Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:22

Qirg‘izistonda hibsxonalarga videokameralar o‘rnatishmoqchi


Qirg‘iz rasmiylariga ko‘ra, hibsxonalarga videokamera o‘rnatish qiynoqlarga qarshi kurashning bir usulidir.

Shu yilning 9 avgust kuni Bozorqo‘rg‘on tuman militsiya xodimlari tomonidan kaltaklangani oqibatida vafot etgan Usmonjon Xolmirzayevning o‘limi Bozorqo‘rg‘on militsiya bo‘limida videokameralar o‘rnatilishiga turtki bo‘ldi. Buning uchun oktyabr oyi boshlarida tumanda qiynoqlarga qarshi kurashga hissa qo‘shish marafoni ham o‘tkazilgan:

- Militsiya urgani, kaltaklagani aytilayotgan fuqaro Xolmirzayevning o‘limi bunga turtki bo‘ldi. “Shu yerda marafon o‘tkazib, qiynoqlarni yo‘q qilishga harakat qilaylik”, degan fikr paydo bo‘ldi. Videokameralar o‘rnatishga 10-15 ming dollar kerak. Xalqaro tashkilotlar ham “yordam beramiz”, deyishayapti. Agar ular ham yordam bersa, bu ishlarni amalga oshirishga katta imkoniyat paydo bo‘ladi, -dedi Jalolobod viloyat prokurori Nurlan Jeenaliyev

Ma‘lumotlarga ko‘ra, videokameralar militsiya bo‘limining mahbuslarni saqlash xonalari, tergovchilar va operativ xodimlarning xonalariga o‘rnatiladi. Videokameralar tuman prokuraturasi tomonidan nazorat qilinishi aytilmoqda.

Yil boshidan beri Jalolobod viloyat prokuraturasi tomonidan qiynoqlar bo‘yicha 12 jiniy ish qo‘zg‘algan. Ulardan 8 tasi sudda ko‘rilmoqda, ikki ish qisqartirilgan va yana ikki jinoiy ish to‘xtatilgan. Mazkur jinoyat ishlarining 80 foizi militsiya xodimlariga nisbatan ochilgan.

Jalolobod viloyati kuch tizimi rasmiylari o‘rnatilajak videokameralar militsiya tomonidan mahbuslarga nisbatan qiynoq qo‘llanish hollarini yo‘q qilishini aytmoqda. Biroq mahalliy huquq himoyachilar kuch tizimi rasmiylarining bunday bayonotlariga qo‘shilmaydilar.

“Qilim shami” huquqni himoya qilish tashkilotining Jalolobod viloyatidagi muvofiqlashtiruvchisi Abdinazar Mamatislamov mahbuslarga nisbatan qiynoq qo‘llash hollari videokameralar o‘chirilganida yoki kameralar o‘rnatilmagan joylarda davom etishi mumkin degan fikrda:

- Kameralarning o‘rnatilishi bilan muammo butunlay hal bo‘ladi degan fikrdan yiroqman. Negaki qiynoqqa solinganlarning ko‘pchiligi bu borada ochiq bayonot berishdan qo‘rqishadi, - dedi Abdinazar Mamatislamov.

Aytish joizki, Xolmirzayevning o‘limida ayblangan 4 ta militsiya xodimiga nisbatan “Qiynoq qo‘llash”, “Pora talab qilish” kabi ayblovlar bilan jinoyat ishi ochilgan. Xolmirzayev o‘limi yuzasidan ayblanayotgan militsionerlar ustidan birinchi mahkama 2 oktyabr kuni Bishkek yaqinidagi So‘quluq tuman sudida bo‘lib o‘tdi.

Xolmirzayev o‘limida ayblanayotgan militsionerlarning yaqinlari Chuy viloyati So‘quluq tuman sudida o‘tayotgan mahkamani Jalolobod viloyatiga ko‘chirishni va sudlanuvchilarni uy qamog‘i yoki mamlakatdan chiqmaslik to‘g‘risidagi tilxat bilan ozod qilinishini talab qilib Jalolobod viloyatida miting o‘tkazdi.
XS
SM
MD
LG