Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:12

Militsiya serjanti: Hibsxona sanatoriy emas


O‘zbekistondagi militsiya serjantlaridan biri hibsxonalardagi vaziyat haqida gapirib berdi.

5 oktyabrdan O‘zbekistonda “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.

“Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonun biror jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib qo‘lga olingan shaxslarni hibsda saqlash tartibi va sharoitlarini belgilab beradi.

Qonunning 18-moddasida taqdim etilgan haq-huquqlari doirasida hibsda saqlanayotganlarga hibsxona ichida diniy ibodatlar, marosimlarni o‘tash va diniy adabiyotlardan foydalanish huquqi berilgan.

O‘zbekistondagi vaqtinchalik saqlash hibsxonalaridagi vaziyatni ozmi-ko‘pmi kuzatib kelayotgan advokatlar va inson huquqlari faollariga ko‘ra, shu vaqtga qadar hibsxonalarda diniy ibodat, jumladan, namoz o‘qilishiga oid meyoriy hujjat bo‘lmagan.

Hibsga olingan shaxslarning ibodati hibsxonalarda va shuningdek, qamoqxonalarda ham o‘sha muassasining ichki tartibiga oid va Ichki ishlar vazirligining yo‘riqnomalariga oid hujjatlar bilan yuritilar edi.

Yangi qonun qabul qilinishi munosabati bilan biz hibsxonalarda diniy ibodatlar uchun shu vaqgacha mavjud imkon qanaqa edi va bundan so‘ng qanaqa bo‘ladi, degan savol bilan muqaddam Ozodlikka o‘zi bog‘langan Ichki ishlar xodimi, kichik serjant hamda o‘z iltimosiga ko‘ra ism-familiyasi Kozimjon Egamberdiyev, deb o‘zgartirilgan militsionerga murojaat qildik.

U kishi xususan, hibsxonalarda diniy ibodatni o‘tash masalasiga oid ayrim savollarimizga ham javob berdi.

Shu vaqtga qadar biz bu maskan haqida u yerda bo‘lib chiqqan sobiq tutqunlar yoki inson huquqlari himoyachilari, advokatlardan eshitib kelar edik.

Bugun esa bu maskanga u yerda ishlaydigan ichki ishlar xodimining nigohi bilan qarash imkoni tug‘ildi.

Aksar o‘zbekistonliklar uchun haqsizlik, tahqir va qiynoqlar makoni sifatida ko‘ringan bu maskan haqida militsiya xodimining o‘zi nima deydi?


Ozodlik: Hibsxonada 72 soatga, 15 sutkaga ushlab turiladiyu, tergov ketayapti hali. O‘sha paytda shu oraliqda o‘qirmidi?

- Yo‘q, u yerda o‘qimas edi. U yerda ilojiyam yo‘qda. Sharoit yo‘q. O‘tirib, stulda hech kim yo‘q paytda o‘qib olish mumkinu, lekin bemalol o‘qishga ruxsat berilmaydi.

Ozodlik: Tahoratning imkoni bormi?

- Yo‘q, tahoratga imkoniyat yo‘q. Umuman imkoniyat yo‘qda qisqasi.

Ozodlik: O‘zi qanaqa bo‘ladi hibsxona? 15 sutkaga qamalgan joy.

- Tualeti ichida bo‘ladi. Unitaz, rakovinalar bo‘ladi, sharoit bo‘ladi. O‘qiydigan odamlar bilasizu, samolyotda o‘qib ketganlarni ham ko‘rganmizda. Samolyotda o‘tirib o‘qisa ham bo‘laveradi.

Ozodlik: Necha kishi sig‘adi bitta hibsxonaga?

- Har xil. 6 kishilik bor, 4 kishilik, yakka xonalilar bo‘ladi.

Ozodlik: Sanitariya gigiyena masalasi juda og‘ir deb aytishadi.

- Sanitariya og‘ir deyishadi haqiqatan ham. Zax joylari bor, umuman har xil "kasal bo‘ldik, boshqa bo‘ldik" deyishadi. Sanatoriyalarda ham sharoit yaxshi emasku. Endi u yerda hech qanaqa sharoit to‘g‘risida gap bo‘lishi mumkin emas.

Ozodlik: Issiq suv haqida gapirmasak ham bo‘lar-a? yo bo‘ladimi issiq suv?

- Yo‘q, issiq suv bo‘lmaydi.

Ozodlik: Sovuq suv bo‘ladimi?

- Sovuq suv bo‘ladi. Sovuq suv oqib turadi.

Ozodlik: Mana birinchi RUVDga olib borib qo‘yadiyu. Keyin GUVDga yoki UVDga olib ketadi, deydi. RUVDda qayerda bo‘ladi u? Hibsxonalar hammasida yerto‘lada bo‘ladimi?

- Asosan podvalda bo‘ladi. Qilgan ishiga yoki odamiga qarab alohida sharoiti borroq xona qilib berishi mumkin. Nogiron bo‘lishi mumkin, qari odam bo‘lishi mumkin jinoyat qilgan odamlar.

Ozodlik: Sharoiti borroq xona qanaqa bo‘ladi?

- Sharoiti bor xona siz bilan men o‘tiradigan xonaga o‘xshagan, lekin reshotkalari bor, kravatga o‘xshagan narsa qo‘yib qo‘yasizku, o‘sha yerda yotadida endi.

Ozodlik: Ya‘ni har holda matrasi, ko‘rpasi bor.

- Ba‘zi kunlarda, mana yoz kunlarida matras ham shartmas. 15 sutkaga yotganlar ko‘p noliydida matras qo‘ymadinglar deb. Ular taxtaning ustida yotaveradi.

Ozodlik: Hozir siz sharoiti yaxshi xona haqida gapirayapsiz-a?

- Ha.

Ozodlik: Podvalda taxta ham yo‘q-a? Beton o‘tirg‘ich bo‘ladimi?

- Beton o‘tirg‘ichning ustiga taxta qo‘yilgan u yerda. Lekin zaxda. Tikka tursa zax.

Ozodlik: Aytaylik bir sutkada 6-7tadan protokol qilasizlar, deylik. Shuning nechtasi din bilan, dindorlar bilan bog‘liq bo‘ladi?

- Din bilan kamdan kam bo‘ladi. Bir oyda bir marta to‘g‘ri keladida endi. O‘zi namoz o‘qiydigan odamlar ham O‘zbekistonda borgan sari kamayayapti. Bundan 10-15 yil oldin juda dinga berilgan edi.

Ozodlik: Oyda bir marta bo‘ladi deylik dindorlar bilan bog‘liq. Ko‘pincha qanaqa tartibbuzarlik qiladi o‘sha dindorlar?

- Ko‘pincha siyosiy gaplar gapirgan bo‘lishi mumkin, odamlarni noto‘g‘ri yo‘lga boshlab da‘vat qilgan bo‘lishi mumkin, prezidentdan norozi bo‘lib gapirishi mumkin “Prezidentimiz unaqa qilayapti, prezidentimiz namozga qarshi chiqayapti” deb jamoat joylarida, transportlarda.

Ozodlik: Sizlar qayerdan bilib qolasizlar uni?

- Masalan, eshitib qolishimiz mumkin. Transportda biz ham o‘tirishimiz mumkinu fuqarolik kiyimida.

Ozodlik: Sizlarga kimdir aytadimi?

- Aytadiganlar ham bor. Noto‘g‘ri oqimlarni maqtab har xil varaqalar, hozir dindorlar ham haddidan oshib ketayaptida. To‘g‘ri gapni aytish kerakda. Men to‘g‘ri gapni aytaman. Varaqalarini o‘qisangiz, faqat g‘ashingiz keladigan narsalar yozilganda. Hamma yoqni musulmon davlati qilamiz, hamma yoqni ozod qilamiz, yaxshi qilamiz, deyilgan.

Ozodlik: Jinoiy ish yuritish paytida hibsda saqlash to‘g‘risidagi qonun chiqdi. Ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Juda ko‘p haq-huquqlari berilgan hibsga olinganlarga. Masalan, tungi paytda uxlash haqqi, shaxsiy xavfsizligini saqlash haqqi, medikament olish, shaxsiy kiyimlarini kiyish – juda ko‘p haqlar berilgan. Shularning ichida namoz o‘qishga ham imkon berilganda, ruxsat berilgan. Namoz o‘qishi mumkin, diniy adabiyotlar o‘qishi mumkin degan mazmunda. Siz shunga qanday qaraysiz?

- Qarang qanday yaxshi sharoitlar bo‘layapti. Ancha-muncha odam ko‘chada ham shunaqa sharoitda yashamayaptida.

Ozodlik: Qonunda bular hammasi yozilgan. Amalda shuni tadbiq eta olasizlarmi?

- Hibsxonada endi qilib bersa bo‘laveradi. Chunki hali uning aybi isbotlangani yo‘q. Aybi isbotlanmaguncha u jinoyatchi deb topilmaydiyu. Albatta, birov qamalgandan keyin 15 sutkagami uning orqasidan tinmay odamlar kelib turadi. Nima desangiz qiladi. Kiyimlarini yangilab ber desangiz, yangilab beradi. O‘zlari ham o‘sha sharoitni yarata oladi.

Ozodlik: Faqat shunga ruxsat bersanglar bo‘ldi-a?

- Ha, biz ruxsat bersak bo‘ldi.

Ozodlik: Masalan, sizga shunaqa ish to‘g‘ri kelib qolsa, ruxsat beraverasizmi?

- Unda ham odamiga qaraymanda. Masalan, tasodifan jinoyat qilgan bo‘lishi mumkin, o‘zini tuta bilsa, masalan, haqiqiy dindor bo‘lsa, besh vaqt namozini o‘qib, ro‘zasini tutib, har xil oqimlarga aralashib ketmagan bo‘lsa, unda ham sharoit qilib bersak bo‘laveradi.

Quyida suhbatni to‘liq tarzda tinglashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG