Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:29

O‘zbekiston fuqarosi o‘z o‘g‘lini bo‘g‘ib o‘ldirganlikda ayblanmoqda


Rossiyaning Nijnevartovsk shahrida o‘z o‘g‘lini bo‘g‘ib o‘ldirganlikda ayblanayotgan o‘zbekistonlik qo‘lga olindi.

2011 yil 29 sentyabr kuni Xanti-Mansiysk avtonom okrugidagi – Yugra Tergov qo‘mitasi Nijnevartovsk shahar Internatsional ko‘chasidagi uylardan birida 7 yashar bolakay murdasi topilgani yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

4 oktyabr kuni bu jinoyatni sodir etganlikda gumonlangan 48 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Subhon Ahadov hibsga olindi va tergov jarayonida o‘z aybiga iqror bo‘ldi, deydi Ozodlik Radiosiga Tergov qo‘mitasining okrug bo‘yicha nazorat bo‘limi boshlig‘i, adliya podpolkovnigi Yekaterina Pozdeyeva.

- Bu oila O‘zbekistondan Nijnevartovskka yashash va ishlashga kelgan. Otasi o‘z farzandini yoqtirmagan, unga nisbatan qandaydir adovati bo‘lgan. Vaziyat bo‘nday bo‘lgan... Uning rafiqasi ishga ketgan, bolakay va otasi uyda bo‘lgan. Xotini soat 10-11 larda uyga qaytib kelgan va burchagda uyilgan kiyim va ko‘rpalar ostida bolasining o‘ligini topgan. Ekspertiza bola bo‘g‘ib o‘ldirilganini aniqladi. Otasi Subhon Ahadov jinoyat joyidan g‘oyib bo‘lgan va tergovchilar uni gumon ostiga olishdi, chunki u xotiniga oldin ham bolani o‘ldirish niyati borligini gapirgan,- deydi tergov bo‘limi rahbari.

Pozdeyevaning aytishicha, qo‘lga olingan Subhon Ahadov jinoyatni qanday sodir etgani tafsilotlarini gapirib bergan. “U jinoyatga oldindan tayyorgarlik ko‘rgan, aniqrog‘i bolani o‘ldirish uchun maxsus sirtmoq tayyorlagan”, deya davom etadi tergovchi Yekaterina Pozdeyeva.

- Bolani bo‘g‘ib o‘ldirib, u uydan chiqib ketgan. Insoniylik nuqtai nazaridan u sog‘lom emas, degan fikringizga qo‘shilaman. Ammo jismoniy holati nuqtai nazardan sog‘-sog‘ emasligini psixiatrik ekspertiza aniqlaydi, chunki o‘z bolasini o‘ldirishni rejalashtirish bu odamning ruhiyatida jiddiy siljishlar bo‘lganidan darak beradi. Bu jinoyat ko‘pni ko‘rgan tergovchilarimizu xodimlarimizni hayratga soldi: u qotillik sabablarini shunchaki bolasini yoqtirmaslik bilan izohlagan,- deydi Xanti-Mansiysk avtonom okrugi Tergov qo‘mitasi rasmiysi Yekaterina Pozdeyeva.

Jinoyat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 105 moddasi 2 qismi (nochor holatdagi shaxsni qasddan o‘ldirish) asosida jinoiy ish ochildi. Bu modda bo‘yicha umrbod qamoq jazosi ko‘zda tutiladi.

Onasining iltimosiga ko‘ra ismi oshkor qilinmayotgan 7 yashar bolakayni dafn etish va boshqa harajatlarni ko‘tarishda ko‘maklashgan Nijnevartovskdagi “Uyingizga Tinchlik” O‘zbeklar milliy-madaniy markazi faoli Dilshod Mamanazarov bilan suhbatlashdi.

O‘zbeklar jamiyati faoli so‘zlariga ko‘ra, 48 yoshli Subhon Ahadovning bunday jinoyatga qo‘l urishiga iqtisodiy nochorlik turtki bo‘lgan.

- Bolani biz o‘zimiz qo‘ydik. Oilaning iqtisodiy ahvolida, aniqrog‘i ijara haqini to‘lashda, muammolar bo‘lyapti ekan. Bir-ikki kun to‘polon bo‘lgan ekan uylarida. Keyin xotini ishga chiqib ketganida xotinidan kalitni olib qaytib kelgan va trezviy holatda bolasini bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘yibdi. Bundan oldin ugrojat qilgan ekan “Men senlarni oxiri o‘ldiraman!”, deb. Militsiya O‘zbek milliy markaziga yordam so‘rab murojaat qildi. Yordamni qildik, xujjatlarini tayyorlab Nijnevartovskka bolani ko‘mdik,- deydi O‘zbeklar jamiyati faoli.

Dilshod Mamanazarovning so‘zlariga ko‘ra, qidiruvga berilgan Subhon Ahadov qolgan oila a‘zolariga ham tahdid qilgan. “O‘lgan bolachadan tashqari ularda 7-8 sinflarda o‘qiydigan katta qizchasi bor ekan”, deydi u.

- O‘ldirgan kuni kechki paytda telefoni o‘chirilgan va 2 soatdan keyin yana telefon yongan. Uydagilari “Sen bolamni nimaga o‘ldirib qo‘yding?”, deganda u “Senlarni qolganlaringni ham o‘ldiraman”, deb telefonni o‘chirgan. Shu kuni kechasi saharga yaqin to‘rtlarda uyiga kelgan va eshikni kalitini solganda ichkaridan kalit bo‘lgan. Bular glazokdan qarasa o‘sha turgan ekan eshikni tagida. Militsiyaga xabar berishganda, militsiya signallar bilan kelgan, Subhon qochib ketgan. Bu oila o‘zi jizzaxdan ekan. 7 yashar yosh bola ekan... Ko‘rdik, o‘qituvchilari keldi, o‘rtoqlari keldi. Ayoli ozarbayjonlarda poyafzal sotar ekan, ozarlar ham yordam berdi. Subhon o‘zi oliy ma‘lumotli ekan: Ukrainada institutni bitirgan, o‘sha yerda ishlagan ekan. O‘ldirib qo‘ygan bolasi Ukrainada tug‘ilgan ekan. Uni Ukrainadan deport qilib yuborilgan ekan. Aylanib kelib shu Nijnevartovskka kelib qolgan odam ekan-da, deydi Nijnevartovskdagi “Uyingizga Tinchlik” O‘zbeklar milliy-madaniy markazi faoli Dilshod Mamanazarov.

Hozirda Ahadov hibsga olingan va ishning sudga oshirilishi kutilmoqda.

Xanti-Mansiysk tergovchilaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra bunday hodisa Xanti-Mansiysk o‘lkasida birinchi marotaba ro‘y berayotgani yo‘q: shu yilning avgust oyida Xanti Mansiyskda yana bir ota ikki yashar qizchasini zovurda cho‘ktirib o‘ldirgan edi. Bolakush ota o‘z harakatlarini sobiq xotiniga aliment to‘lamaslik istagi bilan izohlagan.
XS
SM
MD
LG