Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:50

Bayram Tutumli: Laporta yolg‘onchi, ochko‘z odam


Turkiyalik futbol agenti Laportani "Zeromaks" xo‘jayinlari bilan tanishtirib qo‘ygani uchun haq ololmagani uchun jig‘ibiyron.
Turkiyalik futbol agenti Laportani "Zeromaks" xo‘jayinlari bilan tanishtirib qo‘ygani uchun haq ololmagani uchun jig‘ibiyron.
Ispaniyaning "Barselona" futbol jamoasi sobiq prezidenti Joan Laporta 10 oktabr kuni Ispaniya sudida qilgan chiqishida o‘ziga qarashli advokatlik shirkati O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytilgan va 2010 yilda singan "Zeromaks" shirkatidan 10 million yevrodan ko‘proq mablag‘ olganiga iqror bo‘ldi, lekin bu mablag‘lar noqonuniy bo‘lganini rad etdi.

O‘zbekistonning “Bunyodkor” klubi bilan noqonuniy oldi-berdilari bilan bog‘liq janjal yuzasidan dushanba kuni sudga chaqirilgan Laporta "Zeromaks"dan uch yil davomida olingan pullar huquqiy maslahatlar uchun berilgan hizmat haqi bo‘lganini aytdi.

Janob Laportaning o‘zi bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi. Lekin “Barselona” va O‘zbekistonning “Bunyodkor” futbol jamoalari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish bilan shug‘ullangan turkiyalik futbol agenti Bayram Tutumli sud majlisidan keyin Ozodlikka bergan intervyusida Laportani O‘zbekistondan tushgan mablag‘larni noqonuniy o‘zlashtiriganlikda aybladi.

“Laporta yolg‘onchi bir inson. “Barselona” jamoasi “Bunyodkor” bilan ish qilar ekan, bundan tushgan mablag‘larni u o‘zining shaxsiy hisobiga o‘tkazgan”,- deydi Tutumli.

"Barselona" klubi sobiq prezidenti Joan Laporta
"Barselona" klubi sobiq prezidenti Joan Laporta
Bayram Tutumli jahon futboli olamidagi eng mashhur klublardan bo‘lgan “Barselona”ning sobiq rahbari Laporta O‘zbekistonning “Bunyodkor” klubi bilan amalga oshirgan noqonuniy moliyaviy sxemalar yordamida 10 million yevrodan ko‘proq miqdoridagi pulni cho‘ntakka urganini iddao qiladi.

Unga ko‘ra, noqonuniy pullar Xuan Laportaga tegishli "Laporta&Arbos" huquqiy xizmat ko‘rsatish shirkatining Shvetsariyadagi bank hisobiga o‘tkazilgan.

“Zeromaks Barselona klubiga kamida 20 million yevro jo‘natdi. Lekin, bu mablag‘larni katta qismini Laporta oldi. Menimcha Laporta cho‘ntagiga urgan 10 million yevrodan ortiq pul bilan cheklanib qolmagan. Chamamda, unga yana qo‘shimcha pullar ham yuborilgan va bu pullar ham uning Shveytsariyadagi hisobiga o‘tkazilgan”,- deydi Tutumli.

O‘zbekistonning “Bunyodkor” klubi bilan noqonuniy oldi-berdilari bilan bog‘liq janjal yuzasidan dushanba kuni sudga chaqirilgan Laporta turk futbol agentini tanimasligi aytib, uning da‘volarini rad etdi.

Unga ko‘ra, "Zeromaks" shirkatidan uch yil davomida olingan pullar huquqiy maslahatlar uchun xizmat haqi bo‘lgan.

Shuningdek, Laporta o‘ziga nisbatan sud-tergov jarayoni "Barselona"ning hozirgi prezidenti Sandro Roselli tarafidan ataylab uyushtirilganini da‘vo qildi.

2003 yildan beri "Barselona" jamosiga rahbarlik qilgan Joan Laporta futbol klublari bilan aloqa qilishda moliyaviy tartibni buzganlikda ayblangan va 2010 yilda klub prezidentligini tark etgan edi.

Futbol agenti Bayram Tutumli “Berselona” prezidenti va O‘zbekiston prezidenti to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytilgan va 2010 yilda singan "Zeromaks" shirkati o‘rtasida vositachilik qilgani uchun haq ololmaganini da‘vo qilmoqda.

Unga ko‘ra, 2008 yilda "Barselona" futbol klubi prezidenti Joan Laporta va Gulnora Karimova nazorati ostida bo‘lgani aytilgan "Zeromaks" shirkati vakili Mirodil Jalolov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan va uchrashuvda "Barselona" va "Bunyodkor" o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish muhokama qilingan.

“Bu uchrashuvga men vositachilik qilgan edim. Men ularni tanishtirdim. Hamma ish pishganidan keyin, ular meni chetlab o‘tib, o‘zlari til biriktirishib, Laporta O‘zbekistondan olingan pullarni Barselonaga bermay, o‘zining advokatlik shirkati hisobiga o‘tkazdi. Bugun buning hammasi fosh bo‘lyapti”,- deydi Tutumli.

Bu kelishuvga muvofiq "Barselona"ning eng taniqli yulduzlari Messi, In‘esta va Puyol kabilar Toshkentga borib kelishdi, ularga Toshkentga tashriflari va jamoalar o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi uchun millionlab yevro sarflandi.

Bayram Tutumluga ko‘ra, Joan Laporta "Barselona" jamoasi deb, o‘zi uchun ham pul undirib qolish imkoni bo‘lsa, pul manbasini surishtirmay har narsaga rozi bo‘laveradigan odam.

“Laportaga pulni ko‘rsatsangiz bo‘ldi, xohlaganinigzini undan olishingiz mumkin. Laporta ana shunday sotiladigan odam. O‘zbeklar ham uni shundayligini bilib, unga pul berdilar va uni sotib oldilar. Bu yerga Mirodil degan odam keldi. Hamma g‘irromliklarni qilgan shu odam va Laporta bo‘ladi. Bu Mirodil degani “Zermaks”ni ham harob qilganini bugun ko‘rib turibmiz”,- dedi Tutumli.

Barselona o‘z futbolkalarida YuNISEF tamg‘asi bilan o‘ynaydi. YuNISEF jaxonda bolalar huquqlarini himoya qiladigan tashkilot.

Huquq himoyachilari "Barselona" jamoasini bolalarni qul qilib ishlatadigan O‘zbekiston rahbari qiziga tegishli ekani aytiladigan shirkat bilan hamkorlik qilganlikda ham tanqid qilishgan edi.

"O‘zbekistondagilar pullarni g‘arib xalqiga berish o‘rniga, bu yerga kelib Laporta kabi qalloplarga berishyapti. Nima ham derdim",- deydi futbol agenti Bayram Tutumli.
XS
SM
MD
LG