Линклар

logo-print

Qirg‘izistondagi o‘zbek maktablari taqdiri savol ostida


2010 yil iyun voqealarida O‘shdagi bir nechta o‘zbek maktabiga o‘t qo‘yilgan edi.

2010 yil iyun voqealarida O‘shdagi bir nechta o‘zbek maktabiga o‘t qo‘yilgan edi.

O‘sh shahri meri Melis Mirzaqmatov o‘zbek maktablarida ta‘limni qirg‘iz tiliga ko‘chirish lozimligi to‘g‘risida 30 sentyabrda bayonot berganidan so‘ng qirg‘izistonlik o‘zbeklarning iyun fojeasidan so‘ng paydo bo‘lgan tashvishlariga yana bir tashvish qo‘shildi. Buni masalaga oydinlik kiritib berishni so‘rab Ozodlikka murojaat qilayotgan tinglovchilarning ko‘pligi ham ko‘rsatib turibdi. Mavzuni o‘rganar ekan, Ozodlik muxbiri qirg‘izistonlik o‘zbeklarning maktab ta‘limi masalasida tashvishlanishiga asos yo‘q, degan fikrga keldi. Har holda, hozircha asos yo‘q...

Mirzaqmatov nima degan edi?


KirTAG agentligining xabar qilishicha, O‘sh shahri meri 30 sentyabr kuni bunday degan:

“O‘sh shahridagi o‘zbek maktablarida ta‘lim o‘zbek tilida olib borilishi kerak. Bu davr talabi bo‘lib qoldi. Qirg‘iz tilida olib boriladigan predmetlar to‘g‘risidagi taklif O‘sh shahar ta‘lim boshqarmasi bilan hamkorlikda ta‘lim vazirligi tomonidan tayyorlanadi”.

5 oktyabr kuni esa, Mirzaqmatov Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati savollariga javob berar ekan, mana bunday degan edi:

...bundan buyon qirg‘iz-o‘zbek, deb bo‘linmay, maktablarni faqat maktabgina deb atab, o‘zbek maktablarning hammasini qirg‘iz tiliga o‘tkazib, kirillitsa bilan lotin harfini birday qo‘yib deganday...

Mirzaqmatov nimani qanday aytgan bo‘lsa, shunday keltirdik.

Demak, tumtaroqroq gapining mazmuniga qaraganda, Mirzaqmatov o‘zbek maktablarida ta‘limni 100 foiz qirg‘izchaga o‘tkazishni taklif qilmayapti.

“Mirzaqmatov Karimovdan ruxsat so‘ramoqchi”


Bu g‘alati gapni O‘sh shahar o‘zbek milliy-madaniy markazi raisi Abdurashid Xo‘jayevdan eshitdik.

U Mirzaqmatovning tushunarsizroq bayonotini qanday tushunishini aytib berdi.

- Endi tushunmovchilik bo‘layapti. Shahar meri Mirzaqmatov aytayaptiki, “Bugungi kunda o‘zbek maktabni bitirgan bolalarimiz hech qayoqqa borib o‘qimaydi. Shuning uchun qirg‘izcha o‘qisa, Bishkekka boradimi, boshqa yerga boradimi institutlarga kirib o‘qishi mumkin. Karimov bilan gaplashamiz. Karimov ruxsat bersa, o‘zbekchani yarim lotin tilda qilamiz, aniq fanlarni kirillcha o‘qitamiz deb” bu o‘zining taklifi bo‘lgan.

Ozodlik: Melis Mirzaqmatov “Karimovdan ruxsat so‘raymiz” degani aniqmi?

- Aniq. “Ruxsat so‘raymiz. Biz ham o‘zbek maktablarini yarim lotinga o‘tkazaylik. Xohlaganlar keyin Toshkentga borib o‘qisin. Qirg‘izcha o‘qiydiganlar Bishkekda o‘qisin” degan. Uning ham gaplari yaxshi, to‘g‘ri.

Ozodlik: Milliy markaz raisi sifatida sizning pozitsiyangiz qanaqa?

- Til bilgan ziyon emas.

Ozodlik: Bu to‘g‘ri. O‘zbek maktablarini to‘la qirg‘izchaga o‘tkazish haqida.

- To‘la qirg‘izcha degan gap yo‘q bu yerda. Tushunmovchilik bo‘lib odamlar bu taraf bo‘layapti. To‘la qirg‘izcha demayapti. Ona tili vba adabiyoti, tarix hammasini lotin tilida...

Ozodlik: Lotin yozuvida deng.

- Ha, lotin yozuvida, deydi Abdurashid Xo‘jayev.

Xullas, Abdurashid Xo‘jayevning aytishicha, Mirzaqmatov taklif qilayotgan formula bunday:

O‘zbek tili, o‘zbek adabiyoti va tarix darslari o‘zbek tilida o‘qitiladi, bu darslarni o‘zlashtirishda lotin yozuvidan foydalaniladi va lotin yozuviga o‘tish uchun O‘sh meri nima uchundir boshqa davlat – O‘zbekiston prezidentidan ruxsat so‘ramoqchi (?!)

Til, adabiyot va tarixdan boshqa barcha predmetlar qirg‘iz tilida, kiril yozuvida o‘qitiladi.

Xo‘jayevdan o‘z pozitsiyasini bildirishni yana bir bor so‘radik.

Ozodlik: Sizning pozitsiyangiz qanaqa?

- Mening pozitsiyam hozir aniq emas, deydi O‘sh shahar o‘zbek milliy-madaniy markazi raisi Abdurashid Xo‘jayev.

“Men shaxsiy fikrimni ayta olmayman ”


Mavzuni o‘rganar ekanmiz, O‘sh shahridagi o‘zbek maktablardan birining direktoriga ham bir necha savol bilan murojaat qildik.

Ozodlik: O‘zbek maktablarini qirg‘iz tiliga o‘tkazish bo‘yicha amaliy choralar boshlandimi yoki bu faqat gap darajasidami?

- Hozircha o‘tganda bu bir og‘iz gapirib qo‘yildi katta majlisda ommaning ichida. Amalga oshgani yo‘q. Endi mening o‘yimcha ota-onalar ham bu yilgi nima bo‘yicha opros yurgizganimizda, hozircha ma‘qullik bergani yo‘q ota-onalar. Bizga ham majburiy davleniye degan narsalar yo‘q hozir.

Ozodlik: Umuman shu g‘oyaga sizning shaxsiy munosabatingiz qanday? O‘zbek maktablarida o‘qishni qirg‘iz tiliga o‘tkazish g‘oyasiga?

- Bu davlatning miqyosida yechiladigan masala. Men o‘zimning shaxsiy fikrimni ayta olmaymanda. Mening bitta shaxsiy fikrim bilan yechilmaydiyu.

Ozodlik: Xabarlarga qaraganda bu yil boshlangan yangi o‘quv yilidan har bir maktabda bittadan qirg‘iz sinflari ochilgan. Sizlarda ham shunday bo‘ldimi?

- Yo‘q, noto‘g‘ri. Rayonda, Mohira Umarovnaning maktabida bitta qirg‘iz sinfi ochildi. Bir borib ko‘zimiz bilan ko‘rganmiz. Lekin shahar maorifida o‘zbek maktablarida qirg‘iz sinflari ochilgani yo‘q, deydi O‘sh shahridagi o‘zbek maktablardan birining direktori.

“Rayonda”, der ekan, O‘sh shahridagi o‘zbek maktablardan birining direktori O‘sh shahriga tutash Qorasuv tumanini nazarda tutdi.

“Bosh vazir masala Konstitutsiya doirasida hal qilinajagini aytdi”

O‘sh shahar meri bayonotidan keyin qirg‘izistonlik o‘zbeklar orasida mish-mishlar ko‘payib ketdi. Ulardan biri budir: emishki, Bosh vazir Atambayev o‘zbeklar vakillarini qabul qilibdi. Uchrashuvda Atambayev o‘zbek maktablarini qirg‘izchalashtirish masalasi hal bo‘lgan masala, deganmish.

Biz Qirg‘iziston hukumati raisi bilan uchrashgan o‘zbeklardan biri bilan ham gaplashdik. Faqat u O‘shdagi vaziyatdan kelib chiqib, ismini aytmasligimizni, ovozini eshittirmasligimizni iltimos qildi. Uning aytishicha, Bosh vazir Almazbek Atambayev bilan o‘tgan haftada bo‘lib o‘tgan norasmiy uchrashuvda o‘zbek maktablari masalasi tilga olingan va hukumat raisi masala mamlakat Konstitutsiyasi doirasida hal qilinajagini aytgan.

“Bu masala hukumat darajasida ko‘rilgan emas”


Hukumat pozitsiyasini yaxshiroq tushunish uchun Qirg‘iziston respublikasi mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish ishlari bo‘yicha milliy agentligi rahbari Baxtiyor Fattohov bilan bog‘landik.

Savolimizni bir kun avval berib qo‘yganimiz uchun Baxtiyor Fattohov darhol javobga o‘ta qoldi.

- U narsa bo‘lgan emas ekan. Faqat shahar rahbariyati shunaqa gap chiqarib, bizlar ham odnaznachno aytdik.

Ozodlik: Demak, Qirg‘iziston hukumatida Qirg‘izistondagi o‘zbek maktablarida o‘qishni qirg‘iz tiliga o‘tkazish rejasi yo‘q.

- Yo‘q. U masala ko‘rilgani yo‘q. Boshqa gap qirg‘iz tilini o‘qitish soatini ko‘paytirib o‘zbek bolalarini qirg‘iz tiliga yaxshilab o‘rgatish, dedi Qirg‘iziston respublikasi mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish ishlari bo‘yicha milliy agentligi rahbari Baxtiyor Fattohov.

“O‘zbek maktablarini qirg‘iz tiliga emas, rus tiliga o‘tkazish kerak”


Bu fikr Qirg‘izistondagi “Qilim shami” inson huquqlari tashkiloti rahbari Aziza Abdurasulovadan chiqdi.

Abdurasulova xonim o‘tgan haftada Varshavada Ozodlik savollariga javob berar ekan, mana bunday degan edi.

- Afsuski, O‘sh shahri meri chindan ham o‘zbek maktablarini qirg‘iz tiliga o‘tkazish taklifi bilan chiqmoqda. Buni u o‘zbek maktablari bitiruvchilari uchun oliy o‘quv yurtlariga kirish imkoniyatini yaratish zarurati bilan izohlamoqda. Biroq shuni ham unutmaslik kerakki, Qirg‘izistonda deyarli barcha oliy o‘quv yurtlarida o‘qish rus tilida olib boriladi. Shuning uchun o‘zbek maktablarini rus tiliga o‘tkazish taklifi bilan kimdir chiqsa, bunday taklifni men tushungan bo‘lardim, deydi Aziza Abdurasulova.

Prezident apparati nima deydi?


Mavzu yuzasidan savolimizni Varshavada Qirg‘iziston prezidenti ma‘muriyatining Millatlararo rivojlanish bo‘limi mudiri Mira Karabayevaga ham bergan edik.

Uning aytishicha, hozirda o‘qish qirg‘iz tilida olib borilmaydigan maktablarda, jumladan o‘zbek maktablarida qirg‘iz tili darslarini ko‘paytirish ustida ish olib borilmoqda.

- Janob Mirzaqmatovning bayonotiga kelsak, u siyosatchi va populist sifatida nima haqda xohlasa, shu haqda bayonot berishi mumkin. Lekin bu mamlakatdagi til siyosatini aynan Mirzaqmatov belgilaydi, degani emas. Bu ish uchun rasmiy hokimiyat, xususan Ta‘lim vazirligi mavjud. Vazirlik esa, uning siyosiylashgan bayonotini mutlaqo qo‘llab quvvatlamaydi, deydi Qirg‘iziston prezidenti ma‘muriyatining Millatlararo rivojlanish bo‘limi mudiri Mira Karabayeva.
XS
SM
MD
LG