Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:42

"Oq Tayson" yana ringga tushadi


Germaniyadagi Universum Box-Promotion shirkati o‘zbek bokschisi Ruslan Chagayev yana ringga tushishi va jang shu yilning o‘zida bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

Eng og‘ir vazn toifasidagi o‘zbekistonlik dongdor bokschi Ruslan Chagayev yana jahon chempioni kamari uchun ringga tushadi va jang hatto shu yil o‘tkazilishi mumkin.

Bu haqda Chagayevga homiylik qilayotgan Germaniyadagi Universum Box-Promotion shirkati rahbari Valdemar Klyux bayonot berdi.

- Biz Ruslanga yana bir imkon bermoqchimiz va uni jahon chempionligi uchun jangga tavsiya etamiz. O‘ylaymizki, Ruslan chempionlik kamarini qaytarib olish uchun hali ko‘p narsaga qodir, - dedi Klyux.

Lekin janob Klyux o‘zbek bokschisining ehtimoliy raqibi kim bo‘lishi haqida aytmadi.

Ruslan Chagayev shu yilning 27 avgust kuni Germaniyaning Erfurt shahrida rossiyalik raqibi Aleksandr Povetkinga faqat ochkolar hisobiga yutqazib qo‘ygandi.

O‘zbekistonlik bokschi bu jangidan qoniqmagani va ringda bor imkoniyatini ishga solishga muvaffaq bo‘lmaganini aytgandi.

U 2007 yilning 14 aprel kuni rossiyalik raqibi Nikolay Valuyevni yengib, ilk bor professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida jahon chempioni bo‘lgandi.

Ruslan Chagayev bir necha yildan buyon Hamburgdagi Universum Box-Promotion klubida shug‘ullanib keladi.

Har ikki qo‘li bilan kuchli zarba berishga qodir bo‘lgani uchun Ruslan Chagayev professional boks olamida "Oq Tayson" laqabini olgan.

Povetkin bilan bo‘lgan jangdagi mag‘lubiyati ortidan Ozodlik radiosiga bergan intervyusida Ruslan Chagayev muxlislaridan kechirim so‘ragan va yana katta ringga tushishini va‘da qilgan edi.

- Bu men uchun oxirgi jang emas. Xudo xohlasa, yana jang bo‘ladi va chempionlik shohsupasiga yana qaytaman, - degan edi Ruslan Chagayev.

O‘zbekistonda esa hukumat nazoratidagi matbuotning Ruslan Chagayev haqida gapirmay qo‘yganiga ancha bo‘lgan.

Chagayevning 2010 yilgi avstraliyalik Kali Mihan ustidan g‘alabasi ham, Povetkin bilan bo‘lgan janggi ham o‘zbek matbuotida tilga olinmadi.

Mahalliy aholi orasida "Chagayev O‘zbekistondan butunlay ketib qolgan va Germaniya fuqaroligini olgan" degan ovoza tarqalgan.

Ruslan Chagayevning o‘zi esa O‘zbekiston fuqaroligidan voz kechmaganini aytadi. U barcha janglarda O‘zbekiston bayrog‘i ostida ringga ko‘tariladi.
XS
SM
MD
LG