Линклар

Birdamlik harakati rejalagan “OSh” (Ommaviy shikoyat) tadbiriga hech kim kelmadi. Lekin harakat a‘zolari tadbir amalga oshishiga hali ham umidvor.

Harakat rahbari Bahodir Choriyev tadbirda 5 mingdan 50 minggacha odam qatnashishi, ular Toshkent shahridagi “Oloy” bozoridan O‘zbekiston Oliy sudi binosi tomon yurish qilishini kutayotgan edi.

12 oktyabr kuni o‘tkazilishi aytilgan “tadbirga Dilorom Ishoqovadan boshqa hech kim kelmadi”,- dedi Birdamlik vakili Malohat Eshonqulova.

Toshkentdagi Inson huquqlari alyansi faollari ham tadbirga qo‘shilmoqchi edi.

- Alyansimiz a‘zolari ham bu tadbirga qo‘shilish uchun Oloy bozori tomon ketishgan edi, lekin ular hech kimni u yerda ko‘rishmagan. Hech kim kelmaganidan so‘ng ketivorishgan,- deydi Toshkentdagi Inson huquqlari alyansi rahbari Yelena Urlayeva.

Birdamlik O‘zbekistonda fuqarolarning shikoyatlari amaldorlar tarafidan e‘tiborga olinmasdan kelayotgani bois, mamlakat bo‘ylab uch kunlik “Ommaviy shikoyat” tadbirini o‘tkazishni rejalayotgan edi.

Harakat a‘zolaridan biri Dilorom Ishoqovaga ko‘ra, aholi orasida qo‘rquv hali ham kuchli va ular adolat qaror topishiga ishonmay qo‘yishgan.

- Odamlar sud tizimlariga ishonishmaydi. Juda ko‘p odamlarga bugungi tadbir haqida bildirganmiz. Lekin ular qo‘rqishadi va biz ularning holatini tushunamiz ,- deydi Dilorom Ishoqova.

Birdamlik faollari "OSh" deb nomlangan tadbirlarni O‘zbekiston poytaxti va barcha viloyat va tumanlarida o‘tkazishni rejalashtirayotganlarini aytishgan edi.

Viloyatlardan ham hozircha xabar yo‘q. Birdamlik faollaridan biri Abdulla Tojiboy esa bugun uyidan tashqariga chiqa olmaganini aytadi.

- Hozir men deyarli uy qamog‘ida qolganman, tashqarida nima bo‘layotgani haqda xabarim yo‘q,- deydi Birdamlik faoli.

Abdulla Tojiboy tashkilotning chet eldagi rahbarlari vaziyatga to‘g‘ri baho berib, undan keyin tegishli bayonot berishsa, ham mamlakat ichkarisi, ham tashqarisida hurmatga sazovor bo‘lishar edi, deya qo‘shimcha qildi.

- Menimcha tashqarida qilingan bayonotlar hali O‘zbekiston ichidagi vaziyatni o‘rganmay turib shoshma-shosharlik bilan qilingan bayonot bo‘lishi mumkin,- deydi Abdulla Tojiboy.

Birdamlik faollari esa tadbirga oid rejalar amalga ko‘chishiga hali ham umidvor.

- Hali uch kun bor, odamlar tadbirimizda qatshashishiga umid qilyapmiz,- deydi Malohat Eshonqulova.
XS
SM
MD
LG