Линклар

Qirg‘iz-o‘zbek chegarasi qachon ochiladi?


Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegara punktlari o‘tgan yil aprelidan buyon yopiqligicha qolmoqda.

Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegara punktlari o‘tgan yil aprelidan buyon yopiqligicha qolmoqda.

Bu savol Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati rahbari Zakir Tilenovning jurnalistlar bilan bo‘lgan uchrashuvida o‘rtaga tashlandi.

14 oktyabr kuni ca-news.org saytida Zakir Tilenov o‘shlik jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegaralarni ochish masalasini ko‘rib chiqayotganini ma‘lum qilgani borasida xabar paydo bo‘ldi.

Biroq Chegara xizmati matbuot kotibasi Salqin Abduqariyeva Ozodlikka o‘z rahbarining bunday bayonot bermaganini, jurnalistlar uning so‘zlarini noto‘g‘ri tushunib olganliklarini aytdi. Salqin Abduqariyevaga ko‘ra, Zakir Tilenov qirg‘iz chegarachilari qirg‘iz-o‘zbek chegarasini ochish to‘g‘risida o‘zbekistonlik hamkasblari bilan muntazam ravishda muzokaralar olib borayotgani to‘g‘risida gapirgan:

- U: “Biz ularning chegaralarni ochishi uchun muzokaralarni olib borayapmiz. Biroq O‘zbekiston tomoni hali-hamon O‘zbekiston xavfsizligiga tahdid borligini, shuning uchun ular hozircha qirg‘iz-o‘zbek chegarasini ochishga tayyor emasliklarini aytayapti”, deya ma‘lum qilgan, - dedi Salqin Abduqariyeva.

Uning aytishicha, ayni paytda qirg‘iz-o‘zbek chegarasi uchinchi davlat fuqarolari uchun ochiqdir:

- Tranzit yo‘lovchilar, ya‘ni uchinchi davlat fuqarolari uchun chegaralar ochiq. Chegaralar faqat ikki davlat – O‘zbekiston hamda Qirg‘iziston fuqarolari uchun yopiq, - dedi Salqin Abduqariyeva.

O‘zbekiston va Qozog‘iston Qirg‘iziston bilan chegaralarini 2010 yilning 7 aprelidan so‘ng bir tomonlama yopib qo‘ygan edi. Aprel voqealaridan 40 kun o‘tgach, Qozog‘iston chegaralarini ochgan, biroq O‘zbekiston shu kungacha chegaralarini ochish niyatini bildirmayapti.

Ayni paytda Qirg‘izistondan O‘zbekistonga havo yo‘li ochiqligini ham aytish lozim. Hozirda Bishkek-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha uchoq chiptasi narxi taqriban 150 AQSh dollariga teng.

Bunday xarajat qilish imkoniyati bo‘lmagan ayrim qirg‘izistonliklar avtoulovlarda qo‘shni Qozog‘istonga borib, qozoq-o‘zbek chegarasidan o‘tayotgan hollari ham yo‘q emas. Biroq qozoq-o‘zbek chegarasidan o‘tayotgan qirg‘izistonliklar o‘zbek chegarachilarining qo‘pol xatti-harakatlaridan, talonchiligidan shikoyat qilishmoqda.

Bishkeklik O‘g‘ilxon opaga ko‘ra, u shu yilning 7 oktyabr kuni Toshkent yaqinidagi Chernyayevka chegara punktidan o‘tib, O‘zbekistondan Qirg‘izistonga qaytmoqchi bo‘lgan. Chegara punktiga borganida u yerda odam ko‘pligi sababli tilla zanjirini yo‘qotib qo‘yishdan cho‘chib, taqinchog‘ini ro‘molchaga o‘rab, sumkasiga solib qo‘ygan. Biroq O‘zbekiston chegarasidan o‘tayotganida:

- “Sumkani ochib, ichidagi hamma narsani ko‘rsating”, dedi. Ochib, mana, mana bunaqa narsalarim, deb ko‘rsatdim. “Bu nima?” deydi, “Bu o‘zimni oltinim”, dedim. Ular: “Qanday sizning oltiningiz, nega deklaratsiyaga yozmandingiz?” deb qo‘limdan tortib oldi. Hatto taqinchoqim uzilib ketay degan joyini ko‘rsatgani, gapirgani imkon bermadi. Bir yoqqa olib kirib ketdi. O‘sha yerdan bir qiz hujjat to‘ldirgani tushdi. Men u qizga: “Menga oqibati nima bo‘lishini aytib beringlar. Men birinchi marta shunday holga tushdim. Menga nima qilishadi?“ dedim. Lekin menga hech narsa deyishmadi. Bu tillaning olib qo‘yilishini ham aytishmadi. 60 yoshga kirgan kampirni “Tushuntirish xati yozib bersangiz, keyin qaytarib beramiz” deb, yosh boladay aldashdi. Shunday qilib, tushuntirish xati yozdirishdi, barcha hujjatlarni to‘ldirtirishdi, imzo qo‘ydirishdi. Keyin: “Mana sizga hujjatlar nusxasi, Ollohdan so‘rang, uyingizga borgandan keyin, 20-30 kundan keyin suddan qog‘oz keladi”, desa bo‘ladimi... O‘sha yerda rosa yig‘ladim, - der ekan O‘g‘ilxon opa avvallari ham Chernyayevka chegara punktidan tilla taqinchoqlarini sumkasiga solib, muammosiz o‘tganini qo‘shimcha qildi.

Qo‘shimcha qilib o‘tamiz, qirg‘iz-o‘zbek chegarasida 20 chog‘li rasmiy chegara punkti bor. Hozirda bu chegara punktlari yopiq bo‘lgani sababli ikki davlat fuqarolarning chegara yaqinidagi aylanma yo‘llardan o‘tishi hollari ham kuzatiladi.

Asnoda chegara xizmati matbuot kotibi Salqin Abduqariyeva qirg‘iz chegarachilari o‘zbekistonlik hamkasblari bilan olib borayotgan muzokaralarida mavjud rasmiy chegara punktlaridan hech bo‘lmaganda halqaro maqomdagi “Madaniyat” hamda “Do‘stlik-avtodorojniy” chegara punktlarini ochishga harakat qilayotganliklarini aytdi.
XS
SM
MD
LG