Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:26

O‘zbekiston 600 ming tonna paxta tolasi sotmoqchi


Jahonda o‘zbek paxtasi boykot qilinayotganiga qaramay O‘zbekiston bu yil 600 ming tonnadan ziyod paxta tolasi sotishni rejalashtirmoqda.

Paxta yarmarkasi ochildi


Toshkentdagi "O‘zekspomarkaz"da ikki kun davom etadigan Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasida paxta sanoati, tekstil korxonalari va xorijiy savdo agentliklari ishtirok etib, O‘zbekistondan bevosita paxta tolasi va to‘qimachilik mahsulotlarini sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lishi aytilmoqda.

Yarmarkada Rossiya, Xitoy, Bangladesh va boshqa mamlakatlar vakillari ishtirok etmoqda. Yarmarka tashkilotchilariga ko‘ra, tadbirda jami 38 davlatdan 330 shirkatning 660 vakili ishtirok etayapti.

O‘zbekiston har yili 3,5 million tonna atrofida paxta yetishtiradi, 1 million tonnadan ziyod tola ishlab chiqaradi. O‘tgan yili 600 ming tonnadan ziyod paxta tolasi tashqariga sotilib, 400 ming tonnaga yaqini ichki ehtiyojlar uchun ishlatilgan edi.

O‘zA agentligi ma‘lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekiston 500 million AQSh dollari miqdorida paxta eksport qilgan.

Jahon bozorida paxta narxi oshgani tufayli O‘zbekiston chetga ko‘proq tola sotish harakatida.

“O‘zinterimpeks” kompaniyasining yarmarkada ishtirok etayotgan xodimiga ko‘ra, O‘zbekiston bu yil ham 600 ming tonnadan oshiq paxta tolasini xorijga sotishni ko‘zlamoqda.

"O‘zbek paxtasining bozori chaqqon"


"Paxta va to‘qimachilik: bozorning yangi istiqbollari" nomi ostida o‘tayotgan yarmarkada paxta eksporti bilan shug‘ullanadigan O‘zbekistonning uchta yirik shirkati - "O‘zmarkazimpeks", "O‘zinterimpeks" va "O‘zprommashimpeks" kompaniyalari o‘zbek paxtasini xorij shirkatlariga sotish huquqiga ega.

"O‘zmarkazimpeks" kompaniyasi marketing bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimi shirkat vakillari ertalabdan oldi-sotti ishlarini boshlab yuborgan.

- Yarmarkaga paxta tolasining 800 dan ziyod namunalari qo‘yilgan. Xorijlik xaridorlar o‘ziga ma‘qul kelgan paxta tolasi bo‘yicha yarmarkaning o‘zida shartnoma imzolashi mumkin. Shu joyning o‘zida mahsulotni tashish masalalari ham hal qilinadi,- deydi "O‘zmarkazimpeks" xodimi.

O‘zbek paxtasining asosiy xaridorlari Rossiya, Xitoy, Bangladesh, Eron, Hindiston, Pokiston, Janubiy Koreya va Birlashgan Arab Amirliklariga qarashli shirkatlardir.

O‘zbekiston paxta eksporti hajmining 40 foizi Rossiyaga to‘g‘ri keladi.

Rossiyadagi yirik to‘qimachilik shirkatlaridan biri “Rosko” to‘qimachilik kompaniyasi ham o‘zbek paxtasi xaridorlaridan biri.
1995 yilda tashkil qilingan “Rosko”kompaniyasi 16 yillik faoliyati davomida, asosan, o‘zbek paxta tolasidan foydalanadi.

O‘zini Mixail deb tanishtirgan “Rosko” xodimiga ko‘ra, o‘zbek paxta tolasi sifatli bo‘lgani bois uni sotib olishni afzal bilamiz, deydi.

- Biz o‘zbek paxtasini xarid qilamiz. O‘zbek paxtasining narxi arzon emas, lekin bizga sifati ma‘qul. Bizni o‘zbek paxtasining sifati qoniqtiradi. Gohida korxona ishlab chiqarayotgan mahsulot 100 foiz o‘zbek paxtasidan tayyorlanadi. Gohida mahsulotga ma‘lum foiz o‘zbek paxtasi aralashtiriladi. Biz o‘zbek paxtasini xarid qilishda davom etamiz,- deydi “Rosko” xodimi.

O‘zA ma‘lumotiga ko‘ra, Bangladesh import qiladigan paxtaning 80 foizi O‘zbekistondan sotib olinadi. O‘tgan yili Bangladesh 2,5 ming tonna o‘zbek paxtasini xarid qilgan. Bu yil esa 5 ming tonna paxta tolasi xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolanishi rejalashtirilgan.

Eronning “D.T.P.” kompaniyasi esa 10 ming tonna paxta tolasi sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzish harakatida.

O‘zbekiston paxta eksporti bo‘yicha jahonda uchinchi yirik mamlakat hisoblanadi. Paxta ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston dunyo bo‘yicha beshinchi o‘rinni egallaydi.

O‘zbek paxtasiga boykot


7- Xalqaro paxta yarmarkasi g‘arbdagi shirkatlar o‘zbek paxtasini boykot qilayotgan paytga to‘g‘ri keldi.

18 sentyabr kuni O‘zbekiston hukumati paxta yetishtirishda bolalar mehnatidan foydalanayotgani bois jahonning 60 dan ortiq yetakchi kiyim-kechak shirkati o‘zbek paxtasiga boykot e‘lon qildi.

H&M, Burberry, Levi, Adidas, Puma va jahonning ko‘plab boshqa yetakchi kiyim-kechak shirkatlarining qo‘shma bayonotida aytilishicha, “ikki millionga yaqin o‘zbek bolalari, ularning ko‘pchiligi yetti yashardir, o‘z hukumati tomonidan maktabni tashlab dalaga chiqishga majburlanadi. O‘n soatlik ish kuni davomida belgilangan 50 kilogramm paxtani termagan bolalar jismoniy jazoga tortiladi.”

H&M shirkati jamoatchilik aloqalari bo‘limi boshlig‘i Henrik Lampa The Daily Telegraph gazetasiga bergan izohida “biz qaysi mamlkat bo‘lishidan qat‘iy nazar bolalar mehnatiga qarshi pozitsiyani tutamiz”, deya ta‘kidladi.

9 sentyabr kuni Nyu Yorkdagi nufuzli moda haftaligi tashkilotchilari prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi va dizayner Gulnora Karimovaning mazkur tadbir doirasida rejalashtirilgan liboslar tomoshasini bekor qildi. Bunga faollarning O‘zbekistondagi bolalar mehnati va inson huquqlarining buzilishiga qarshi Nьyu Yorkda o‘tkazgan namoyishlari sabab bo‘ldi.

Biroq xalqaro boykot Toshkentdagi paxta yarmarkasini o‘tkazishga to‘sqinlik qila olmadi.

“O‘zinterimpeks” kompaniyasining yarmarkada ishtirok etayotgan, biroq o‘zini tanishtirmagan xodimi xalqaro boykotlar o‘zbek paxtasi sotilishiga halaqit berayotgani yo‘q, deya ta‘kidladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston paxtasiga, asason, Osiyo mamlakatlari xaridor bo‘lib, Yevropa davlatlarining boykotlarining paxta oldi-sottisiga salbiy ta‘sir qilganicha yo‘q, har yilgi xaridorlar bu yil ham yarmarkaga kelishgan.

- Haridorlar juda ko‘p. Xitoy, Bangladesh, Turkiya, Koreya va Rossiya singari juda ko‘plab davltalardan xaridorlar kelishgan. Bugunning o‘zida anchagina shartnomalar imzoladik,- dedi “O‘zinterimpeks” xodimi.

Rossiyadagi "Rosko" xodimi Mixail o‘zbek paxtasi g‘arbda boykot qilinayotgani va umuman O‘zbekistonda paxta yetishtirshda bolalar mehnatidan foydalanlayotgani haqida bexabarligini aytdi.

"O‘zbek paxtasini terishda bolalar quldek ishlatilmoqda"


O‘zbekistonda paxta terimida bolalar mehnatidan foydalanish holatlari bo‘yicha monitoring o‘tkazayotgan “O‘zbekiston inson huquqlari alyansi” rahbari Yelena Urlayeva xalqaro boykotlarga qaramay paxta yarmarkasiga kelgan xorijliklar faqat o‘z manfaatlarini o‘ylaydi degan fikrda.

- Paxta terimida kimning mehnatidan foydalanilganining ishbilarmonlar uchun qizig‘i yo‘q. Ularni, asosan, paxta sifati va uning narxigina qiziqtiradi. Shuning uchun ham o‘zbek paxtasi sotilishda davom etadi. Men bolalar himoyasi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarning sukut saqlayotganiga xayron qolaman. O‘zbekistondagi YuNISEF tashkiloti umuman sukunatda. Ular paxta terimida bolalar kuchidan foydlanishiga qarshi biror chiqish qilganicha yo‘q. O‘zbekistondagi Ombudsmen va shu kabi tashkilotlar bolalar mehnati bo‘yicha biror munosabat bildirmayapti. Xorijlik ishbilarmonlar esa o‘z manfaatlari yo‘lida bola mehnatiga ham ko‘z yumadilar,- deydi Yelena Urlayeva.

“O‘zbekiston inson huquqlari alyansi” o‘tkazgan monitoring natijalariga ko‘ra, joriy yilda Toshkent viloyati, Qoraqalpog‘istonda hatto 1-sinf o‘quvchilari ham paxta terimiga chiqarilgani kuzatildi.
XS
SM
MD
LG