Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:16

O‘zbekistonliklar "nurchilikda" ayblanmoqda


Ilhom Merajov
Ilhom Merajov
Novosibirskda “Nurchilar” tashkilotiga aloqadorlikda ayblanib ikki nafar o‘zbekistonlik hibsga olindi. Ulardan biri – Sibir iste‘molchilik kooperatsiyasi universiteti dotsenti, ayni paytda Rossiyaning Osiyo qismi musulmonlar diniy boshqarmasi rahbari muovini, “Madrasat-ul-Zehra” madaniy-ma‘rifiy jamg‘armasi prezidenti Ilhom Merajovdir.

11 oktyabr kuni Novosibirskda “nurchilar” tashkilotiga a‘zolikda ayblanib hibsga olingan asli buxorolik bo‘lgan Rossiya fuqarolariga nisbatan jinoyi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan Novosibirsk viloyati Tergov qo‘mitasi axborot markazi rahbari, adliya katta leytenanti Marina Kinjalova hozircha faqat bir kishi hibsda saqlanayotganini aytdi.

- Tergov ma‘lumotlariga ko‘ra, 2008 yilning may oyidan bugunga qadar ikki nafar asli o‘zbekistonlik Rossiya fuqarolari “Nurchilar” xalqaro diniy tashkilotida faol harakat qilib kelgan. Turkiyalik taniqli faylasuf Said Nursiy tomonidan yaratilgan bu harakat Rossiya Oliy sudi tomonidan 2008 yilning aprel oyida ta‘qiq qilingan. Hibsga olinganlar “nurchilik” ta‘qiqlanganini bilgan holda Novosibirsk hududida yashirin tarzda S. Nursiy asarlari va Rossiyada ta‘qiqlangan boshqa ekstremistik materiallar tarjimasi, bosmasi va tarqatilishini yo‘lga qo‘yganlikda ayblanmoqda,- dedi Novosibirsk Tergov qo‘mitasi rasmiysi.

Marina Kinjalova bu shaxslarning ismini oshkor etmagan holda ularga nisbatan joriy yilning 11 oktyabrida Novosibirsk viloyati Tergov qo‘mitasi tomonidan Rossiya Jinoyat Kodeksining 282.2 moddasi 1 qismi (faoliyati ta‘qiqlangan jamoat birlashmalari tuzish) yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma‘lum qildi.

Novosibirskda hisbga olingan ikki o‘zbekning biri Sibir iste‘molchilik kooperatsiyasi universiteti dotsenti, Rossiyaning Osiyo qismi musulmonlar diniy boshqarmasi rahbari muovini, “Madrasat-ul-Zehra” madaniy-ma‘rifiy jamg‘armasi prezidenti Ilhom Merajovdir. Uning rafiqasi Matluba Merajova Ozodlikka bularni ma‘lum qildi.

- Men bilmayman, uchrashuv berishmadi, hech narsa deyishmayapti. Bugun ikkinchi kun, balkim bugun yoki ertaga qo‘yib yuborishar. Aslida ertalabgacha qo‘yib yuborishlari kerak, bilmadim endi,- dedi Matluba Merajova.

Uning aytishicha, turmush o‘rtog‘i Novosibirskda istiqomat qiladigan 20 ga yaqin boshqa musulmonlar bilan oshga yig‘ilgan joyda hibsga olingan. Uning uyida esa o‘sha kuni kechqurun soat o‘nlarda tintuv o‘tkazilib barcha kitob va kompyuter texnikasi musodara qilingan.

Ma‘lum bo‘lishicha, “nurchilar” tashkiloti “a‘zolari” hibsga olinib, kuni kecha qo‘yib yuborilgan o‘zbekistonliklardan yana biri buxorolik - Komiljon Odilovni ko‘rgani uning uyiga borishgan. Politsiya, tergov qo‘mitasi va federal xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan amaliyotdan keyin K. Odilov va uning mehmonlari ham olib ketilgan, lekin ko‘p o‘tmay mezbon bilan I. Merajovdan tashqari barchasi qo‘yib yuborilgan. Ertalab K. Odilov ham ozod qilingan. Komiljon aka Ozodlikka tergov izolyatorida qolayotgan domla I. Merajov bilan bog‘liq vaziyat bugun uzil-kesil hal bo‘lishi kutilmoqda deydi.

- 11 chislo edi, kechqurun mehmonlar bilan osh yeyayotgan vaqtda uyga kelishdi soat yettilarga yaqin. Biz bir yigirma kishi edik, uzoq va yaqindan kelgan mehmonlar bilan osh yeyayotgan edik. Shu ovqat ustida kelib kirib hammamizni yerga yotqizib hujjatlarimizni bir-bir tekshirdi. Meni uyimda edi bu, tintuv qilindi. Tergov qo‘mitasi, opergruppa, milliy xavfsizlik xodimlari edi. Bizning kitob shkafimizdan kitoblar olindi, hamma so‘roqqa olib borildi. Ertalabga yaqin so‘roqlar tugab hammani qo‘yib yubordi. Ilhom aka 48 soatga ushlanib qoldi. Hozir Ilhom aka 2/48 raqamli izolyatorda. Kecha borib so‘roq qilingan. Kech bo‘lib qolgani uchun bugunga qoldirildi. Bugun obeddan keyin yana so‘roq davom etilishiga qaror qilindi. Ammo 48 soatli izolyatorga bo‘lgan muhlat erta ertalab tugashi kerak. Hali aniq emas – uzaytiradimi-uzaytirmaydimi, bilmaymiz.

K. Odilovning aytishicha, uning uyiga mehmon bo‘lib kelganlarning uylarida ham tintuvlar o‘tkazilgan.

I. Merajov o‘zining islomiy faoliyati uchun ish joyidan bo‘shatilgan, biroq yaqinda sud qarori bilan Sibir iste‘molchilik kooperatsiyasi universitetida ishiga tiklangan edi.

U 1988 yilda Novosibirskka Buxorodan kelib, Novosibirsk Davlat universitetining mexanika-matematika fakulьtetini bitirgan. 2 yil magistratura va 3 yil aspiranturada o‘qigan. 1997 yilda nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan Ilhom Merajov Sibir iste‘molchilik kooperatsiyasi universiteti dotsenti unvoniga sazovor bo‘lgan. 2003 yilda “Madrasat-ul-Zehra” madaniy-ma‘rifiy jamg‘arma tashkil etib, Islomga oid madaniy dasturlarni amalga oshirgan, shu mavzuga oid nashrlarni chop eta boshlagan. 2008 yilda Novosibirsk Tarixiy masjidi jamoasi yig‘inida Rossiyaning Osiyo qismi musulmonlar diniy boshqarmasi rahbari muovini lavozimiga saylangan.

Uylangan, ikki nafar farzandi bor.

Ozodlik dotsent Ilhom Merajovning hibsga olinishi bilan bog‘liq vaziyatni kuzatishda davom etadi.
XS
SM
MD
LG