Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:44

Taniqli kinoaktyor Farrux Soipov hibsga olingani tasdiqlandi


Farrux Soipov keyingi yillarda ishlangan ko‘plab mashhur kinofilmlarda bosh rollarni ijro etgan va yaqin orada uning o‘zi ishlagan "Nafs" filmi premьerasi bo‘lishi kutilayotgan edi.
Farrux Soipov keyingi yillarda ishlangan ko‘plab mashhur kinofilmlarda bosh rollarni ijro etgan va yaqin orada uning o‘zi ishlagan "Nafs" filmi premьerasi bo‘lishi kutilayotgan edi.
Kinoaktyorni diniy-radikal guruhga aloqador shaxsning ko‘rsatmasiga binoan so‘roqqa chaqirishgani aytilmoqda.

27 yoshli Farrux Soipov kuni kecha ozod bo‘ldi va aktyorga yaqin manbalarning Ozodlikka ma‘lum qilishicha, uning 10 oktyabrga belgilangan to‘yi boshqa kunga ko‘chirilgan.

Yosh kinoaktyorning hibsga olingani haqida bir hafta muqaddam o‘zbek shou biznesi haqida xabarlarni berib boruvchi veb-saytlar xabar tarqatgan edi.

Xabarlarda aktyorning nega hibsga olingani aytilmagan edi.

Ozodlik muxbiri aktyorning o‘zi bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo, Farrux Soipov hozir bizning savollarimizga javob bera olmasligini aytdi.

Bir qator internet nashrilari, jumladan, NewsUz.com sayti aktyorning "O‘zbekkino" milliy agentligi binosida hibsga olingani haqida yozgan edi.

Agentlik xodimlari bu axborotni rad etdi, ammo Soipovning kuni kecha ozod qilingani haqidagi xabarni tasdiqlar ekan, "O‘zbekkino" xodimlardan biri aktyorning hibsga olingani sabablari ularga noma‘lum ekanini aytdi.

- Sababini bilmayman. Kechamikin, o‘tgan kunikimin ozod qilindi, menimcha. Hamma bizga qo‘ng‘iroq qilib, sizlardan olib ketishibdi, deb so‘rayapti. Men aytdim ularga, internetda har xil narsalarni yozaverishadida, bo‘lmagan gap, deb,- dedi agentlikning o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Biroq, Farrux Soipov bilan hamkorlikda ishlaydigan yosh ijodkorlardan birining mikrofonsiz suhbatda Ozodlikka aytishicha, hibsga olish sababi tushunmovchilik bilan bog‘liqdir.

"Shu kimdir, anuv radikal guruhlardan bo‘lgan bittasi "shu Farruxniyam taniyman", degan ekan shekilli. Endi Farrux taniqli odam, uni tanimaydigan odamning o‘zi yo‘q. Shunga ko‘ra uni chaqirishdi. Lekin hurmatini qilib chaqirishdi, gaplashishdi va hammasi hal bo‘ldi. Bugun ham ko‘rishdim, yaxshi yuribdi",- dedi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka so‘zlagan ijodkorlardan biri.

Bir necha veb saytlarda Soipovning bir haftaga hibs qilingani aytilgan edi. Suhbatdoshimiz bu xabarni inkor qildi.

"Eee, unaqa bir hafta ushladi, degan gaplar yolg‘on. Endi mashhur odam haqida har xil narsalarni gapirishaveradida. Shu chaqirishdi, so‘roq qilishdi. Hech qancha ushlashgani yo‘q. Hurmatini joyiga qo‘yib gaplashishdi va qo‘yvorishdi. Bu yerda ortiqcha gaplarga hojat yo‘q", - deydi yosh kinoijodkorlardan biri.

Farrux Soipovga yaqin ijodkor kuzatuvlariga ko‘ra, aktyorning hech qanday diniy yoki radikal oqimlar va umuman, mutaassib toifalarga aloqasi yo‘q.

27 yoshga kirgan aktyor Farrux Soipovning shu yil 10 oktyabrga to‘yi belgilangani va shu voqea sabab to‘yi qoldirilgani aytilmoqda.

Soipovga hamkor ijodkorning Ozodlikka aytishicha, to‘y boshqa kunga ko‘chirilgan.

"Hozir Farrux to‘y harakati bilan yuribdi. To‘yi qoldirilgani yo‘q. Hammasi joyida, uning kayfiyati ham juda yaxshi",- deydi o‘zbekistonlik kinoijodkor.

Shu yil oktbyar oyida Farrux Siopovning o‘zi rejissyorlik qilgan "Nafs" filmi premerasi bo‘lib o‘tishi kutilayotgan edi.

"Premьera ham bo‘ladi. Farrux iste‘dodli yigit. Bu bo‘lgan voqealar uning ijodiga aslo ta‘sir qilgani yo‘q",- dedi aktyor bilan hamkorlikda ishlaydigan taniqli ijodkorlardan biri.

Toshkentda tug‘ilgan Farrux Soipovning asl kasbi huquqshunosdir. U 2005 yilda Toshkent Davlat yuridik institutini tamomlagan.

Ammo, 2003 yildan boshlab kinofilmlarda suratga tushishni boshlagan edi. Uning 2007 yilda Nyu York kinoakademiyasini tamomlagani ham aytiladi.

Hozirga kelib Farrux Soipov O‘zbekistondagi taniqli yosh aktyorlardan biriga aylangan.

Shuningdek, u diniy-radikal motivlarda ayblangan shaxslarga aloqadorlikda gumon qilinib, so‘roqqa chaqirilgan ilk yosh akyotlardan biri bo‘lmoqda.

Ozodlik manbalaridan yana birining aytishicha, aktyorga tanish bo‘lgan va uning so‘roqqa tortilishiga sabab bo‘lgan tengdoshi hanuz hibsda saqlanmoqda.

U yigit va yana bir necha yosh toshkentlik "Birodarlar" guruhiga aloqadorlikda ayblanayotgani aytilmoqda.
XS
SM
MD
LG