur bo‘lib ketdi.

O‘sha kuni 700 ga yaqin faol hibsga olindi va kichik jarimaga tortildi. Ularning aksari bir necha soat ichida ozod qilindi.

Faollarning ommaviy hibsga olinishlari matbuot diqqatini tortdi. 3 oktyabr kuni “Uoll Strini bosib ol” harakati a‘zolari “korporatsiya zombilari”, ya‘ni “hayollarini faqatgina pul egallab olgan” korporatsiya ishchilari qiyofasida Nyu York birjasi binosi oldida yurib shirkatlarni kalaka qildilar.

Bu tadbirlar matbuotda keng yoritilgani bois, 4 oktyabr kuni bunga o‘xshash chiqishlar bir nechta shaharlarda Markaziy Bank binolari oldida o‘tkazildi. Chikagoda namoyishchilar nog‘oralarni ko‘tarib chiqib, shovqi-suron soldi. Bostonda esa “Urush qilmasdan, boyvachchalarga qarshi kurash” va “Ochko‘zlik qilma, odamlarni o‘yla” kabi shiorlarni ko‘tarib chiqishdi. Noroziliklar Sent Luis, Kanzas Siti va Los Anjelesda ham o‘tkazildi.

“Uoll Strini bosib ol” harakati faollari hozir AQShning 50 dan ortiq shaharlarida norozilik aktsiyalarini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Internet va Facebook sahifalarida “Bostonni egalla” va “Filadelfiyani bosib ol” nomli harakatlar faollashmoqda.

Avj olayotgan noroziliklarga Amerikada iqtisodiy tafovutning kengayayotgani sabab bo‘lmoqda. Hozirda g‘arbdagi eng sanoatlashgan davlatlar orasida boylar bilan kambag‘allar orasidagi farq borasida AQSh birinchi o‘rinni egallaydi.

Qiyos uchun, hozirda amerikaliklarning bir foizini tashkil qiladigan eng badavlat fuqarolar AQSh boyligining 25 foiziga egalik qiladi. Daromadlari bo‘yicha eng quyida turadigan 40 foiz aholiga esa, boylikning 0,3 foizi to‘g‘ri keladi.

2010 yilda daromad bo‘yicha yuqorida turadigan 20 foiz amerikaliklar umumiy daromadning 50 foizini olgan bo‘lsa, eng quyida turadigan 20 foiz aholiga 3 foizgina daromad to‘g‘ri kelgan.

Bu keyingi 30 yil ichida avj olib borayotgan tendentsiyadir. Nobel mukofoti laureati amerikalik iqtisodchi Pol Krugman bu holatni “buyuk tafovut” deb ataydi. Uning aytishicha, 1979 va 2005 yillar oralig‘ida amerikalik o‘rtamiyona oilaning daromadi 13 foizga oshgan bo‘lsa, umumiy aholining 0,1 foizini tashkil qiladigan eng bdavalat oilalarning daromadi 296 foizga ko‘paygan.

Ko‘plab oddiy amerikaliklar o‘zlariga nisbatan adolatsizlik bo‘layotganini aytmoqda va ularning mashhur nekbinligi o‘rnini umidsizlik bosmoqda.

O‘tgan oyda prezident Barak Obama millionerlarga qo‘shimcha soliq solishni taklif qilib, badavlat amerikaliklar oddiy amerikaliklardan ko‘ra kamroq soliq to‘layotgani bois “vaziyat izidan chiqib ketdi”, deya ta‘kidladi.

Muxolifatdagi Respublikachilar uni “sinflar o‘rtasida urush” qo‘zg‘aganlikda aybladi.

Ayni paytda, mavjud moliyaviy tizimdan norozilar soni oshmoqda. Chorshanba kuni Nyu Yorkda o‘tkazilishi rejalangan yirik namoyishda kasaba uyushmalarining ishtirok etishi kutilmoqda.
XS
SM
MD
LG