Линклар

Taniqli o‘zbek shoirasi Zulfiyaga atab Toshkentda bundan 4 yil avval o‘rnatilgan haykalga jiddiy shikast yetib, ustidagi bo‘yoq qatlami ko‘chib tushdi.

Bu xabarni bizga yetkazgan Zulfiyaning toshkentlik muxlisi o‘z maktubiga fotosuvratlarni ham ilova qildi.

Hozir AQShda ijodiy safarda bo‘lgan yosh o‘zbek haykaltaroshi Ilhom Usmon bu suratlarni ko‘zdan kechirib o‘z xulosasini aytdi.

Haykaltaroshning aytishicha, haykal avvaliga gipsdan yasaladi va keyinchalik materialga o‘tkaziladi (tosh, granit, marmar, bronza yoki boshqa metall). Faqat materialga ko‘chgan haykalgina haykal hisoblanadi.

- Bu xolatda Zulfiya haykali gips yoki tsementdan qilinib ustiga bo‘yoq berilgan. O‘tgan davr davomida bo‘yoqning ko‘chishi va tsementning darz ketishi oddiy bir holat,- deydi mutaxassis.

Suhbatdoshga ko‘ra, Zulfiya haykali monumental haykaltaroshlik talablariga zid tarzda o‘rnatilgan.

Chumchuq so‘ysa, qassob so‘ysin


O‘zbekiston xalq rassomi Ravshan Mirtojiyev tarafidan yaratilgan bu haykal 2007 yilning 13 sentyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Toshkent shahrida xalq shoirasi Zulfiyaga haykal o‘rnatish to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, 2008 yilnng 1 mart kuni tantanali tarzda ochilgan edi.

Tadbir qatnashchilari - davlat va jamoat korxonalarining rahbarlari, shoir va yozuvchilar, shoira ijodining ixlosmandlari, farzandlari va nabiralari, qarindoshlari, jamoatchilik vakillari, - haykal poyiga gulchambarlar qo‘yishganida bu haykal emas balki shunchaki imitatsiya ekanligidan bexabar bo‘lishgan.

“Yurtboshining munis va mehnatkash, hayotning har qanday suron va to‘fonlari qarshisida o‘zini yo‘qotmay, sabr-toqat va shukronalik bilan yashaydigan o‘zbek ayoli, o‘zbek shoirasining timsoli aks etishi kerak, degan g‘oyasi O‘zbekiston xalq rassomi, haykaltarosh Ravshan Mirtojiyev ishlagan haykalda to‘la ifoda etilgan” deb yozgan edi 2008 yilda O‘zbekiston axborot agentlgi.

- Aslida bu o‘ta zaif bir haykal bo‘lib, judolikka mubtalo bo‘lgan shoira timsolini gavdalantira olmagan,- deydi haykaltarosh Ilhom Usmon.

Zulfiyaga haykal o‘rnatish tanlovida 20 ga yaqin o‘zbek haykaltaroshlari ishtirok etgan edi.

Ular orasida taniqli rassom, o‘zbek Montsusi deya nom chiqargan haykaltarosh Azamat Hatamov ham bo‘lgan. (Montsu 20 asrdagi eng mashxur frantsuz haykaltaroshi-tahr.)

O‘zbekiston badiiy akademiyasinig ismi aytilishini istamagan arbobiga ko‘ra, Zulfiyaga kim haykal o‘rnatishi va bu haykalning qanday bo‘lishi tanlovdan oldin ma‘lum bo‘lgan.

- O‘zbekiston prezidenti o‘zini katta haykaltarosh deb biladi va Zulfiya haykali taqdirini ham u belgiladi,- deydi suhbatdosh.

Badiiy akademiya a‘zosining bu iddaosini O‘zbekistondagi "Pravda Vostoka" gazetasidagi maqola qisman isbotlaydi.

“Pravda Vostoka” haykaltarosh R. Mirtojiyevdan iqtibos keltiradi: “O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov menga shaxsan ko‘pgina maslahatlar berdi: shoira Zulfiyaning nazari qanday bo‘lishi, qo‘llarining qanday holatda turishi, yelkasiga sharf qanday yopilgan bo‘lishi...”

Bu maqoladagi fikrning mantiqiy xulosasi shuki, Islom Karimov nafaqat xalq shoirasiga o‘rnatilgan yodgorlikning tashabbuskori, balki uning muallifi hamdir. Haykaltarosh esa tayyor g‘oyani ro‘yobga chiqargan, xolos.

- Ammo o‘zini “soha mutaxassisi” deb bilgan yurtboshi haykal degan narsa marmar yoki metallda mujassam bo‘lishining farqiga bormadi. Eng muhimi tantana bilan haykalga o‘xshagan narsa ochilsa bo‘ldi. Potemkin qishlog‘idagi kabi,- deydi rassom Ilhom Usmon.

Bundan oldin O‘zbekiston prezidenti qarori va maslahatiga ko‘ra, barpo qilingan Jaloliddin Manguberdi haykali ham materialga o‘tkazilmagani bois nurab ketdi. Farg‘ona shahrida Al-Farg‘oniyga o‘rnatilgan haykal taqdiri ham shunday bo‘ldi.

O‘zbekistonda faqat Amir Temur haykaligina bronzadan quyilgan holos.

Shu kunlarda bahorga zorman


1915 yilda qozon ishlab chiqaruvchi boy oilada tug‘ilgan yozuvchi Zulfiya Isroilova o‘zbek adabiyotining eng ziddiyatli arboblaridan biri.

Mashhur o‘zbek shoiri Hamid Olimjonning rafiqasi bo‘lgan Zulfiya uning o‘limidan so‘ng sovet mafkurasining ikonasiga aylantirildi.

27 yoshida tul qolgan Zulfiya boshqa er qilmadi.

Zulfiya sovet tsenzurasi tarog‘idan o‘tmagan tuyg‘ularini satrlar orasiga gizlay olgan edi, deb yozdi uni yaxshi bilgan yozuvchi Chingiz Aytmatov.

Zulfiya Xalqaro Javoharlal Neru va Nilufar mukofotlariga sazovor bo‘lgan. Bolgariyaning eng obro‘li Kirill va Mefodiy sovrini ham Zulfiyaga nasib qilgan.

Zulfiya o‘z salaflaridan farqli tarzda Gorbachev hurriyatini eng samimiy tarzda qutlagan shoir sifatida eslanadi.

Zulfiya 1996 yilda olamdan o‘tdi.

Zulfiya haykali nurab ketgani haqidagi xabarni yuborgan shoiraning toshkenlik muxlisiga ko‘ra, Zulfiyaga eng zo‘r haykal uning daftarlarida qolgan va e‘lon qilinishini kutayotgan misralaridir.

Shu kunlarda bahorga zorman
Navjuvonlik o‘ti tanda yo‘q.
Kuz singari za‘far ruhsorman
Mevalar ham shohlardan uzik.
XS
SM
MD
LG