Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:18

Jahon aholisi 7 milliardga yetmoqda. O‘zbekiston demografik istiqbollari qanday?


O‘zbekistonda demografik muammo tug‘ilishlarning ko‘pligi emas, ijtimoiy vaziyat bilan bog‘liq, deydi aholishunos.
O‘zbekistonda demografik muammo tug‘ilishlarning ko‘pligi emas, ijtimoiy vaziyat bilan bog‘liq, deydi aholishunos.
Oktyabrning 31 kuni jahon aholisi 7 milliardga yetadi. Yer kurrasining 7 milliardinchi kishisi tug‘ilishi kutilayotgani bilan birgalikda yaqin o‘n yilliklar ichida dunyoning ko‘plab mamlakatlarida demografik mumammolar yechimi mushkullashib borishi ham bashorat qilinmoqda.

Ba‘zi mamlakatlar, masalan Rossiyada aholi nufuzi pasayib ketishi xavotirlarga sabab bo‘layotgan bo‘lsa, boshqa mamlakatlarda, masalan, Xitoy, Hindiston, Shri Lanka kabilarda buning aksi, aholi sonining oshib ketayotgani tashvishlarni uyg‘otmoqda. Mutaxassislarga ko‘ra, O‘zbekistonda ham o‘ziga yarasha demografik qiyinchiliklar bor. Lekin keyingi yillarda rasmiylar ko‘rayotgan g‘ayrioddiy choralar vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkin, deya ogohlantirmoqda ular.

Yer kurrasining 7 milliardinchi kishisi, BMT Aholishunoslik idorasiga ko‘ra, 2011 yil 31 oktyabr kuni dunyoga kelishi kerak. Jahon aholisining ko‘payib borayotgani ba‘zi mamlakatlarga rivojlanish uchun yangi imkoniyatlarni ochsa, boshqa mamlakatlar uchun jiddiy muammolarni tug‘diradi.

Xususan, Xitoy yoki Hindiston kabi mamlakatlar, iqtisodlari tez sur‘atlarda oshib borayotganiga qaramasdan, aholi nufuzining iqtisodga nisbatan nomutanosib ravishda oshib borayotgani bu davlatlar yuz tutgan asosiy muammo hisoblanadi.

Boshqa tomondan aholi sonining kamayib ketayotganidan tashvishlanayotgan mamlakatlar ham bor. Masalan, Rossiya aholisi keyigi 20 yil davomida qariyb 8 millionga kamayib ketgan va BMT aholishunoslari bunday davom etsa, 2050 yilga kelib Rossiya o‘zining 140 millionlik aholisidan uchdan bir qismidan ajralishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

O‘zbekistonda ham o‘ziga yarasha demografik muammolar bor, deydi mutaxassislar. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida ishlayligan demograf olim Ozodlik bilan suhbatda bu muammaoni “ijtimoiy-demografik, deb atagan bo‘lar edim”, deydi. Ismi sir qolishini istagan mutaxssisning aytishicha, O‘zbekistonda bugun vujudga kelgan vaziyat 1970 yillarda O‘zbekiston SSR rasmiylarining sobiq ittifoqning boshqa respublikalari orasida mamlakat aholi nufuzini ko‘tarish harakatlari sababchidir. 1960 yilda 6 millionda arang oshgan aholi, 1980 yilda 15 million, 2000 yilda 25 millionga yetdi, deydi mutaxassis.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, bugun O‘zbekiston aholisi 28 million 200 mingga yaqinni tashkil qiladi. BMT 2000 yilda chiqargan hisob-kitobga ko‘ra, o‘sish sur‘ati shu darajada saqlanib qoladigan bo‘lsa, 2025 yilga kelib O‘zbekiston aholisi 50 millionga yetishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassisi aholi o‘sish sur‘ati nisbatan nazoratga olingan bo‘lsa-da, muammo hal etilganicha yo‘q, deydi.

2007 yilda O‘zbekistonda 480 ming nafarga yaqin chaqaloq tug‘ilgan bo‘lsa, 2008 yilda bu ko‘rsatkich 500 mingga, 2009 yilda esa 650 mingga chiqib ketgan. 2010 yilda ham bu ko‘rsatkich kamida 650-700 ming atrofida bo‘ladi, deydi suhbatdoshimiz.

Mutaxassisga ko‘ra, O‘zbekistondagi demografik muammo ijtimoiy vaziyatning ayanchliligi bilan bog‘liqdir. Agar aholining ijtimoiy ta‘minoti tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilganda edi, “demografik muammo ham bo‘lmas edi” deydi mutaxassis. Uning fikricha, O‘zbekistonning iqtisodiy qiyinchiliklari, bu mamlakatning yaqin kelajakda ijtimoiy davlat bo‘la olish istiqbollarini yo‘qqa chiqargan. Aholishunos olim, millionlab o‘zbekistonliklarning mamlakat tashqarisida mardikorlik qilayotgani sabablaridan biri ham “ijtimoiy omildan kelib chiqqan demografik muammodir” deydi.

Uch farzandning onasi 45 yoshli Gulnora opa ham O‘zbekistondagi qiyinchiliklar bois Rossiyaga mehnat muhojiri bo‘lib ketgan.

- Endi hozirgi sharoitni bilasizku. Bizda hozir masalan o‘zim o‘qituvchiman oliy ma‘lumotli. Oilada olti farzand bo‘lsak, hammamiz oliy ma‘lumotli o‘qituvchi. Hammamiz maktabda ishlardik. Bir yildan beri men Rossiyadaman. Sabab, maqsad nima? Farzandlarni uyli-joyli qilish, bizning topaëtgan oyligimiz, nima desam ro‘zg‘orda yetishmovchilik ko‘p demoqchimanda. Chunki farzandlar katta bo‘lgandan keyin tashvishi ham katta bo‘ladiku. Ularni uyli-joyli qilishimiz kerak. Bizning topganimiz faqat yeyish-ichishga yetayaptida. To‘y qilishga ëki uy qurishga yetmaydi baribir, deydi 45 Gulnroa opa.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida ishlaydigan demograf olim, millionlab o‘zbekistonliklarning Rossiyada mehnat qilayotgani uzoq muddatda siyosiy muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantiradi.

Bundan tashqari, uning aytishicha, rasmiylar aholi o‘sishini nazorat qilishning g‘ayroddiy choralarini ko‘rayotgani vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkin. Mutaxassis so‘nggi yillarda ayollarga majburiy tarzda bachadon ichi vositasi qo‘yilayotgani va ayniqsa, ularning sterilizatsiya qilinayotgani kelajakda oqibatlari bo‘lishidan ogohlantiradi.

“Masalan, Xitoyning bir bola siyosatini bilasiz, bu siyosat 80-90 yilarda tug‘ilishlarning kamayishiga olib kelgan bo‘sla-da, bugun Xitoy boshqa muammolarga yuz tutmoqda. Biri aholining katta yoshdagi qismi ko‘payib ketmoqda, ikkinchsi xitoyliklar o‘g‘il ko‘rishni afzal ko‘rgani uchun, uylanish yoshiga yetib qolgan yigitlarga qalliq topilishi masalasi katta muammoga aylandi”, deydi mutaxassis.

O‘zbeklarning ham qizdan ko‘ra o‘g‘ilni afzal ko‘rishi inobatga olinsa, kelajakda jiddiy vaziyat yuzaga kelishi mumkin, dedyi mutaxassis.

Suhbatdoshimiz, O‘zbekiston demografik tarixidan kelib chiqib, ayollarni majburan bichish bilan tug‘ilishlar sur‘atini jilovlab bo‘lmaydi va bu soat mexanizmini ishga tushirish bilan barobar, deydi. Chunki bugun 28 milliondan oshgan aholining katta qismi 70 – 80 yillarda tug‘ilganlar, ya‘ni reproduktiv yoki uylanish yoshida bo‘lganlardan iboratdir. “O‘zbek oilalarida ikki yoki uch nafar bola ko‘rish odati saqlanib qolgani inobatga olinsa, bu yog‘i geometrik progressiya qonuniyatiga ko‘ra, oshib ketaveradi”, deydi mutaxassis. Buning o‘rniga aholi orasida oilani rejalashtirish usullarini targ‘ib qilish kerak, deya tavsiya qiladi u.
XS
SM
MD
LG