Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:06

Fermer Mustaqillik maydonida o‘ziga o‘t qo‘ymoqchi bo‘ldi


Shovotlik fermer Safargul Quryazovaning Toshkentdagi Mustaqillik maydonida o‘z joniga qasd qilish niyatlariga tuman hokimligi, prokuraturasi va militsiyasining fermerga va uning oilasiga nisbatan o‘tkazgan zo‘ravonligi sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Xorazm viloyati Shovot tumanidagi “Zubayda-Xolida-Aziza” fermer xo‘jaligi rahbari, sobiq agronom, 53 yoshli Safargul Quryazova haqiqat izlab O‘zbekiston Prezidenti devoniga kelganini aytadi Ozodlik bilan suhbatda. U yerdan ham qoniqarli javob ololmagach mustaqillik maydonida "o‘zimga o‘t qo‘yishga ahd qildim", deydi S. Quryazova.

- Men kelib haqiqatan ham shu gap-so‘zlarni yozib, prezident apparatiga kirib, prezident nomiga yozib, o‘zim kurashishga majbur bo‘ldim. Devondan chiqqach haqiqatan shunday ish qilmoqchi edim. O‘zimni yoqishga, o‘lishga tayyor edimda. Jonimdan to‘yib ketdim. Oilam xo‘rlanib qoldi, qizlarim, o‘g‘illarim xo‘rlanib qoldi. Majbur bo‘ldim. Men uch yildan beri pora bersam ham haqiqat topa olmadim. Jinoyatim bo‘lmasa ham amnistiyaga rozi bo‘lishga majbur qilishdi.

O‘zim yomon bo‘lib mustaqillik maydonida o‘tirgan edim shunaqa qilaman deb. O‘zimda gugurt bor edi. Solyarkaga paxtani bulg‘adimda, og‘ir ahvolda o‘tirganimda prezident apparati tomondan bir odam chiqib “Nimaga yig‘layapsiz oyi? Nima bo‘layapti?” dedi. Unga gapira olmadim. Aslida u meni ushlab bu yoqqa olib keldi,- deydi Safargul Quryazova.

Fermer ayolning aytishicha, hukumat binosidan chiqqan yigit uni O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromovning oldiga olib kelgan.

Safargul Quryazova fermerlikni 2004 yilda boshlagan, bundan avval 20 yil agronom bo‘lib ishlagan. Fermerlik faoliyatida yaxshi natijalarga erishgani tufayli uning yeri 120 gektargacha kengaytirilgan. Biroq, deydi Safargul Quryazova, 2009 yilda Shovot tumani hokimi Bozorboy Yoqubov chaqirtirib, tuman prokurori va militsiya boshlig‘i uchun sholiga yer ajratishini talab qilgan:

- Keyinchalik bizdan yer so‘radi sholi ekishga. Prokuror 5 gektar so‘radi, nachalnik militsiya 5 gektar so‘radi, shunday qilib hokim uchalasi 20 gektar yer so‘radi. 20 gektar yerni lazer sholi ekishga berasan deb talab qildida. Sholi ekadigan bo‘lsam, paxta rejalarini bajara olmasligimni bildimda, paxta ekib yubordim. Keyin kelishmasdan qoldik,- deydi fermer.

S. Quryazova hokimning buyrug‘ini bajarmagani uchun o‘zi va oilasiga nisbatan tazyiqlar boshlanadi:

- Endi menga qo‘ygan aybi unaqa jiddiy emas. Mening o‘g‘il-qizlarimning hammasi oliy ma‘lumotli. O‘qitganman. O‘zlarining bilimi bilan o‘qigan. Endi o‘g‘il-qizlarimni ham sindirish uchun 219-modda birinchi qismi faol qarshilik deb oldin turmush o‘rtog‘imga qo‘ydi uni. Turmush o‘rtog‘imni bir oy Toshturmada qo‘yib keyin 219-moddani undan oldida menga qo‘ydi. 219-modda bilan uch yildan beri hech bir sud nihoyasiga yetmadi. Yetti-sakkiz joy ishimni ko‘rdi. Qoraqalpog‘iston respublikasi ko‘rdi, Shovot, Gurlan, Xiva, Urganch, Yangibozor hamma joy ko‘rdida nimagadir oxirgi tochkani qo‘ya olmaydilar. Oxiri endi “amnistiyaga roziman” deb ayting deb majbur qilayaptilar,- deydi u.

Safargul Quryazovaning aytishicha, uning uyiga bir necha bor militsiya xodimlari o‘n kishilashib bostirib kirgan, urgan, haqoratlagan va axiyri undan yeri tortib olingan:

- “Zubayda Nurjonova” fermer xo‘jaligini 2010 yil aprel oyida paxta ekib turgan paytimizda 10ta militsiyani dalamizga yuborib, bizlarga zo‘rlik ishlatib bizlarni haydab chiqardida, qo‘limizdan oldi qarorsiz. “Zubayda Nurjonova” fermer xo‘jaligini bekor qilmasdan qo‘limizdan oldi. Ketganimdan keyin “Safargul opa, siz o‘sha narsani menga bering. O‘sha narsani berganingizdan keyin sizga yeringizni qaytib beraman” dedi. Chunki mening 20 bosh chorva molim och qoldi. Nima qilishga hayronman. Qo‘limdagi 5-10ta ishchilarim ishsiz qoldi.

Majbur bo‘ldim. “Aniq berasizmi?” desam, “Aniq yeringizni qaytarib beraman” dedi. 3000 dollar aytdi, 2000 dollarni hokimiyat binosiga olib borib berdim. Shundan keyin menga “Zubayda Nurjonova” fermer xo‘jaligi yerlarini avgust oyining oxirida qaytib berdi. 2011 yil hisobiga g‘allaga shartnoma ham qilgan edik. Shunga ham ishondim. Ishonchiga kirgizdida. 10 kundan keyin “Safargul opa, bir oycha mana bu yerga o‘tib turing” deb bir kilometr buyoqrog‘idan temir yo‘l orqasidan “Fermer nomini o‘zgartiring. Fermer rahbarini o‘zgartiring” dedida, eng passiv, eng yomon, eng qoloq, hech kim ishlamaydigan yerdan menga 120 gektar yerni berdi. Undan tashqari 10 tonna sholi oldi, 10 tonna bug‘doy oldi. Shundan keyin menga ismni o‘zgartirib “Zubayda, Aziza, Xolida” fermer xo‘jaligi qilib yerni berdi,- deydi fermer.

Pora olindi va yer qaytarib berildi, biroq tashlandiq joydan yer berildi, mening shikoyatlarimga esa hech kim quloq solmadi, deydi fermer.

Ayni paytda fermer ustidan ochilgan jinoyat ishi to‘xtatilgani yo‘q, u militsiya xodimlariga faol qarshilik qilish moddasi bo‘yicha ayblanmoqda. Fermerdan aybni bo‘yniga olish va amnistiya bo‘yicha avf qilinishi mumkinligi so‘ralmoqda.

Biroq fermer bunga rozi emas. U haqiqat talab qilyapti.Fermerga ko‘ra, tumanda hokimlarning prokuratura va militsiya boshliqlari bilan birgalikda fermerlar hisobidan sholi ektirishi va bundan katta foyda olishi urf bo‘lib qoldi:

- Hozirda bizda Xorazmda aynan Shovot tumanida faqat hokim prokuror bilan birgalikda yerni beradi, birgalikda yerni oladi. Bir yilda ikki-uch marta qarorni chiqaradilaru, qarorni bekor qiladilar. Fermerga “senga shu yerni beraman” deb beradi qo‘liga qaror bermasdan, yil oxirlamasdan avgust, sentyabr oylarida yana qarorni bekor etadiyu, ikkinchi odamga yerni olib beradi. Shunday kasal bosh olib ketdida, aynan Shovotda,- deydi fermer.

Shovot tumani sobiq hokimi Bozorboy Yoqubovning ustidan jinoiy ish ochilgani va tergov davom etayotgani haqida xabarlar bor.

Shovot tumanining hozirgi hokimi Qadamboy Quryazov Ozodlik bilan suhbatda Safargul Quryazovaning ishlaridan xabardor ekanligini, fermer ayni paytdaToshkentda shikoyat qilish bilan emas, balki paxta terimi bilan shug‘ullanishini kerakligini aytdi. Hokim Safargul Quryazova u bilan kelib uchrashishi lozimligini va muammolarni bartaraf etishda yordam berajagini bildirdi.
XS
SM
MD
LG