Линклар

logo-print

Joy nomlari to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi


Toponimik nomlarni shaxslardan tozalash bir muncha avval boshlangan edi. Sobir Rahimov tumani va metrosi Olmazorga aylandi.

Toponimik nomlarni shaxslardan tozalash bir muncha avval boshlangan edi. Sobir Rahimov tumani va metrosi Olmazorga aylandi.

O‘zbekistonda bundan so‘ng viloyat, shahar, posyolka, qishloq-ovullarga shaxs ismlari va tarixiy shaxslarga bag‘ishlangan nomlar qo‘yilmaydi. O‘zbekiston prezidenti imzo chekkan qonunga ko‘ra, faqat mustasno tarzda, ko‘chalar, mahallalar, maydon va parklarga O‘zbekiston tarixida kuchli iz qoldirgan shaxslarning nomi berilishi mumkin.

O‘zbekiston prezidenti imzo chekkan “Geografik ob‘ektlar nomlanishi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, viloyat, rayon, shahar, posyolka, qishloq, ovullarga shaxs ismlari va tarixiy voqealarga bag‘ishlangan nomlar berilmaydi.

O‘zbekiston Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining Geodeziya va kartografiya milliy markazi bosh ilmiy xodimi, Toshkent hokimligi qoshidagi toponimik komissiya a‘zosi, professor Suyun Qorayev Ozodlik bilan suhbatda yangi qonun ortida turgan omillarni bunday izohladi:

- Biz mana shunday qonun qabul qilinishiga ko‘p yildan beri harakat qilib keldik. Joy nomlariga kishilarning ism-familiyalarini berish mumkin emas, chunki tarix o‘zgarib turadi. Bir odamning xizmati ma‘lum vaqtdan keyin esdan chiqadi. Shuning uchun odamlarning familiyasini berishga qarshi biz ko‘p vaqtdan beri kurashib kelardik. Shu narsa farmonda o‘z aksini topgan. Demak, aytaylik o‘zbek xalqining, umuman insoniyatning tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk kishilarning nomlari, masalan Abu Ali ibn Sino, Navoiy, Forobiy, Beruniy kabi buyuk kishilarning nomlarini berish mumkin. Oddiy kishilarning masalan sovet davrida yoki undan keyingi davrlarda davlat arbobi bo‘lib ishlasa yoki mehnat qahramoni, boshqalar bo‘lsa, ularning nomini qo‘ymaslik qonun tusini oldi. Buyam mafkurada. Mafkuradan voz kechish kerak. Deideologizatsiya deyishadi. Siyosatdan xoli qilish kerak joy nomlarini,- deydi professor Suyun Qorayev.

Yangi qonunga ko‘ra, ko‘chalar, prospekt va mahallalar, maydon va parklarga O‘zbekiston tarixida chuqur iz qoldirgan buyuk siymolarni mustasno qilganda, alohida shaxslar, ijtimoiy-siyosiy arboblar nomini berish taqiqlanadi. Professor Suyun Qorayevning aytishicha, toponim olimlar joylar nomini shaxslar amaliga qarab emas, balki xalqqa qilgan xizmatiga qarab qo‘yish kerak:

- Umuman kishilarning ismini joylarga, qishloq, ko‘priklarga qo‘yish qadimdan bor. Gap shundaki, ilgari odamlarning amaliga qarab emas xizmatiga qarab qo‘yilgan. Masalan, bir kishi ko‘prik solgan bo‘lsa, shuning nomiga qo‘yilgan. Bir kishi bir qishloqni obod qilgan bo‘lsa, o‘shaning nomiga qo‘yib kelingan. U vaqtda siyosat emas edi bu. Hech qanaqa buyruq, hujjatlarsiz odamlarning o‘zi og‘zidan og‘izga o‘tib kelgan. Lekin keyingi paytlarda, ayniqsa sovet paytlarida siyosat mafkuraviy tus olgandan keyin shunday bo‘ldi, masalan Leninning nomi O‘zbekistonda 400 marta takrorlanardi. Lenin, Ilich, Ulyanov va hokazo,- deydi professor Suyun Qorayev.

Qonunda aytilishicha, O‘zbekistondagi ma‘muriy-hududiy birliklar nomi ular mansub ma‘muriy markazlar, jug‘rofiy yoxud tarixiy nomlardan olingan bo‘lishi, aeroport, vokzal, port, temir yo‘l bekatlari nomlari ham ular joylashgan jug‘roviy ob‘ektlar nomiga uyqash bo‘lishi lozim.

Professor Suyun Qorayev qonunning bu bandiga to‘la qo‘shilishini aytar ekan, joy nomlari to‘qib chiqarilgan chiroyli nomlar bilan atalmasligi, balki, nomlar joy xususiyatiga mos bo‘lishi kerakligini ta‘kidlaydi:

- Chiroyli bo‘lishi uchun qilayotganimiz yo‘q. Tarixda qolsin, shu yerning tarixini, ekonomikasini aks ettirsin. Joyiga aloqasi yo‘q nomlar borda. Joy nomida albatta joyning biror xislati aks etishi kerak. Bo‘lmasa u joy nomi bu yerga yot bo‘ladi. Bunga sig‘maydi. Boshqa nom qo‘yish kerak,- deydi professor Suyun Qorayev.

Olimning aytishicha, O‘zbekiston hududida bir xil nomlar bilan atalgan joylar juda ko‘p. “Geografik ob‘ektlar nomlanishi to‘g‘risida”gi qonun esa joylar nomiga tarixiy nomlarini qaytarishga, xalqqa xizmati uchun emas, balki amali uchun qo‘yilgan tarixiy shaxslar nomlarini o‘zgartirish uchun qonuniy asos bo‘ladi:

- Yoppasiga davom etaveradi bu ish. Masalan izi qolgan bo‘lsa eski siyosatning, qizil toponimlar bo‘lsa, hozir ham, bundan keyin ham bunga qarshi kurashilaveradi. Ularni yo‘qotish kerak. Uning o‘rniga xalqona, xalq og‘zidagi nomlar bo‘lishi kerak,- deydi O‘zbekiston Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining bosh ilmiy xodimi, Toshkent hokimligi qoshidagi toponimik komissiya a‘zosi, professor Suyun Qorayev.

O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritganidan so‘ng, kommunistik partiyaga aloqasi bor nomlarning deyarli hammasi o‘zgartirildi.

Yo‘ldosh Oxunboboyev, Akmal Ikromov, Sobir Rahimov tumanlaridan ham ularning nomlari kommunistik partiyaga xizmat qilganligi uchun olib tashlangan edi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG