Линклар

Tojikistonda davlat tilini bilmagan tojiklar ham ishdan bo‘shatilmoqda


Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonga ko‘ra, tojik tilini bilish tojik millatiga ehtirom ifodasidir.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonga ko‘ra, tojik tilini bilish tojik millatiga ehtirom ifodasidir.

Tojikistonda “Davlat tili to‘g‘risida”gi yangi qonun qabul qilinganiga ikki yil to‘ldi.

Shu yil may oyi so‘ngida Tojikiston parlamenti bu mamlakat bir nechta qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritib, davlat idorasida ishlashni xohlagan kishilar uchun tojik tilidan imtihon topshirishni majburiy qilib qo‘ydi.

Qonunga kiritilgan yangilik ortidan davlat idoralarining hammasida xodimlar attestatsiyadan o‘tkazila boshlandi. O‘tgan bu vaqt ichida tojik tilini yaxshi bilmagan nechta xodim vazifasidan chetlashtirilgani haqida aniq ma‘lumot yo‘q. Lekin davlat tilini bilmagani uchun bugun bekor qolgan tojikistonliklarni har qadamda bo‘lmasa-da, uchratish mumkin.

Dushanbelik 32 yoshli Dilrabo Rossiya oliygohlaridan birini bitirib, Tojikiston Aloqa vazirligiga ishga kirganini va tojik tilini bilmagani uchun shu paytgacha muammo bo‘lmaganini aytadi.

- Millatim tojik. Lekin o‘rta maktabni va ikkita universitetni ham rus tilida bitirganman. Tojikcha so‘zlashuvda muammo yo‘q, ammo tojik tilida savodli yoza olmayman. Davlat idoralari va fuqarolardan tushgan xatlar va arizalarga shu vaqtgacha ruscha javob qaytarib kelganmiz. Lekin yangi qonun qabul qilinganidan keyin talablar kuchayib ketdi, uddalay olmadim, - dedi yaqindan buyon ishsiz qolgan Dilrabo.

Suhbatdoshimiz o‘zining davlat tilini bilmagani uchun ishsiz qolganini Tojikiston asosiy qonunlariga zid, deb biladi.

Tojikiston Milliy universiteti aspiranti Behzod Asomiddinov Ta‘lim vazirligi yo‘llanmasi bilan mamlakat tashqarisida o‘qib qaytgan tojikistonliklarning aksariyati tojik tilini puxta bilmagani uchun davlat idoralariga ishga joylasha olmayotganlarini va natijada yana xorijga qaytishga majbur bo‘layotganini aytadi.

- Xorijda o‘qib, zamonaviy texnologiyani o‘rganib qaytgan yoshlarimiz davlat tilini bilmaganlari uchun bugun ko‘chada ishsiz qolmoqdalar. Ularning ko‘pi nochorlikdan yurtdan chiqib ketmoqdalar. Menimcha, qonunnavislar masalaning bu jihatini ham o‘rganib ko‘rishlari zarur, -deydi aspirant Asomiddinov.

4 oktyabr - “Til kuni” arafasida tojikistonliklarni milliy bayram bilan tabriklagan Tojikiston davlat rahbari Imomali Rahmon xalqiga “Tojik tilini bilish tojik millatiga ehtirom ifodasi” ekanini uqtirdi.

Prezident Imomali Rahmon “Davlat tilt to‘g‘risida” yangi qabul qilingan qonun yil sayin takomillashtirilib borilishi va davlat barcha tadbirlarida, davlatlararo va xalqaro hujjatlarda ham mazkur qonun talablari albatta inobatga olinishi zarurligini ta‘kidladi.

Ammo iqtidordagi hukumat davlat tili bo‘lgan tojik tilini rivojlantirishga qanchalik sa‘y-harakat qilmasin Dushanbe shahrida davlat idoralari xodimlari ishtirokida o‘tkaziladigan tadbirlarning aksariyatida ma‘ruzalar ko‘proq rus tilida bo‘layotgani kuzatiladi.

Mustaqil kuzatuvchilar buning sababini ma‘ruzachi o‘z fikrini tadbir ishtirokchilariga to‘g‘ri va oson tushintira olishi uchun shunday yo‘l tutishida, deb biladilar.

Tahlilchilarga ko‘ra, Tojikistonda 2009 yilda qabul qilingan “Davlat tilt to‘g‘risida”gi qonun ortidan tojik tilida ko‘pchilik uchun tushunarli bo‘lmagan yangi forscha so‘zlarning paydo bo‘lgani ana shunday muammoni yuzaga keltirgan.
XS
SM
MD
LG