Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:47

Nafaqaxo‘rlik gashtini suryapsizmi?


Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra yoshi bo‘yicha nafaqaga chiqqan o‘zbekistonliklar soni uch million kishi atrofida.
Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra yoshi bo‘yicha nafaqaga chiqqan o‘zbekistonliklar soni uch million kishi atrofida.
O‘zbekiston Oliy Majlisida fuqarolarning davlat pensiya ta‘minoti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Deputatlar o‘zgartishlar o‘zbekistonlik nafaqaxo‘rlarni ijtimoiy jihatdan yanada yaxshiroq himoyalash maqsadida kiritilishini aytmoqda, lekin keyingi paytlarda pensiya sohasida kuzatilayotgan hodisalar turmushi shundoq ham og‘ir pensionerlar uchun qiyin kechmoqda. Pensiya qonuniga o‘zgartishlar kiritish masalasi ko‘tarilgani munosabati bilan Hafta savoli ruknining bugungi sonida “Nafaqaxo‘rlik gashtini suryapsizmi?” degan savolni qo‘ydik.

Toshkentlik Adham aka, payvandchi (Rossiya)


62 yoshdaman. Moskvada payvandchilik qilaman. Pensiyaga chiqqan bilan mening pensiyamga bir qop un beradi O‘zbekistonda. Rossiyaning puli bo‘yicha 1200 so‘m pul beradi menga pensiya. Men nima qila olaman o‘sha pulni? Kvartplata to‘laymanmi, oshqozonimga to‘g‘irlaymanmi yoki bola-chaqamga konfet olib beramanmi? Nimaga o‘zlari otning kallasiday pulni olishadida, qora xalq indamay yuraveradi?

Ibrohim Abduqodirov, buxorolik ko‘zi ojiz


O‘zim ko‘rish bo‘yicha 1-guruh nogironiman. 169 ming so‘m pensiya olaman. Yashayotgan uyim dom. Kvartirada yashayman. Kommunal to‘lovlar ham, oy davomida oilam bilan yeb-ichishim ham, oilamni kiyintirishim, o‘zimning kiyinishim, Xudo ko‘rsatmasin bitta-yarimtamiz og‘rib qolsak, ukol-dori hammasi o‘sha 169 mingning hisobidan bo‘ladi. Demak, pensiyaning gashtini surish haqida hali-beri orzu qilishimizning o‘zi aqlga to‘g‘ri kelmasa kerak menimcha. Prezident yoki bo‘lmasa hukumatning katta mansabdorlari, ayniqsa, prezident televizorga chiqqanida aholiga ijtimoiy yordam – bu masalalarda juda chiroyli gaplarni gapiradilaru mahalla fuqarolar yig‘iniga biror-bir ehtiyoj yuzasidan moddiy yordam so‘rab boradigan bo‘lsak, eshitadigan javobimiz “Mana oladigan pensiyang kishi boshiga falon so‘mdan tushayapti. Senga moddiy yordam yo‘q” degan javob bo‘ladi. Pensiya gashtini surishni hali-beri mening miqdorimda pensiya oladiganlar orzu qilishiga asos bo‘lmasa kerak.

Aliboy Yo‘lyaxshiyev, O‘zbekiston xalq harakati faoli (Norvegiyada siyosiy muhojir)


Chet elga chiqqanimdan boshlab nafaqa davri boshlandi deyishim mumkin. Chunki biz ishlamadik bir joyda. Biz siyosiy muhojir bo‘lib keldikda. Bizlar uchun alohida pensiya qonuni bor. BMT tomonidan maxsus qabul qilingan. Bizdan ish staj talab qilinmaydi. Faqat yosh talab qilinadi. Bizga Norvegiyaning o‘zida ishlab nafaqaga chiqqanlarga nisbatan oz beradi. Ollohga shukur nafaqasi yaxshi. Men Norvegiya puli bilan 12 ming kron olaman. 2000 dollar nafaqa beradi. Bu Norvegiya sharoiti uchun katta pul emas. O‘zbekiston sharoitiga olsangiz, juda katta pul. Norvegiya qimmatchilik, lekin beradigan narsasi yaxshi. Iqtisodiy tarafdan Norvegiya hukumatidan bizning hech qachon shikoyatimiz bo‘lmagan. Mana hozir nafaqadamiz. Norveg sharoiti bilan ham bir narsaga muhtojligimiz yo‘q.

Buxorolik sobiq o‘qituvchi Berdiqulov


Pensiya Xudoga shukur yaxshi berayapti. Men 39 yil o‘qituvchilik qildim. Hozir 315 ming atrofida pensiya olayapman. Mening noliydigan joyim yo‘q. Shohona hayotga yetmaydi. Lekin kun o‘tayapti, Xudoga shukur. Shohona hayotga yetmaydi, shohona hayot katta hayot. Men 1994 yilda pensiyaga chiqqan edim. Shundan bu yog‘iga qiynalmay yashab kelayapmiz. Mana prezidentimiz o‘qituvchilar bayramida tabriklash so‘zida murodlarning ichida maktabni eng ulug‘ murod, kasblarning ichida o‘qituvchilik kasbini eng ulug‘, dedi. Shu gapiga yarasha shu kasbdagilarga kayfiyatini ko‘tarish uchun bayram oldidan ishlovchilarning ish haqini, pensionerlarning pensiyasining 50 foizi miqdorida bayram puli bersa, jahonda yo‘q ulug‘ ish bo‘lar edi degan fikrdaman.

Surxondaryolik Anvar bobo


Men (yoshim) 84da. 290 (ming) so‘m olaman. Ishqilib yetib turibdi, bo‘ladi. Qanoat qilib turibmiz boriga shukur qilib. O‘zim 1-guruh invalidman. Shu bilan qo‘shib 290 (ming) so‘m beradi har holda. Bir o‘zimga yetadi. Kampirimiz ham 100 (ming) so‘m oladi. Bo‘lib turibdi endi rahmat. Boshqa ilojimiz ham yo‘q. Men oldin cho‘pon bo‘lganman kolxozda urush paytlarida. 1987 yil chiqqanman. Shundan beri pensiya olaman.

Iskandar Xudoyberganov, O‘zbekiston Demokratik tashabbus markazi rahbari


(kulib) Chamamda mening ustimdan kulayapsiz. Chunki masalan mening pensiyam 340 ming. Pensiyaga chiqqan odamlarning odatda u-bu kasali bo‘ladi. Demak doktorga murojaat qilib yoki muntazam ravishda qanaqadir dorilarni qabul qiladi va o‘shalarni olib turishi shart. Bu bir. Ikkinchidan, turar joyiga pul to‘lashi kerak. Uchinchidan, ovqat-povqat, ana kiyim-kechakni nariga qo‘yaylik. Ana o‘sha bergan nafaqa puli yetmaydi. Shuning uchun men bilgan pensionerlarning ichida ishlamasdan gashtini surgan odamni men bilmayman. Hammasi majburan ishlaydi. Men o‘zim ham tarjima qilaman. Men darsliklarni tarjima qilaman yoki boshqa bir maqolalar keladimi. Agarda buni qilmasam, ahvolim voy emasku, lekin juda ijtimoiy og‘ir ahvolga tushib qolishim hech gap emas.

Abdulla Tojiboy, Birdamlik harakati faoli


(kulib) Bu birinchi savolingizmi? Nafaqaxo‘r sifatida men hali nafaqani olib yolchib uning gashtini surganim yo‘q. Menga qancha nafaqa ajratadi minfin raysabezlar men bilmadim. Shu kecha-kunduzda men nafaqaxo‘r bo‘lsam ham nafaqa olib yayrab, quvnab nafaqaxo‘rlikning gashtini surayotganim yo‘q.

Toshpo‘lat Yo‘ldoshev, mustaqil tahlilchi (AQShda siyosiy muhojir)


Endi yoshim anchayin oshib qolgan. Pensiyani O‘zbekistonda olishim kerak. Qolib ketdi hammasi. Men 44 yil ishlab berganman davlatga. Pensiya olmasam ham pensiya gashtini surayapman deyman. Chunki menga berilayotgan ijtimoiy yordam boshimdan oshib ketadi. Shuning uchun men bu yoqqa kelib qolganimga shukur qilaman. Pensiya olmasam ham ijtimoiy yordam shunchalik ko‘pki, buni hech qachon men kutmaganman. Endi meni qabul qilgan davlat Amerikadan rozi bo‘lib ketaman.
XS
SM
MD
LG