Линклар

Karimov AQSh va Germaniya mulozimlarini qabul qildi


AQSh va Germaniyaning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakillariga qaltis savollar berilmadi.

AQSh va Germaniyaning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakillariga qaltis savollar berilmadi.

O‘zbekiston Prezideneti Islom Karimov AQShning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Mark Grossman hamda Germaniyaning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Mixayel Shtayner bilan uchrashdi. Rasmiy xabarnomada aytilishchia, 11 oktyabr kuni Oqsaroyda o‘tkazilgan uchrashuvda Afg‘onistonda barqarorlik o‘rnatish masalalari muhokama qilingan. AQSh prezidenti maxsus vakilining O‘zbekistonga safari Vashington Toshkent bilan munosabatlarni yaxshilash urinishlarini kuchaytirayotgan paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Prezident Islom Karimov Mark Grossman va Mixayel Shtayner bilan, O‘zbekston rasmiylari tarqatgan xabarga ko‘ra, Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Amerika-Germaniya tashabbusi doirasidagi masalalarni muhokama qilgan.

AQSh va Germaniya diplomatlari O‘zbekistonning Afg‘osnitonni iqtisodiy rivojlantirish jarayoniga qo‘shayotgan katta hissasini yuqori baholagani ham aytiladi rasmiy xabarda.

AQSh elchixonasi Grossman va Shtayner prezident Karimov bilan uchrashuvdan keyin mahalliy jurnalistlarga bergan qisqa intervьyusini e‘lon qildi. Bu intervьyuda ham Karimovning Afg‘oniston bo‘hronini faqatgina tinch yo‘l bilan hal etish mumkinligini aytib kelgani alohida qayd etiladi, hamda mahalliy jurnalistlardan biri savol berar ekan “O‘zbekiston shu paytgacha, Afg‘onistonda rivojlantirish dasturlaridagina ishtirok etayotganini” alohida ta‘kidlab o‘tgan.

Afg‘onistondagi Amerika va NATO kuchlariga O‘zbekiston orqali o‘tadigan Shimoliy ta‘minot tarmog‘i orqali yuklar tranziti masalasi muhokama etildimi, yo‘qmi bu haqda yuqori darajadagi AQSh va Germaniya diplomatlarining tashrifiga oid rasmiy xabarlarda bir narsa aytilmadi.

AQShning O‘zbekiston bilan munosabatlarni yaxshilay boshlaganiga aynan Amerikaning Shimoliy tarmoqqa bo‘lgan ehtiyoji oshishi bilan shartlanganini eslatish joiz.

Keyingi oylarda Qo‘shma Shtatlarning Pokiston bilan munosabatlari o‘ta sovuqlashib ketgani hamda Afg‘onistonga tranzitning asosiy yo‘nalishi hisoblanib kelgan bu mamlakatda xavfsizlik vaziyatining yomonlashishi sababidan AQSh yetakchiligidagi harbiy amaliyotlari taqdiri mavhum bo‘lib qolmoqda. Shuning uchun keyingi bir-ikki yil davomida Vashington Shimoliy ta‘minot tarmog‘iga e‘tiborni kuchaytirib kelmoqda.

28 sentyabr kuni AQSh Prezidenti Barak Obamaning Toshkent rahbarini mustaqillik bayrami bilan tabriklash baxonasida Oqsaroyga qo‘ng‘iroq qilganini ham tahlilchilar aynan Shimoliy tarmoqqa e‘tiborning kuchayayotgani bilan bog‘lagan edi.

29 sentyabr kuni esa Vashintonda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Elyor G‘aniyev bilan uchrashgan AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton Toshkent rasmiylari mamlakatda inson huquqlari va siyosiy erkinliklarga oid vaziyatni yaxshilashda ijobiy natijalarga erishayotganini bayon qildi.

- Hukumat rasmiylari bilan davom etayotgan muloqotimiz muhim ahamiyat kasb etadi, deb hsioblaymiz. Bu muloqot chog‘ida, men va hukumatning boshqa vakillari aytib kelganidek, har doim inson huquqlari va siyosiy erkinliklarga oid xavotirlarimizni bildiramiz. Lekin shu bilan birgalikda biz o‘zbeklar (O‘zbekiston hukumati) bilan bu borada natijalarga erishish ustida ishlamoqdamiz va buning ba‘zi ishoratlarini ko‘rmoqdamiz va shubhasiz, barcha masalalar bo‘yicha munosabatlarimizni chuqurlashtirish istagidamiz,- dedi AQSh davlat kotibi.

Bundan tashqari o‘tgan oyda AQSh Konressi qo‘mitasi O‘zbekistonga harbiy yordam ko‘rstishni taqilovchi sanktsiyani bekor qilish masalasini ko‘rib chiqishga yo‘l ochib beruvchi qaror qabul qilgan edi. Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari bunday so‘rovnoma bilan kongressga murojaat qilgan prezident Barak Obama ma‘muriyatini tanqid qilib kelmoqda.

Ikki hafta avval Xalqaro Amnistiya, Ozodlik uyi, Hyuman rayts uotch, Ochiq jamiyat instituti, Xalqaro bo‘hronlar guruhi kabi qator nufuzli tashkilotlar AQSh hukumatiga ochiq maktub yo‘llab, O‘zbekiston bilan “normal munosabatlarni” tiklamaslikka chaqirdi.

2001 yil 11 sentyabr voqealaridan keyin AQSh yetakchiligida Afg‘oniston istilosi boshlanganida O‘zbekistonda Amerika bazasi tashkil qilingan edi. 2005 yil 13 may – Andijon qirg‘inidan keyin AQSh va G‘arb O‘zbekiston hukumatini keskin tanqid qilgach, amerikalik harbiylar O‘zbekistondan haydalgan edi.
XS
SM
MD
LG