Линклар

AQShda Saudiya elchisiga qarshi suiqasd rejasi fosh qilindi


AQSh Bosh prokurori E.Holder (o‘) va Federal tergov byurosi direktori R.Myuller.

AQSh Bosh prokurori E.Holder (o‘) va Federal tergov byurosi direktori R.Myuller.

AQSh Saudiya Arabistonining AQShdagi elchisiga qarshi Eron hukumati homiyligida rejalangani iddao qilinayotgan suiqasd fosh etilganini e‘lon qildi.

Vashingtonda o‘tkazilgan matbuot anjumanida AQSh Bosh prokurori Erik Holder ikki shaxs, ya‘ni AQSh fuqaroligini olgan Eron pasportiga ega bo‘lgan Mansur Arbobsiyor hamda Erondagi Islomiy inqilob posbonlari korpusining Quds kuchlari a‘zosi G‘ulom Shakuriy “qotillar yollab, xalqaro qotillik sodir etish”da ayblanayotganini e‘lon qildi.

- Rasmiy ayblovda ushbu fitna Eron tomonidan tayyorlangani, homiylik qilingani va boshqarilgani bildirilgan. Bu AQSh va xalqaro qonunning, jumladan, ziyon yetishidan diplomatlarni himoyalash to‘g‘risidagi qonunning qo‘pol ravishda buzilishidir, - dedi AQSh Bosh prokurori.

29 sentyabr kuni Nyu Yorkning Kennedi nomidagi aeroportida qo‘lga olinmish Arbobsiyor aybiga iqror bo‘lganini aytgan Erik Holder u Eron hukumatining suiqasddagi roli haqida muhim ma‘lumotlar berganini urg‘uladi.

AQSh Bosh prokurori suiqasdning ikkinchi tashkilotchisi ekani aytilayotgan G‘ulom Shakuriy Eronda “qidiruvda ekani”ni qo‘shimcha qildi.

Erik Holderga ko‘ra, AQSh rasmiylari ushbu murakkab suiqasd rejasini fosh qilish ustida bir necha oydan beri ishlab kelaganini aytdi.

Bosh prokurorga ko‘ra, Arbobsiyor AQSh hukumatining Meksikadagi maxfiy informatorlari bilan bir necha marta uchrashib, ularni bir yarim million dollar evaziga Saudiya Arabistonining AQShdagi elchisi Odil Al-Jubayrni o‘ldirishga yollagan.

Rasmiylarga ko‘ra, suiqasd rejasida Saudiya elchisi ovqatlanadigan restoranda bomba portlashi ko‘zda tutilgan. Biroq rasmiylar portlovchi moddalar sotib olinishidan avval ushbu mudhish rejani to‘xtatib qolgan.

Gumondorlarga nisbatan ayblov e‘lon qilgan Nyu Yorkning Janubiy tuman prokurori Priyt Bxarara buyurtma ijrochilariga avans to‘lash uchun Nyu York banki orqali allaqachon 100 ming dollar pul o‘tkazilganini ma‘lum qildi.

Matbuot anjumanida qatnashgan Federal tergov byurosi direktori Robert Myuller, agar suiqasd rejasi muvaffaqiyatli amalga oshganida, o‘nlab odam nobud bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Saudiya Arabistonining AQShdagi elchisiga qarshi Eron hukumati homiyligida rejalangan suiqasd fosh qilinganidan so‘ng Qo‘shma Shtatlar Eronga qarshi yangi sanktsiyalar qo‘llash bilan tahdid qildi.

Biroq Eron Tashqi ishlar vazirligi suiqasd haqidagi iddaolarni rad qilib, uni “yolg‘on” va “asossiz” deb atadi.

Voqea munosabati bilan chiqish qilgan AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton Qo‘shma Shtatlar Eronni “yanada yakkalab qo‘yish” uchun boshqa davlatlar bilan maslahatlashishini ma‘lum qildi.

- Biz xalqaro me‘yorlarga zid bo‘lgan bunday xatti-harakatlar to‘xtatilishi kerakligi borasida kuchli mujda yo‘llash uchun dunyodagi do‘stlarimiz va hamkorlarimiz bilan maslahatlashamiz. Eronga jiddiy mujda yo‘llash va bu mamlakatni xalqaro hamjamiyatdan yanada yakkalab qo‘yish uchun biz boshqa sohalarda ham hamkorlik olib boramiz, - deya bayonot berdi AQSh Davlat kotibi.

Vashingtondagi Saudiya elchixonasi suiqasdni fosh qilish choralari ko‘rilgani uchun Qo‘shma Shtatlarga minnatdorlik bildirdi.

Oq Uy AQSh prezidenti Barak Obama Vashingtondagi Saudiya Arabistoni elchisiga qo‘ng‘iroq qilganini bildirdi. AQSh e‘lon qilgan bayonotda Obama Qo‘shma Shtatlar mazkur suiqasd urinishini “AQSh va xalqaro qonunlarning qo‘pol ravishda buzilishi” deb baholagani bildirilgan.
XS
SM
MD
LG