Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:05

Karimov AQSh yoxud Rossiyadan birini tanlashi kerak...mi?


Ayrim tahlilchilar¸Putinning Rossiya prezidentligiga qaytishi arafasida Karimov bu borada aniq qaror berishga majbur bo‘lishini yozmoqdalar.
Ayrim tahlilchilar¸Putinning Rossiya prezidentligiga qaytishi arafasida Karimov bu borada aniq qaror berishga majbur bo‘lishini yozmoqdalar.
Ayrim rus nashrlari¸ xalqaro voqealar dinamikasi O‘zbekiston prezidentini ana shunday og‘ir tanlov qarshisiga qo‘yganini da‘vo qilmoqda.

11 oktabr kuni AQSh ning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Mark Grossman Oqsaroyda prezident Karimov bilan uchrashdi.

Bu uchrashuv arafasida 10 oktyabr kuni AQSh Milliy xavfsizlik kengashining Markaziy Osiyo idorasi direktori Linn Treysi (Lynne Tracy) va AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Syuzan M.Elliot ( Susan M. Elliott) AQSh ning O‘zbekistondagi elchisi Jorj Krol hamrohligida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Toshkent rasmiylari bilan so‘zlashuv o‘tkazdilar.

Keyingi oylar davomida Toshkentga serqatnov bo‘lib qolgan turli darajadagi Amerika harbiy-xavfsizlik mulozimlarining Karimov hukumati bilan aynan qaysi masalalar yuzasidan muzokara o‘tkazayotgani jamoatchilikdan sir tutilmoqda. Ammo bunday muzokaralar oqibatida AQSh-O‘zbekiston munosabatlari¸ aniqrog‘i ikki davlat o‘rtasidagi harbiy-xavfsizlik aloqalarining ilib borayotgani ochiq ko‘rinib bormoqda.

AQSh prezidenti va Davlat Kotibi O‘zbekiston hukumati sha‘niga¸ ayniqsa Toshkentning Afg‘onistondagi AQSh harbiylari ta‘minotidagi roliga iliq gaplar aytib turgan bir paytda¸ Amerika Kongressi O‘zbekistonga harbiy yordam berishni qayta tiklashga qaror qildi. Bu esa¸ Afg‘onistondagi urush botqog‘idan chiqish yo‘lida Vashington O‘zbekiston hukumatining inson haqlari va demokratiya bobidagi repressiv siyosatiga ko‘z yumib¸ u bilan strategik hamkorlikka kirishgani ifodasi sifatida talqin etilmoqda.

AQShning Afg‘oniston va Pokistonga nisbatan munosabatlari mualliflaridan biri Mark Grossman Toshkentda Karimov bilan xos uchrashuv o‘tkazib chiqqach¸ ayrim rus nashrlari Oqsaroy so‘zlashuvida Karimovga strategik ittifoqchilikka Rossiya va AQShdan birini tanlash tavsiya etilgani haqida yozmoqda.

“Grossman safari davomida O‘zbekistonning bundan so‘ng Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) da qolishining nechog‘li maqsadga muvofiqligi u yoki bu shaklda tilga olinadi hamda AQSh va NATO O‘zbekiston bu tashkilotdan chiqqan taqdirda uning xavfsizligini to‘liq ta‘minlashni kafolatlaydi”¸ deb yozdi O‘zbekiston, ayni paytda Rossiya xavfsizlik xizmatlariga yaqin ekani aytiladigan Uzmetronom.com internet gazetasi.

Rossiyadagi siyosiy va harbiy tadqiqotlar instituti qoshidagi Tahlil bo‘limi rahbari Aleksandr Xramchixin O‘zbekistonning KXShTda qolish-qolmasligini AQSh mulozimlari emas¸ balki tashkilot a‘zolari hal qilishi va ayni kunlarda Toshkentni bu tashkilotdan haydash rejasi Moskvada jiddiy muhokama qilinayotganini aytadi.

- KXShT ichida shu paytga qadar sabotajchi bo‘lib kelayotgan O‘zbekistonni tashkilotdan chiqarish kayfiyati juda kuchli¸ jumladan Moskvada ham. Toshkent KXShT ichidagi barcha printsipial masalalarni hal qilish yo‘liga g‘ov bo‘lmoqda va uning o‘zi tashkilotning biror tadbirida qatnashmay kelayotir. Hozir O‘zbekiston oldida tashkilotda qolish-qolmaslikni tanlashdan ko‘ra¸ undan haydalish ehtimoli kuchliroq bo‘lib turibdi¸ deydi Xramchixin Ozodlik bilan suhbatda.

"AQSh¸ go‘yo NATOga raqiblikni da‘vo qilayotgan KXShTdan O‘zbekistonning chiqishi evaziga Karimovga xavfsizlik kafolatini beradi¸ degan gap men uchun mutlaq asossizdir"¸ deb davom etadi rossiyalik tahlilchi.

- Karimov amerikaliklar uchun diktator. Afg‘oniston Vashington tashqi siyosati uchun ustivor mamlakat bo‘lib qolar ekan¸ tranzit yo‘li uchun ular Karimov bilan do‘stlashgandek bo‘lishi mumkin. Ammo AQSh Karimovga qanaqa xavfsizlik kafolati berishi mumkin? Bergan taqdirda ham bu kafolatni ular qanday amalga oshiradi – AQSh Karimovni kimdan¸ qaysi yo‘l bilan himoya qiladi? Hatto AQSh O‘zbekistonda yana harbiy baza ochgan taqdirda ham¸ Amerika biror askarini Karimovni deb kim bilandir urushga kiritmaydi. O‘zi Karimovga kim urush ochadi – o‘z xalqimi¸ yoki Tojikiston va Qirg‘iziston kabi qo‘shnilarimi? Masalani bunday qo‘yishning o‘zi aslida noto‘g‘ri¸ deydi rossiyalik tahlilchi.

Xavfsizlik tadqiqotlari bo‘yicha Yevropa Marshal markazi professori Nik Pratt ham¸ AQSh mulozimi O‘zbekistonga KXShTdan chiqishni tavsiya qiladi¸ degan “tahlil”da asos yo‘q¸ deb biladi.

- Chunki nihoyatda katta va qamrovi mavhum tashkilotlardan ko‘ra¸ AQSh uchun mintaqaviy uyushma va ittifoqlar bilan ishlash qulayroq va bunday uyushmalar¸ hatto harbiy-xavfsizlik maqsadida tuzilgan bo‘lsa-da¸ amalda mintaqaviy xavfsizlikka xizmat qilsa¸ Vashington ularni qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bois¸ AQSh uchun O‘zbekistonni KXShTdan chiqishga da‘vat qilishning keragi yo‘q. Agar bu tashkilot amalda haqiqatan ishlasa¸ bu Amerika manfaatlariga ham xizmat qiladi; Disney ertaklaridagi kabi¸ o‘ylab topilgan va real dunyoda yo‘q bir uyushma bo‘lsa¸ bunday holda¸ AQSh manfaatlariga na foydasi va na ziyoni bor¸ deydi professor Pratt.

Hozirgi vaziyatda O‘zbekiston xavfsizligi uchun real tahdid Afg‘onistondagi toliblar va ular safidagi o‘zbek janggarilari bo‘lishi mumkin va bu tahdiddan muhofaza qilishda KXShTdan farqli AQSh haqiqatan qandaydir kafolat bo‘lib turibdi¸ deb e‘tirof etadi rossiyalik professor Xramchixin.

“KXShT yomon himoyachi¸ ammo bu tizim hech qachon unga kirgan davlatlardan birortasida davlat to‘ntarishi qilish maqsadida ishlatilmaydi. Amerikaliklarga kelsak¸ arab Sharqidagi so‘nggi voqealar ko‘rsatgani kabi¸ AQSh demokratiya va xalqlarni mustabidlar zulmidan qutqarish bahonasi ostida ortiqcha mulozamatsiz¸ avvallari qanchalik iliq munosabatda bo‘lgan bo‘lmasin¸ istalgan liderni uning raqiblariga qo‘sh qo‘llab tutib beradi”¸ deb yozadi Rossiya manfaatlari himoyasiga otlangan Uzmetronom internet gazetasi.

Bunday bayonotni Karimovni qo‘rqitish taktikasi deya baholagan amerikalik professor¸ Rossiyadagi ayrim siyosiy guruhlarning bunday usuli yangilik emasligini aytadi.

Ayni fikrga qo‘shilgan rossiyalik tahlilchi Aleksandr Xramchixin¸ bunday qo‘rqitish taktikasidan ko‘zlanayotgan maqsad¸ Karimovni KXShTdagi O‘zbekiston rolini qayta ko‘rib chiqishga majburlash¸ uni Rossiya rejalariga g‘ov bo‘lish o‘rniga¸ bu rejalar ijrosiga xizmat qilishga ko‘ndirish ekanini ta‘kidlaydi.

“AQSh va Rossiyaning Markaziy Osiyodagi manfaatlarini qarama-qarshi qo‘yish¸ ularni bu mintaqada o‘zaro raqobatchi kuch sifatida talqin etish¸ bu mintaqa barqarorligiga xizmat qilmaydi¸ balki aksincha. Bu mintaqadagi barqarorlik esa¸ ham Rossiya¸ ham AQSh manfaatiga xizmat qiladi. Shu bois¸ ayrim rus tahlilchilarining O‘zbekistonni Rossiya va AQSh dan qay birini xavfsizlik yo‘lidagi ittifoqchilikka tanlolmay ikki o‘t orasida qoldi¸ deb tasvirlash orqasidagi niyat yaxshi emas¸ deydi amerikalik professor.
XS
SM
MD
LG