Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:44

Rossiyada o‘zbekni o‘z millatdoshi aldamoqda


Rossiyaning Qozon shahridagi Qirg‘iziston mehnat va migratsiya qo‘mitasi jamoatchilik vakili Zakir Sariyev ana shunday fikrda.

Sariyevga ko‘ra, bunday ishni “vositachilar” amalga oshirayapti.

- U yerda qirg‘izlarni qirg‘izlar, o‘zbeklarni o‘zbeklar, tojiklarni tojiklar aldaydi. Bunday odamlarni “posrednik” deb qo‘yishadi. Bir voqea bo‘ldi: bir o‘zbek oilasi, yosh yigit ayoli bilan Qozon shahrida, bir o‘zbekning oshxonasida ishlashgan, hech qanday hujjati yo‘q. Bir hafta ishlashganidan so‘ng qo‘lga olingan. Men oshxona egasidan: “Siz qayerliksiz?” deb so‘rasam, “o‘zimizning O‘shdan bo‘laman”, dedi. Men: “Agar o‘zimizdan bo‘lsangiz, bular qo‘lingizda bir haftadan beri ishlayotgan bo‘lsa, bular ming rubl ishlab topgan yo‘qmi?” dedim, - der ekan Zakir Sariyev bu kishilarni ro‘yxatga olish ishlari ming rubl bilan hal bo‘lishi mumkinligini, shunda migratsiya xizmati xodimlari bilan hech qanday muammo bo‘lmasligini qo‘shimcha qildi.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, Rossiyaga ketayotganlarning soni Qirg‘izistonda 2010 yil iyunda sodir bo‘lgan qonli voqealardan keyin keskin ko‘paygan. Bundan tashqari, Rossiyada ishlayotgan qirg‘izistonlik mehnat muhojirlari orasida Rossiya fuqaroligini olish istagida bo‘lganlar ham ko‘paymoqda.

Zakir Sariyevga ko‘ra, Rossiya fuqaroligini olish uchun Moskvadagi Qirg‘iziston elchixonasidan pasportga PMJ - doimiy yashash joyi degan muhr qo‘yilishi kerak. Migrantlar sarf-harajat ko‘p bo‘lgani, shaharni yaxshi bilmagani sababli o‘zlari Moskvaga borishmaydi. Bundan esa uddaburon vositachilar foydalanib qoladi:

- Bir marta migratsiya xizmatidan meni chaqirishdi. U yerda: “Siz qirg‘izistonliklar qalbaki hujjatlarni ko‘p tayyorlaysizlar” deb, menga 4 pasportni ko‘rsatishdi. Har birida qalbaki PMJ muhri bor. O‘shanda qo‘lga olingan yigitlar 19 yoshdagi o‘zbek bolalar ekan, men ulardan: “Bu pechatni kim qo‘yib berdi?” deb so‘rasam, “Gulya degan opa qo‘yib berdi”, deyishdi. Gulya degan o‘zbek ayol asli jalolobodlik ekan, o‘zi Orenburg shahrida yashagan ekan, o‘sha ayol qo‘yib bergan ekan. Yigitlarga: “Men Qirg‘iziston mehnat va migratsiya qo‘mitasining jamoatchilik vakili bo‘laman, men to‘g‘rimda eshitganmizsizlar, nega menga kelmadinglar?” desam, “Siz haqingizda eshitganmiz. Aka, tushuning, u ayol ellik yoshga yaqinlashib qolgan va “o‘zimizning o‘zbek opamiz, bizni aldamaydi” deb o‘ylab, hujjatlarimizni berganmiz”, deyishdi, - dedi Zakir Sariyev.

Uning aytishicha, qo‘lga olingan yigitlar qalbaki muhr uchun jalolobodlik ayolga har biri 5 ming rubldan pul bergan. Qalbaki muhrni bekor qilish uchun yana 5 ming rubl jarima to‘lashgan va yangi muhr qo‘ydirish uchun yana 5 ming rubl pul to‘lashgan.

- O‘shanda ular jami 15 ming rubl sarf qilishga majbur bo‘layapti. Bu esa yigitlarning 1-1.5 oylik maoshiga teng, - dedi Zakir Sariyev.

Qirg‘iziston mehnat va migratsiya vazirligi tarqatgan rasmiy ma‘lumotlarga muvofiq, hozirda 500 mingga yaqin qirg‘izistonlik Rossiyada ishlamoqda. Biroq, norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Rossiyada ishlayotgan qirg‘izistonliklarning soni taqriban 1 millionga yetadi.

Rossiyaning Qozon shahridagi Qirg‘iziston mehnat va migratsiya qo‘mitasi jamoatchilik vakili Zakir Sariyevga ko‘ra, Tatariston respublikasida 7 mingga yaqin qirg‘izistonlik mehnat muhojiri ishlaydi. Ulardan 2500 nafari qirg‘izlar, 5 mingga yaqini o‘zbeklarni tashkil qiladi.

Qirg‘iziston Respublikasi Milliy banki tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, so‘nggi paytlarda Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojirlari tomonidan Qirg‘izistonga yuborilayotgan pullar miqdori ham o‘sgan. Masalan, 2011 yil yanvar oyidan iyun oyigacha mehnat muhojirlari Qirg‘izistonga 676 million AQSh dollari miqdorida pul jo‘natgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning 6 oyiga nisbatan 1 yarim barobarga ko‘pdir. 2010 yilning 6 oyida bu ko‘rsatkich 451 million AQSh dollarini tashkil qilgandi.
XS
SM
MD
LG