Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:33

O‘zbek liderlarning advokatlari dalil talab qilmoqda


Qirg‘iziston Oliy sudi Qodirjon Botirovning o‘ziga nisbatan sud jarayoni to‘xtatilib turishiga oid iltimosini qanoatlantirmadi.
Qirg‘iziston Oliy sudi Qodirjon Botirovning o‘ziga nisbatan sud jarayoni to‘xtatilib turishiga oid iltimosini qanoatlantirmadi.
2010 yilgi O‘sh qirg‘ini aybdorlari sifatida ayblanib, sirtdan sudlanayotgan qirg‘izistonlik o‘zbek liderlarining advokatlari o‘z himoyasidagi odamlarga nisbatan ochilgan jinoyat ishlarini qayta tergovga yuborilishini talab qilishmoqda.

Qirg‘izistonning Jalolobod shahrida o‘tayotgan sud jarayonining 12 oktyabrda bo‘lib o‘tgan majlisida 2010 yilda sodir etilgan O‘sh qirg‘ini aybdorlari sifatida sirtdan sudlanayotgan Qodirjon Botirov, Inomjon Abdurasulov, Mahamadrasul Aboqjonov, Abdurahmon Abdullayev, Xaliljon Xudoyberdiyev va Javlon Mirzaxo‘jayevlarning advokatlari o‘z himoyasidagi odamlarning jinoyat ishlari qayta tergovga jo‘natilishini talab qilishdi.

O‘shdagi “Mezon TV” telekanali xo‘jayini Javlon Mirzaxo‘jayevning advokati Nazgul Suyunbayevaning aytishicha, jinoyat ishlarining birortasida ayblanuvchilar aybdorligini isbotlovchi birorta dalil va isbot keltirilmagan. Ayblov faqat quruq so‘zlar asosiga qurilgan.

- Tergov jarayonida juda ko‘p xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Mening himoyamdagi odam tergovga bor-yo‘g‘i bir marta chaqirilgan. Mirzaxo‘jayevga nisbatan jinoyat ishini uning va advokatning ishtirokisiz yakunlab, sudga jo‘natib yuborishgan. Masalan, ayblovda Botirov “Mezon TV” orqali millatlararo nizoga chaqirgan, deb aytiladi. Biroq birorta ham isbot yoki dalil keltirilmaydi. Mirzaxo‘jayev Botirov bilan til biriktirgan holda ishlagan, deb ayb qo‘yilgan. Lekin birorta guvoh, dalil, isbot yo‘q. Ayblov quruq gapdan iborat, - dedi advokat Suyunbayeva.

Ayni paytda Qirg‘iziston Oliy sudi Qodirjon Botirov ham o‘z advokati orqali Jalolobod shahar sudiga o‘ziga nisbatan sud jarayonini to‘xtatib turish iltimosi bilan murojaat qilganini bildirdi. Oliy sud matbuot xizmati tarqatgan bayonotda aytilishicha, Qodirjon Botirov hali sud hukmi chiqmay turib, Qirg‘iziston parlamenti uni O‘sh voqealarining asosiy aybdori sifatida ko‘rsatib qaror qabul qilgani uchun parlament raisi Aqmatbek Keldibekovni sudga bergan. Qodirjon Botirov mazkur da‘vo arizasi ko‘rib chiqilguniga qadar o‘ziga nisbatan sud jarayoni to‘xtatilib turishini iltimos qilgan.

“Biroq Jalolobod shahar sudi bu iltimosni va advokatlarning jinoyat ishlarini qayta tergovga yuborish talabini qanoatlantirmadi”, deb aytiladi Oliy sud tarqatgan bayonotda.

Advokat Nazgul Suyunbayeva ham bu bayonotni tasdiqlagan holda, sirtdan sudlanuvchilarning advokatlari o‘z iltimoslari qondirilishini talab qilib, yuqori sud instantsiyasiga murojaat qilganliklarini bildirdi:

- Sud bizning barcha iltimoslarimizni qanoatlantirishdan bosh tortganidan so‘ng ayblanuvchilarning barcha advokatlari birlashib, Jalolobod viloyat sudiga appelyatsiya arizasini topshirdik. Endi bizning iltimosimiz viloyat sudi darajasida ko‘rib chiqiladi, - dedi Nazgul Suyunbayeva.

Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, O‘sh qirg‘ini tashkilotchilari sifatida ayblanayotgan bir qator o‘zbek liderlariga nisbatan sirtdan o‘tkazilayotgan sud jarayoni bir necha oy ichida 10 marta qoldirilgan. Sud jarayoniga faqat sentyabr oyi oxirlaridagina guvohlar, jabrlanuvchilar va advokatlarni olib kelish imkoni bo‘lgan.

Biroq Qirg‘iziston parlamenti deputatlaridan bir guruhi oktyabr oyi boshida o‘tgan parlament majlislaridan birida Qodirjon Botirovga nisbatan o‘tkazilayotgan sud jarayoni siyosiy sabablar bilan ortga surilayotganini iddao qildi. Ularga ko‘ra, hukumatdagi ayrim amaldorlar Qodirjon Botirovning sudlanishidan va unga nisbatan jazo belgilanishidan manfaatdor emaslar.

Qirg‘iziston parlamentida chiqish qilgan mamlakat Bosh prokurori Aida Salyanova esa deputatlarning bunday iddaolari haqiqatdan uzoq ekanini bildirgan edi.

- Bu jinoyat ishining ko‘rib chiqilishida hech qanday siyosat yo‘q.. Murakkab ishlar ko‘riladigan sud jarayonlari juda ko‘p holatlarda boshqa kunlarga qoldiriladi. Mazkur sud jarayoniga ham guvohlar, jabrlanuvchilar va advokatlar kelmay qo‘yishayapti. Shuning uchun ham sud bir necha oydan beri qoldirilib kelinmoqda, - dedi Aida Salyanova.

Aytib o‘tish lozimki, hali sud hukmi chiqmay turiboq, 2010 yilda O‘sh voqelarini o‘rgangan Milliy va parlament komissiyalari Qodirjon Botirovni O‘sh qirg‘ini aybdori sifatida qaror chiqargan edilar. Biroq O‘sh qirg‘inini o‘rgangan xalqaro komissiya Qodirjon Botirovning millatlararo nizo aybdori ekanini tasdiqlovchi faktlar yo‘qligini, O‘sh qirg‘ini Qirg‘iziston hukumatining “etnomillatchilikka asoslangan siyosati oqibatida sodir bo‘lgan”ini ta‘kidlagan edi.
XS
SM
MD
LG