Линклар

Tojikiston poytaxti Dushanbe markazida qiymati 100 million dollarga teng masjid qurilishi boshlandi.

Markaziy Osiyodagi eng yirik masjid qurilishini 5 oktyabr kuni Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon boshlab berdi. O‘sha kuni 59 yoshga to‘lgan davlat rahbari ekskavatorga o‘tirib, yangi masjid uchun kotlovan qazishga kirishdi.

Tojik rasmiylarining ma‘lum qilishicha, masjid 2014 yilda qurib bitkazilishi rejalangan. Uni Tojikistonning “Somon-soxtmon” shirkati qurib beradi. Aytilishicha, bu masjidga Qatar tomoni 70 million va Tojikiston esa 30 million AQSh dollari miqdorida sarmoya ajratgan.

Bir vaqtning o‘zida 115 ming musulmon namoz o‘qish imkoniga ega bo‘ladigan bu masjidning ilk poydevori 2009 yil 5 oktyabrida, ya‘ni Imomali Rahmonning tug‘ilgan kunida qo‘yilgan edi. Ammo masjid qurilishini boshlash ikki yilga kechiktirildi.

Rasmiylar buning sababini o‘tgan vaqt ichida qatarlik va tojikistonlik me‘morlar loyiha ustida ishlaganlari bilan izohlamoqdalar.

Loyihaga muvofiq, masjid 65 metr balandlikdagi to‘rtta minora, 47 metrlik gumbaz va namoz o‘qish uchun bir necha katta va kichik zallardan iborat bo‘ladi.

Bundan ikki yil avval yangi masjid qurilishi ishlarining boshlanishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan katta tadbirda so‘zlagan prezident Imomali Rahmon masjid ekstremizm va zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi joy emas, balki Olloh yo‘lida xizmat qiluvchilarni birlashtiradigan joy bo‘lishi lozimligini ta‘kidlagandi.

O‘tgan bu ikki yil ichida tojik jamiyatida diniy ekstremizm va terrorchilikka qarshi kurash tadbirlari doirasida o‘nlab masjidlar, jumladan, Markaziy Osiyoda ro‘yxatga olingan yagona diniy partiya – Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi masjidi eshigiga ham qulf solindi.

Shuningdek, Tojikistonda shu yil Ramazon oyida “Farzandlar tarbiyasida ota-onalar mas‘uliyati to‘g‘risida”gi yangi qonun qabul qilinishi bilan 18 yoshgacha bo‘lgan tojikistonliklarning masjidda namoz o‘qishlari ham ta‘qiqlandi.

Xo‘sh, ana shunday vaziyatda bo‘lgan tojik jamiyati uchun mintaqada eng yirik masjid qurishning qanchalik ahamiyati bor?

Tojikistonlik o‘qituvchi Baxtiyor Mo‘minov fikricha, yangi masjid Tojikistonning arab davlatlari bilan iqtisodiy hamkorliklari omili sifatida xizmat qiladi.

- Tojikiston islom davlatlari bilan ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Bu masjidning qurilishi ana shu hamklorliklar bir omili bo‘lib xizmat qilayapti, - deydi Baxtiyor Mo‘minov.

Boshqa bir suhbatdoshimiz, mustaqil jurnalist Firuz Barotov postsovet o‘lkalaridan Tojikiston markazida eng yirik masjidning qad ko‘tarishidan faxrlanishini aytadi.

- Turkmanistonga safarimda u yerdagi Turkmanboshi masjidini ko‘rib, hayratdan qotib qolgandim. Sobiq sho‘ro respublikalari orasida Tojikistonda ham shunday bir hashamatli masjidning qurilishi albatta yaxshi. Chunki buning ortidan poytaxt Dushanbening bir go‘shasi obodlashadi. Shuningdek, poytaxtga keluvchi mehmonlar va sayyohlar uchun yana bir makon paydo bo‘ladi, - deydi Firuz.

Shuni ham aytish lozimki, bundan bir necha yil avval Tojikiston ulamolar Kengashi bir fatvo qabul qilish ortidan tojikistonlik ayollarning masjidda namoz o‘qishlari ham ta‘qiqlangan edi.

Mamlakatdagi ishsizlik va ijtimoiy og‘ir ahvol sababli aksariyati erkaklarni tashkil qilgan taxminan 1,5 million tojikistonlik Rossiyada umrguzaronlik qilayapti.

Tyumen shahrida yashab ishlayotgan tojikistonlik Abdusalom fikricha, namozxonlar bilan to‘ldirish qiyin bo‘ladigan katta masjidlar o‘rniga Tojikistonda to‘xtab qolgan zavod va fabrikalarni ishga solishi lozim edi.

- 100 million dollarga masjid qurish o‘rniga zavod va fabrikalarni ishga tushirsa, biz bu yerlarda qiynalib yurgandan ko‘ra bola-chaqamiz oldida yashab, ishlasak yaxshi bo‘lardi, deb o‘ylayman. Bu yil Rossiyalarda ishlash ham qiyin bo‘lib qoldi. Avvalgidek ish yo‘q, odam ko‘payib ketgan. Bu yog‘i farzandlarni o‘ylaysiz, oilangizni o‘ylaysiz. Agar zavodlar ishga tushganida edi, tojikistonliklarning loaqal 10 foizi ish bilan ta‘minlansa, yaxshi bo‘lardi, - deydi Abdusalom.

Asnoda mustaqil tahlilchilar “ochiq eshiklar siyosati”ni e‘lon qilgan Tojikiston hukumati ham g‘arb, ham sharq mamlakatlari bilan aloqalarini rivojlantirishga jon-jahdi bilan urinayotganini urg‘ulaydilar.

Tahlilchilarga ko‘ra, buning bilan Tojikiston bir tomondan mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga umid qilsa, boshqa tomondan ko‘p vektorli tashqi siyosat yurgizayotganini xalqaro hamjamiyatga namoyish etmoqchi.
XS
SM
MD
LG