Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:30

Toshkent viloyat hokimligi rasmiysi o‘zini osib qo‘ydi


Toshkent viloyat hokimligining Iqtisodiyot boshqarmasi boshlig‘i muovini Shavkat To‘rayev o‘z joniga qasd qilgan.

Bu haqda Ozodlikka Qibraydagi o‘z ishonchli manbasi xabar qildi.

Xavfsizlik nuqtai-nazaridan o‘z ismi oshkor etilmasligini so‘ragan mazkur manba o‘tganda Qibray tuman hokimining 1-o‘rinbosari bo‘lib ishlagan¸ asli qibraylik Shavkat To‘rayevning 12 oktyabr kuni peshinda dafn etilganini bildirdi.

- Qibrayning zamhokimi bugun osib qo‘ydi o‘zini¸ Shavkat To‘rayev. Bolnitsada yotgan ekan. Ishdan bo‘shatilgan ekan. Bugun ertalab osgan, peshinlarga chiqarishdi. Uyidamas, dadasining choyxonasi bor, zona otdix borda Qibrayda, shuning yarmini otasi olib privatizatsiya qilib choyxona qilgan edi. Choyxonada bo‘lgan, osib qo‘ygan kechasi kelib. Ertalab ko‘rib qolishgan¸ deydi o‘zini marhum amaldorning yaxshi tanishlaridan biri deb tanishtirgan Ozodlik manbasi.

Bu xabar ortidan Ozodlik muxbiri Qibray tuman hokimligiga sim qoqdi. Go‘shakni ko‘targan hokimlik xodimasi Shavkat To‘rayevning o‘lganini tasdiqladi¸ ammo uning o‘z joniga qasd qilganini inkor qildi.

- Yo‘q, yo‘q, yo‘q. O‘zlarini osib qo‘ymaganlar. Yuraklari yomon edi ularning. Shunga kecha kechqurun olamdan o‘tib qolibdilar To‘rayev Shavkat aka. Viloyatda ishlayotgan edilarku. Ketganlariga ancha bo‘ldi. Viloyat hokimiyatiga telefon qilib bilsangiz bo‘ladi. Yuraklari yaxshi emas edi ularni. yoshlari qirqqa kirib qolgandilar¸ dedi Qibray tuman hokimligi xodimasi.

Toshkent viloyat hokimligi qabulxonasi xodimi Shavkat To‘rayevning hokimlikda ishlab kelganini tasdiqlay turib¸ uning o‘limidan bexabarligini da‘vo qildi:

- Bizlarda iqtisodiyot boshqarmasida muovin bo‘lib ishlagan¸ ishlardi hozirgi kunda ham. Bilmadim nima bo‘lganini. Uni Toshkent viloyati hokimi priyomniysi aniq bilishi shart emas menimcha. Uni bilmadim. Nima maqsadda so‘rayapsiz, men qayerdan bilaman? O‘zi xabarim yo‘q, dedi Toshkent viloyat hokimligi qabulxonasi navbatchisi.

Shavkat To‘rayevning o‘z joniga qasd qilgani Qibray tuman hokimligi xodimi tomonidan rad etilganiga munosabat bildirgan Ozodlik manbasi¸ rasmiylarning hokimiyat mulozimi o‘limiga oid haqiqatni aytishdan tiyilishdan o‘zga chorasi yo‘q¸ deya munosabat bildirdi.

- Sizga shunaqa deydi-da, o‘ziga gap oladimi bular. Bo‘shagin degan¸ bu bo‘shamiyman¸ deb bolnitsada yotib yurgan edi. Bolnitsaga yana kelib bunga “ishdan bo‘shagin” degan. Keyin insult bo‘lib, kasal bo‘lib yurgan edi bechora. Osgani fakt. Rostdan ham osgan. Yarim mahalla bordiyu janozaga¸ bugun peshinda chiqardi¸ deb ta‘kidlaydi qibraylik manba.

Shavkat To‘rayev o‘limiga oid to‘liq tafsilotlar noma‘lum bo‘lib turgan bir paytda¸ Ozodlik manbasi¸ Toshkent viloyat hokimligi rasmiysi¸ hokimlikda borayotgan amal talashish yoxud bo‘lashish jarayonining qurboni bo‘lganini taxmin qiladi.

-Sababi¸ menimcha amal talashish. Yerlar sotilgan edi, o‘shangami yo boshqami. Hozir hammaga yer sotadiku. Bir-ikki yillik gap bu. Hokimlarni ham olib tashladi shu tufayli. Bu gapim fakt. Men bilan yaxshi edi u bola¸ tanish edi. Hali 50 larga bormagandir. Bolalari, ayoli bor, otasi katta ishlarda ishlagan odam¸ deydi xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘z ismi oshkor qilinmasligini so‘ragan qibraylik manba.

Ozodlikning boshqa manbalari avgust oyidan beri O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Toshkent viloyat hokimligida tergov-tekshiruv olib borayotgani va tergov davomida viloyat hokimligining qator mas‘ullari qamoqqa olinganini xabar qilgan edi.

O‘zini Toshkent viloyat hokimligidagi yuqori darajali amaldorlardan birining yaqini deb tanishtirgan bu manbaning aytishicha¸ Toshkent viloyati hokimligining ayrim mas‘ul shaxslari ustidan ochilgan jinoyat ishini O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyuta va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamenti olib bormoqda.

Bu tekshiruvlardan maqsad viloyat hokimiga qarshi kompromat yig‘ish ekanini ta‘kidlagan o‘zbekistonlik mulozim¸ viloyat hokimligi qurilish ishlari bo‘limining sobiq boshlig‘i Bahriddin Aqulovning avgust oyida hibsga olinganini aytgan edi.

14 sentyabr kuni Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Toshkent viloyati hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Bahriddin Aqulovning hibsga olingani va hokimlikda prokuratura tergov o‘tkazayotganini tasdiqlagan edi.

Toshkent viloyat hokimligining Iqtisodiyot boshqarmasi boshlig‘i muovini Shavkat To‘rayevning 12 oktyabr kuni o‘z joniga qasd qilishi bilan hokimlikda bir necha oydan beri borayotgan keng ko‘lamli tekshiruvlar o‘rtasida bog‘liqlik bor-yo‘qligi hozircha noma‘lum.
XS
SM
MD
LG