Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:40

Tojikistonda ham paxtakordan paxta aziz


Mahalliy hokimiyat rasmiysi bilan paxta rejasi ustida tortishgan tojikistonlik o‘z joniga qasd qildi.

- Tolibjon “gup” etib yerga yiqildi. Pichoqni sug‘urib olgandim, qon fontan bo‘lib otildi. Shunchalik qattiq dod, dedimki yeru-osmon larzaga keldi go‘yo. Hamma qochib ketdi, Gulov ham, o‘t o‘chiruvchilar ham qochib ketishdi. Hovlining o‘rtasida bir o‘zim va qonga belangan bolam qoldik,- deydi o‘sha mudhish kechani eslab, Shahrinav tumanlik Habiba To‘rayeva.

Onaxonning aytishicha, voqea 30 sentyabr tunda, uning “Yangi yo‘l” qishlog‘idagi hovlisida ro‘y bergan.

Habibaxon ayaning uyiga kirib borgan Shahrinav tuman hokimiyati vakili Qurbonali Gulov va “Selbur” qishloq raisi Abdusattor Qoraxonov oila bekasining aytishicha, paxtani vaqtida topshirmagani uchun uni haqoratlagan. Bu ham yetmaganday hukumat mulozimi Gulov, o‘t o‘chiruvchilarni chaqirtirib, bu oilaga 5000 somoniy yoki taxminan 1037 AQSh dollar miqdorida jarima soldirgan.

65 yoshli Habiba aya hukumat mulozimlari oyog‘i tagiga yiqilib, rahm qilishlarini so‘ragan, yolvorgan. Buncha katta pulni to‘lay olmasligini aytgan. Ammo hukumat vakillari qaroridan qaytish o‘rniga ayolga qo‘shib o‘g‘illarini ham haqoratlagan.

Onasining xo‘rlanganiga bardosh bera olmagan 37 yoshli o‘g‘li Tolibjon o‘z joniga qasd qilganini aytadi ayol.

- Boshimizdan ko‘p qiyinchiliklar o‘tdi. Otasi qiyin paytda olamdan o‘tdi, hech narsamiz yo‘q edi, pulimiz, zahiramiz yo‘q edi. Ikkita xleb bilan kun ko‘rganmiz. O‘sha paytda ham tushkunlikka tushmagan. Shunchalarga bardosh bergan bola kelib o‘zidan o‘zi shunday ish qiladimi, bir jabr o‘tmasa? Shu darajagacha bizni xo‘rlashdi, haqiqatdan xo‘rlashdi, - deydi Habibaxon aya.

O‘sha voqeada ko‘p qon yo‘qotgan Tolibjonni Tursunzoda tuman shifokorlari uch soat davomida jarrohlik qilib, hayotini saqlab qolganlar.

Endilikda oyoqqa turgan Tolibjon va onasi Habibaxon aya Shahrinav tuman huquq idoralaridan o‘z haq huquqlarini himoyalashni so‘ramoqda.

Asnoda Shahrinav tuman hukumat rasmiysi Qurbonali Gulov va “Selbur” qishloq raisi Abdusattor Qoraxonov o‘zlariga nisbatan ayblovlar to‘qima ekanini aytmoqdalar.

- Bu yil bizning tumanimiz uch ming tonna paxta berishi kerak. Shu uch ming tonna planga shu paxta ham kiradi. ( Habibaxon ayaning oilasi yetishtirgan uch tonna paxta nazarda tutilayapti,tahr,.). Hammasini paxta ekkan vaqtida ro‘yxatga olganmiz. Ana shu vajdan biz borib, “paxtani topshiringlar” dedik. Sizlab gapirdik, birortasini “sen” laganimiz yo‘q. “Olib borib topshiraman”, deb va‘da berishdi. Lekin kechki payt uylariga borsak, hali paxtani yuklamagan ekan. Men shaxsan u yerda Tolibjonni ko‘rganim yo‘q, so‘kkanim ham yo‘q, - dedi “Selbur” qishloq raisi Abdusattor Qoraxonov.

Habibaxon ayaning qo‘shnilari Tolibjonning o‘z joniga qasd qilishiga turtki bo‘lgan asosiy omil, hukumat vakili Gulovning o‘t o‘chiruvchilarni chaqirtirgani bo‘lganini aytadi.

Biroq Shahrinav tuman hukumat rasmiysi Qurbonali Gulov esa o‘t o‘chiruvchilar o‘sha bahs maydoniga tasodifan kelib qolganini aytdi.

- O‘t o‘chiruvchilar o‘sha qishloqqa oylik reja asosida kelib qoldi. Ular aholi orasida tushuntirish ishlari olib borishadi. Shu orada paxtani yuklash uchun pritsep ham kelib qoldi. Men onaxonning o‘g‘illari bilan paxtani yuklayotganlarini ko‘rib, hatto o‘t o‘chiruvchilarni qaytardim. Tolibjon o‘sha kecha kimningdir to‘yida bo‘lgan va kayfi bor edi. Ana o‘sha mastlik holatida shu hodisa ro‘y berdi, - deydi tuman hukumat mulozimi Gulov.

Ayni paytda Shahrinav tuman prokurori Rahmonali Imomov mazkur holat yuzasidan dalillar o‘rganilayotganini ma‘lum qildi. Prokurorning aytishicha, mahalliy hukumat vakillarining shaxsni o‘z joniga qasd qilish holatiga solganiga oid dalillar isbotlansa, ular jinoiy javobgarlikka tortiladi.
XS
SM
MD
LG