Линклар

logo-print
Nyu York Federal sudida Rossiya armiyasining sobiq zobiti, “O‘lim savdogari” laqabi bilan tanilgan Viktor But ustidan mahkama boshlandi. But o‘ziga qo‘yilayotgan FARK (Kolumbiya inqilob qurolli kuchlari) janggari guruhiga yer-osmon rusumli raketalarni sotishga uringanlik bo‘yicha ayblovlarni tan olmasligini aytgan. Qo‘shma Shtatlar FARK guruhini terrorchi tashkilotlar ro‘yhatiga kiritgan. Agar Butning aybi isbotlansa, unga umrbod qamoq jazosi berilishi mumkin.

“O‘lim savdogari” laqabi bilan tanilgan rus qurol savdogari Viktor But ustidan o‘tkazilayotgan sudning birinchi kunida hakamlar hay‘ati a‘zolari tanlandi.

44 yoshli But amerikaliklarni o‘ldirish fitnasida ishtirok etganlik, terrorchi tashkilotga qurol sotishga uringanlik va BMT qurol embargosini buzganlikka oid ayblovlarni tan olmagan.

Butning aybi sudda isbotlansa, unga umrbod qamoq jazosi berilishi mumkin.

Rossiya armiyasining sobiq zobiti 2008 yilda Taylandda AQShning Narkotiklarga qarshi kurash agentligi tomonidan o‘tkazilgan maxsus amaliyot natijasida qo‘lga olingan edi. O‘shanda agentlik xodimlari o‘zlarini Butdan raketa sotib olmoqchi bo‘lgan Kolumbiya Inqilob qurolli kuchlari – FARK a‘zolari, deb tanishtirgan edi.

But AQSh terrorchi tashkilot deb hisoblaydigan bu guruhga yer-osmon rusumidagi raketalarni sotishga uringanlikda ayblanmoqda.

U Qo‘shma Shtatlarga ekstraditsiya qilinmaslik uchun ikki yil davomida Taylanda rasmiylari bilan sudlashdi, lekin 2010 yilning noyabrida AQSh ixtiyoriga topshirildi. O‘shanda Moskva Vashingtonni xalqaro qonunlarni buzganlikda aybladi.

Butning ishi u qo‘lga olingandan beri matbuot diqqat markazida bo‘lib keldi. Manhettandagi sud zali odamlar bilan liq to‘ldi. Biroq muxbirlar ichkariga kiritilmadi.

Hay‘atning 12 a‘zosi va uch nafar zahira a‘zosini tanlash kutilganidan tezroq yakunlandi. Sudning o‘zi bir oy davom etishi kutilmoqda.

Daglas Farah sobiq jurnalist va xavfsizlik masalalari bo‘yicha konsulьtant Butning hayotiga bag‘ishlangan “O‘lim savdogari” nomli kitob hammuallifidir. Uning aytishicha, prokurorlar o‘zlari ilgari surayotgan ayblovlarni isbotlash uchun sud ixtiyoriga Butning amerikaliklarni o‘ldirishdan qaytmasligini aytayotgan gaplari yozilgan audio tasmani taqdim etish niyatidadir.

- Uning amerikaliklarni o‘ldirish niyatida bo‘lgan va terrorchi deb tan olingan tashkilotga qurol yetkazib berishga tayyorligini aytgani hal etuvchi masaladir.

Farahning fikrcha, sud oldi eshituvlarida tergovchilar taqdim etgan ba‘zi dalillar sud uchun nomaqbul, deb topilganiga qaramasdan, Butning aybdor deb topilishi ehtimollari ancha yuqoridir.

- Prokurorlar taqdim etmoqchi bo‘lgan dalillarning ko‘pchiligi qaytarilmadi va bular orasida Taylandda Viktor But bilan bo‘lgan uchrashuv hamda ko‘plab imeyl va telefon so‘zlashuvlarda uning FARK a‘zolariga katta miqdordagi qurollarni yetkazib berishga tayyorligini aytganlari ham bor. Shuning uchun ayblov tomonining pozitsiyalariga jiddiy putur yetkazilgan deb hisoblamayman, sudьya chiqargan qaror ularga biroz zarar yetkazdi xolos.

Butning advokatlari o‘z mijozlari hech qachon qurol sotmagani va qurol oldi-sotdisida vositachilik qilmaganini aytib kelishmoqda. Ularning iddaosiga ko‘ra, But avia shirkatga xo‘jayinlik qilgan va bu shirkat samolyotlari qachondir qurol tashish maqsadida ishlatilgan bo‘lishi mumkin.

Sudning birinchi kunida sud zalida Butning xotini va qizi hamda Rossiyaning Nyu Yorkdagi konsulligi xodimlari ham bor edi.

Uning xotini Alla boshidanoq AQSh rasmiylari erini noqonuniy tarzda ta‘qib qilayotgani va But ustidan sud adolatli bo‘lishiga ishonmasligini aytib keladi.

Sud raisi Shira Shayndlin odatga zid tarzda hakamlar hay‘atidan But haqida Internet yoxud boshqa manbalardan ma‘lumot qidirmasliklari to‘g‘risida tilxat yozdirib oldi.

But 2005 yilda Hollivudda suratga olingan “Urush Xudosi” filьmi bosh qahramonining prototipidir. Filьmda bosh rolni mashhur aktyor Nikolas Keyj o‘ynagan.

Farah But ustidan o‘tkazilayotgan sud, odatda xolislik masalasi o‘rtaga chiqadigan boshqa shov-shuvli ishlardan farq qilmaydi, deydi.

- Hakamlar hay‘atini tanlash tizimi yaxshi ishlaydi va menimcha sudьya ulardan But haqida ma‘lumotlarni o‘qimaslik va sudga xolis fikr bilan kelishni talab qilib, to‘g‘ri qildi. Menimcha, But bu yerda adolatli sud bo‘lishi haqida xavotir olmasa ham bo‘laveradi, deydi “O‘lim Savdogari” kitobi muallifi Daglas Farah.

Viktor But 1967 yilda Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida tug‘ilgan.
XS
SM
MD
LG