Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:11

Moskvada mehnat muhojirlari mushtlashdi


Mehnat muhojirlari janjallashgan joy.
Mehnat muhojirlari janjallashgan joy.
Moskva janubi-sharqidagi Marino tumanida mehnat muhojirlari o‘rtasida chiqqan ommaviy mushtlashuv oqibatida 4 kishi shifoxonaga olib ketildi. Moskva Ichki ishlar boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, jarohat olganlardan birining yuziga travmatik pistoletdan o‘q uzilgan.

11 oktyabr kuni kechki soat 11:30 larda Moskvaning Marьino tumani politsiya bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilgan mahalliy fuqarolardan biri Pererva ko‘chasi 8 uydagi savdo markazi yonida ko‘rinishidan osiyoliklar bo‘lgan bir guruh yigitlar mushtlashayotgani haqida xabar qildi.

Interfaks agentligi xabariga ko‘ra, ommaviy janjal oqibatida shifoxonaga olib ketilgan to‘rt nafar mehnat muhojiridan ikki nafari Tojikiston fuqarolari ekani aniqlangan.

Bu ma‘lumotni Ozodlikka tasdiqlagan Moskva shahar Ichki ishlar boshqarmasi matbuot markazi rahbari Arkadiy Bashirov janjal o‘sha manzildagi bino qurilishida ishlayotgan mehnat muhojirlari o‘rtasida chiqqanini aytadi.

- Biz mushtlashuv sodir bo‘lgani va uch kishi kasalxonaga yotqizilganini tasdiqlaymiz. Hozircha qolgan tafsilotlarni oshkor qilmyapmiz, chunki ommaviy axborot vositalarida bunga milliy tus berishga urinishlar bo‘lmoqda. Taftish xulosalari e‘lon qilinmasdan turib qaror chiqarishga shoshilmaslikka da‘vat etamiz,- dedi Moskva shahar Ichki ishlar boshqarmasi rasmiysi A. Bashirov.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, ommaviy janjalda 20 dan ortiq odam ishtirok etgan.

"Novosti" agentligi xabariga ko‘ra, mushtlashayotganlarni ajratishga kelgan politsiyachilar hodisa joyida tashlab ketilgan avtomashina va travmatik pistolet topib olishgan. Shifoxonaga yotqizilgan gastarbayterlardan birining yuziga o‘qotar quroldan otilgani aytilmoqda.

Mushtlashuv sodir bo‘lgan joyda yashab kelgan tojik mehnat muhojirlari narsalarini olib boshqa joyga ketishmoqda.
Mushtlashuv sodir bo‘lgan joyda yashab kelgan tojik mehnat muhojirlari narsalarini olib boshqa joyga ketishmoqda.
Ozodlik mushtlashuv sodir bo‘lgan joyda yashagan ishchilar o‘z yotoqlaridan chiqib ketayotganiga guvoh bo‘ldi. Kattakon sport sumkalarini ko‘tarib vagonchalardan chiqib kelayotgan muhojirlardan biri Ozodlik muxbiriga mana bularni gapirib berdi.

- Biz uchchalamiz yangi kelganmiz. Birdan ular bostirib keldi, urush boshlanib ketdi. Tojik bollar deyishdi. Biz ham yangi kelganmiz, o‘zimiz qochib qoldik. Ertalab hozir borib narsalarni olib kelyapmiz. Ularni necha kishiligini bilmadik, o‘zi kecha ishga borgan edik, bir kun ishlagan edik. Biz o‘zi domlarni atrofida fasadniy ishlarni qilamiz.

Bu yigitlar ham mushtlashuvdan keyin bir necha kishi kasalxonaga olib ketilganini tasdiqlashdi.

- Qattiq jarohat olmagan, shu kechki yotadigan paytlar edi bostirib kelganda. Biz vagonni ichida uxlayotgan edik. Endi hozir boshqa joyga ketyapmiz. Militsiya ushlaganlarni olib ketdi, qochgani qochib qoldi. Vagonchalarda 20 kishicha qoldi, qolganlarni ushlab ketishdi. Kaltak yeganlar ham bor, kallasi yorilgan. Biz kechasi qochib ketgan edik hozir borib narsalari olib ketyapmiz,- deydi o‘zini Mannon deb tanishtirgan tojikistonlik bu yigit.

Manonning so‘zlariga ko‘ra, vagonchalarda asosan tojikistonlik o‘zbeklar yashagan. Bu ishchilarning aksariyati shu mavzedagi bino qurilishiga mas‘ul shirkat vagonchalarida yashab kelgan.

O‘z ismini oshkor etmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan o‘zbekistonlik ishchilar mushtlashuv tojikistonliklar o‘rtasida kelib chiqqan va janjalga milliy adovatning aloqasi yo‘q, deydi.

- Bu vagonlarda o‘zbekistonlik bollar turmaydi, hammasi Pomirning bachalari. Ular bizlarnikidan alohida turadi. Tojikistonni o‘zbeklari – laqaylar va qirg‘iz bollar turadi. O‘zbekistonliklardan umuman hech kim yo‘q u yerda ishlayotgan. Albatta bu hodisa hammaga minus-da,- deydi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlaridan biri.

Hodisa guvohlari haqiqatan mashinada qandaydir odamlar kelgani va undan keyin mushtlashuv chiqqanini tasdiqladi. Ular bu yerda oldin ham bir necha bor bunday janjallar va mushtlashuvlar bo‘lganini aytdi.

Lekin, bu janjal haqida xabar berayotgan ko‘plab ommaviy axborot vositalarida mushtlashuv to‘rtta vagonchada yashayotgan “O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari o‘rtasida sodir bo‘lgan”iga o‘rg‘u berilmoqda.

“Tojiklar milliy ligasi” tashkiloti raisi Karomat Sharipov Pererva ko‘chasidagi ommaviy mushtlashuvga zinhor milliy tus berilmasligi kerakligini gapiradi. “Biri biriga birodar bo‘lgan o‘zbek va tojik millatlari o‘rtasida nizo solishga hech kimning haqqi yo‘q”, deydi Ozodlikka Karomat Sharipov.

- Bunday nizolar deyarli har kuni sodir bo‘lmoqda. O‘ziniki o‘zinikini o‘ldiryapti! Dahshat-ku bu! Hukumat tartib o‘rnatishni istamasa albatta aybdor bechora muhojir bo‘lib chiqadi. Bizning yigitlarimiz orasida ham sanoqsiz milliy jinoyi guruhlar paydo bo‘lmoqda. 50, 100 dollarga istagan odamingizni o‘ldirib berishga tayyorlari bor. Lekin bunday maishiy janjallarga milliy tus berilishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymasligimiz kerak,- dedi “Tojiklar milliy ligasi” rahbari Karomat Sharipov.

Hozirda janjal sababchilarini aniqlash bo‘yicha tergov ishlari davom etmoqda.
XS
SM
MD
LG