Линклар

logo-print

O‘zbeklar nega shaxsga sig‘inadi?


Karimovning shaxsiga sig‘inishda qo‘rquvdan boshqa hech narsa yo‘q, deydi o‘zbekistonlik ziyolilar.

Karimovning shaxsiga sig‘inishda qo‘rquvdan boshqa hech narsa yo‘q, deydi o‘zbekistonlik ziyolilar.

Islom Karimov to‘g‘risidagi O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligi arafasida namoyish qilingan ikki seriyali filmdan so‘ng yana bir yangi film ustida ish boshlangani to‘g‘risidagi “Harakat” agentligi xabarini O‘zbekiston TVsidagi bir manba tasdiqladi.

Agentlikka ko‘ra, mazkur filmni suratga olishga asosan “Yoshlar” teleradiokanali jurnalistlari jalb etilgan.

Agentlik O‘zbekiston rahbari to‘g‘risidagi navbatdagi filmdan maqsadni taxmin qilar ekan, uni navbatdagi prezident saylovi bilan bog‘lagan.

Lekin saylovga yana 3 yil bor.

Demak, gap boshqa narsada.

Ozodlik muxbirining o‘zbekistonlik ikki olim bilan bu haqda qilgan suhbati "O‘zbeklar nega shaxsga sig‘inadi?" degan savol atrofida bo‘ldi.

Adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabekovning aytishicha,

- Hozir O‘zbekistonda biror soha yo‘qki, chorvachilikmi, dehqonchilikmi, to‘qimachilikmi, arxitekturami yoki bo‘lmasa tarixmi, falsafami, biror narsada Karimovning nomisiz yoki u kishi boshlab bergan ishsiz yoki u kishi aytgan biror-bir jumlasiz hech narsa yo‘q. Hozir shu holatga keldi. Ya‘ni marksizm, leninizm klassiklariga sig‘inish qanday bo‘ladigan bo‘lsa, hozir O‘zbekistonda hamma sohada xuddi shunday, deydi Baxtiyor Isabekov.

Janob Isabekov Amerika ochgani yo‘q: shunday ekanligini hamma biladi.

Va shu holatdan kelib chiqib prezident to‘g‘risidagi yangi filьmni Karimov kulьtini mustahkamlash uchun amalga oshirilayotgan yana bir targ‘ibot vositasi, deb qabul qilish mumkin.

Bu yangi vosita shaxsga sig‘inish hodisasi to‘g‘risida ikki olimga bir-ikki savol bilan murojaat qilishimizga bahona bo‘ldi.

Shaxsga sig‘inishning balki zarari yo‘qdir, degan ishtiboh bilan Baxtiyor Isabekovdan so‘radik:

Ozodlik: Balki shunday bo‘lishi kerakdir? Balki jamiyat shunaqa qurilishi keradir? Har holda davlat boshlig‘i millat ramzi sifatida, millatni birlashtiruvchi kuch sifatida har doim birinchi planda bo‘lishi kerakdir?

- Bundan nima naf bo‘lishi mumkin? Men tushunmayman bundan nima naf? Jamiyatga nima naf? Nima foyda beradi? Foyda beradigan narsasi shaxsga sig‘inayotgan kishining obro‘sini ko‘tarish degani. Bu zo‘rlab ko‘tarishga o‘xshagan narsa bu. Endi bunaqa zo‘rlab ko‘tarishlardan men bilmayman kim yutadi. Hech bilmayapman shunaqa bo‘lishi kerak desangiz. Bu aqlga sig‘adigan narsa emas, deydi Baxtiyor Isabekov.

Ayni savolni pedagog olim Abdulla Abdurazzoq o‘g‘liga ham berdik.

Ozodlik: Prezident kim bo‘lishidan qat‘iy nazar millat ramzi, davlat rahbari. Har qanday mamlakatda davlat rahbari millat ramzi sifatida millatni konsolidatsiya qiladigan kuch sifatida hurmati joyiga qo‘yilishi kerakdir milatni birlashtirish uchun?

- Hurmat boshqa, laganbardorlik boshqa. Shu ikkalasi ajratib olinsa, o‘z o‘zidan mavzu yechiladi. Boya juda to‘g‘ri aytib o‘tdingiz (Olim bilan suhbat chog‘ida Karimov kulьti Stalin yoki Niyozov kulьti darajasiga ko‘tarilgan emas, degan edik). Hattoki Nazarboyevga men aytgan bo‘lardim shaxsiga sig‘inish Karimovning shaxsiga sig‘inishdan yuqoriroq deb. Siz ikkitasini juda to‘g‘ri aytdingiz, uchinchisini men qo‘shayapman. Sababiki ular yana nimadir berdi. Shaxsga sig‘inishda ichiga hurmat aralashgan. Karimovning shaxsiga sig‘inishda qo‘rquvdan boshqa hech narsa yo‘q. Qo‘rquv va qo‘rquv bor. Shuning uchun oldida, boshqada ehtiyot bo‘lishligi mumkin, lekin to‘rtta odam xoli qolsa, uni bo‘ralab so‘kishdan toyinmaydi, ayollar qarg‘ishdan toyinmaydi, deydi Abdulla Abdurazzoq o‘g‘li.

Albatta, Abdulla Abdurazzoq o‘g‘lining fikrini mutlaq haqiqat, deb qabul qilmoqchi va shunday deb sizga taqdim etmoqchi emasmiz.

Karimovni samimiy hurmat qiluvchilar ham bor va agar shunday bo‘lmasa hayron qolgan bo‘lardik.

Lekin Lenin, Stalin, Xrushchev, Brejnev shaxslariga sig‘inib, keyin hammasidan ko‘ngli qolgan bir xalqning yoppasiga navbatdagi shaxsga sig‘ina boshlashini ham tushunish qiyin.

Balki gap millat zehniyatidadir?

Millat zehniyatida ham, deydi Abdulla Abdurazzoq o‘g‘li.

- Karimovning bugungi ahvolga tushishiga, bugungi ahvolga chiqishiga demayman, tushishiga, tubanlikka tushish, sig‘inilgan shaxsga aylanishning o‘zi yuztuban ketish, jaholat botqog‘iga botish. Ana shu ishda Karimovning aybi 50 foiz bo‘lsa, o‘zbek xalqining aybi ham 50 foizdan kam emas. Bizning urf-odatlarimiz, qandaydir shaxsga sig‘inishga moyilligimiz, “Ziyolisi xiyonatkor el ojiz bo‘lar, bo‘lar mahkum qul” degan narsalar bir vaqtlar yozgandim, demoqchimanki, ziyolilarimizni mana shunday holatni tozalashni o‘ylash kerak. Ziyolilarning o‘zida shunday xatolik. Xalqning ichida bo‘lsa, hattoki maqollarimizda, matallarimizda bizning ichki dunyoyimiz aks etgan. “Otangni o‘ldirganga onangni ber”, “E onangni desa otamsiz, e opangni desa pochchamsiz, e singlingni desa kuyovimsiz deb tur” deb aql o‘rgatadiganlar borda hali ichimizda, deydi Abdulla Abdurazzoq.

Abdulla Abdurazzoq o‘g‘lining bu fikrlariga boshqa olim – Baxtiyor Isabekov qo‘shilmaydi.

- Bu o‘zbek millatiga xos deydigan bo‘lsak, bunga qarshi dalillar ko‘pda. Jumladan o‘sha SSSRda o‘rislarda ham, ukrain, belarus, Boltiq bo‘yi bo‘lgan katta imperiyada shaxsga sig‘inish bemalol vujudga kelgan edi. Buni o‘zbeklar bilan bog‘lab bo‘lmaydi. Shuning uchun u faqat o‘zbekka xos deyish uncha to‘g‘ri kelmayapti, deydi Baxtiyor Isabekov.

Sig‘inilgan shaxslar qanchalik ko‘klarga ko‘tarilgan bo‘lsa, vaqti kelib shunchalik qulatilganiga misollar ko‘p. Leninu Stalin, Gitleru Mussolinilarni eslang.

Brejnevning kitoblari pistafurushlarda, Niyozovning “Ruhnoma”si nosfurushlarda ham tugab bitdi.

Shuni bilmaydilarmi yangilari? Nima uchun ular tarixdan saboq chiqarmaydi?

90-yillarda maxsus maktubida Karimovni amaldan AQSh prezidentlariga o‘xshab o‘z vaqtida ketishga da‘vat qilgan Abdulla Abdurazzoq o‘g‘li savolimizga javoban dedi:

- Karimov juda istadi. Kelajakda Reygan kabi katta hurmat, katta ehtirom bilan iste‘foga chiqadigan kunlarga yetishni juda istadi. Lekin undagi nafs bir ozgina balandlik qildi, deydi Abdulla Abdurazzoq o‘g‘li.

Baxtiyor Isabekovdan ham so‘radim:

Ozodlik: Nima uchun tarixdan saboq olishmaydi?

- Men ham shu savolni bermoqchi edim. Masalan deylik Brejnevi ham, Xrushchevi ham, undan oldingilari ham tom-tomlab kitoblar yozdi. Vafotidan keyin o‘sha paytning o‘zida hech kimga kerak bo‘lmay qoldi. Shuni hozirgi hukumatdagilarning juda ko‘pchiligi ko‘rgan. Lekin xuddi shu yo‘ldan ketishayapti.

Ozodlik: Nima uchun?

- Men sizdan so‘ramoqchi edim: nimaga shunaqa? Odamlar o‘ziga kelganda garangsib qoladimi, boshqa bo‘ladimi bilmayman.

Ozodlik: Bilmaysiz-a nimaga shunaqaligini?

- Yo‘q, yo‘q, bilmayman. Siz aytayotgan savol menda ham bor. Ko‘rib turib nimaga shunaqa qilishadi?

Ozodlik: Siz tushuntirib berasizmikan deb sizga telefon qilgan edim. Siz ham bilmaysiz ekan.

- Yo‘q, bilmayman buni. Bu yerda qanaqa psixologiya bor bilmayman. O‘sha o‘tmishni unutish bo‘ladimi, men aniq aytib bera olmayman buni. yoki bo‘lmasa u bilan bo‘lgan narsa men bilan bo‘lmaydi degan narsa bormi qanaqadir ishontiradigan. Bilmayman men, deydi Baxtiyor Isabekov.

Ha, adabiyotshunos olim bilmadi savolimiz javobini.

Aslida, O‘zbekiston prezidenti haqidagi yangi filьm ustida ish boshlangani to‘g‘risidagi xabar munosabati bilan bugungi 4-5 daqiqali kichkina radiolavhaga qamalgan ulkan mavzu doirasida paydo bo‘ladigan savollarga javob topib berishga bel bog‘lagan ham emasmiz.

Maqsad – bu yorug‘ dunyoda shunaqa savollar ham borligini yodingizga solib qo‘yish edi, xolos.
XS
SM
MD
LG