Линклар

logo-print
AQSh Davlat departamenti Qo‘shma Shtatlar rasmiylari Saudiya Arabistonining Vashingtondagi elchisiga qarshi uyushtirilishi fosh qilingan suiqasd rejasi borasidagi iddao xususida Eron rasmiylari bilan “bevosita muloqot”da bo‘lganini bildirdi.

Vashingtonda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Davlat departamenti matbuot kotibi Viktoriya Nuland Eron rasmiylari bilan muloqot chorshanba kuni bo‘lib o‘tganini ma‘lum qildi.

Biroq Nuland muloqot tafsilotlari haqida hech narsa aytmadi.

Payshanba kuni voqeaga ilk bor munosabat bildirgan AQSh Prezidenti Barak Obama Eronga nisbatan “qattiq sanktsiyalar” qo‘llash yo‘llarini izlashini aytdi.

Obama fitna uchun Eron hukumatining “eng yuqori darajadagi” rasmiylari javob berishi kerakligini ta‘kidladi.

- Biz hamma ittifoqchilarimiz, xalqaro jamoatchilik bilan muloqotda bo‘ldik. Biz ularning oldiga faktlarni qo‘ydik. Ular tahlil qilib chiqqanidan so‘ng nima bo‘lgani xususida baxs bo‘lmaydi deb o‘ylaymiz, - dedi AQSh prezidenti.

Obama Qo‘shma Shtatlar Eronga nisbatan har qanday chora qo‘llashi mumkinligini ehtimoldan soqit qilmadi.

Janubiy Koreya Prezidenti Li Myon Bak bilan uchrashuvdan keyin Oq uyda o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘zlagan AQSh rahbari ikki shaxs Saudiya Arabistoni elchisiga suiqasd uyushtirishga uringani va bu fitnaga Tehronning aloqadorligi haqidagi iddaolar dalillar bilan isbotlanishini ta‘kidladi.

- Biz (Arbobsiyor) Eron hukumatidagi shaxslarga bevosita aloqador bo‘lgani, ular tomonidan moliya bilan ta‘minlangani va ko‘rsatma olganini ham bilamiz. Barcha faktlar batafsil o‘rganilmoqda. Agar iddaolarni faktlar bilan tasdiqlay olmaganimizda ayblov e‘lon qilmagan bo‘lar edik,- dedi AQSh rahbari.

Seshanba kuni AQSh rasmiylari Eronning xavfsizlik xizmatiga aloqador bo‘lgan ikki shaxs tomonidan Saudiya Arabistonining Vashingtondagi elchisiga qarshi suiqasd uyushtirish rejasi fosh qilinganini e‘lon qildi.

AQSh Bosh prokurori Erik Holder ikki shaxs, ya‘ni, AQSh fuqaroligini olgan va Eron pasportiga ham ega bo‘lgan 56 yashar Mansur Arbobsiyor hamda Erondagi Islomiy inqilob posbonlari korpusining Quds kuchlari a‘zosi G‘ulom Shakuriy “qotillar yollab, xalqaro qotillik sodir etish”da ayblanayotganini ma‘lum qildi.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, Arbobsiyor sentyabr oyida AQShda qo‘lga olingan. Shakuriy esa Eronda ekani taxmin qilinmoqda.

AQSh Moliya vazirligi Saudiya Arabistonining AQShdagi elchisiga qarshi fosh etilgan suiqasd rejasiga aloqador bo‘lgan Eronning maxsus kuchlarini tashigan aviashirkatga nisbatan sanktsiya joriy qildi. Vazirlik ma‘lumotiga ko‘ra, Mahan Air aviashirkati Livanning Hizbulloh guruhi va Erondagi Quds harbiy qismining a‘zolarini Yaqin Sharq mintaqasi bo‘ylab tashigan.

13 oktyabr kuni AQSh Moliya vaziri o‘rinbosari Devid Koyen AQSh Senati qo‘mitasida qilgan chiqishida Eronni moliyaviy jihatdan yakkalab qo‘yish uchun AQSh Moliya vazirligi tomonidan Eron Markaziy bankiga nisbatan qo‘shimcha sanktsiyalar qo‘llash masalasi ko‘rilayotganini ma‘lum qildi.

Saudiya Arabistoni ham Eronga nisbatan “qat‘iy choralar” ko‘rish muhokama qilinayotganini bildirdi.

Eron fitnaga aloqador ekani haqidagi iddaolarni rad qilib, bu fitna Eron va qo‘shni davlatlar o‘rtasida keskinlik keltirib chiqarish maqsadida o‘ylab topilganini bildirdi.

Ayni paytda Erondagi rasmiy axborot agentiklari xabariga ko‘ra, AQShning iddaolariga “keskin” norozilik bildirish uchun Amerika manfaatlarini himoya qiluvchi Shveytsariya elchisi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan.

Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Ahani Saudiya Arabistonini AQShning iddaolariga ishonib “qopqonga tushmaslikka” chaqirgan. Ahani Yaqin Sharq davlatlari “munosabatlaridagi har qanday beqarorlik”dan faqat AQSh va Isroil manfaat ko‘rishini qo‘shimcha qilgan.
XS
SM
MD
LG