Линклар

Hillari Klinton O‘zbekistonga kelishi aytilmoqda


Hillari Klinton o‘tgan yilning oxirida Toshkentda Islom Karimov bilan uchrashgan edi.

Hillari Klinton o‘tgan yilning oxirida Toshkentda Islom Karimov bilan uchrashgan edi.

AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishi aytilmoqda. Bu haqda xabar qilgan UzMetronom nashri O‘zbekiston hukumatidagi manbalariga tayanib Klinton 22-23 kunlari Toshkentda O‘zbekiston rahbarlari bilan uchrashini aytmoqda. Prezidenet Islom Karimov o‘tgan 11 oktyabr kuni AQShning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Mark Grossmanni qabul qilgan edi. AQSh davlat kotibi so‘nggi bir yil ichida ikkinchi marta O‘zbekistonga tashrif buradi va bu Vashington Toshkent bilan munosabatlarni yaxshilash harakatlarini kuchaytirayotgan paytga to‘g‘ri kelmoqda.

AQSh Davlat kotibining Toshkentga safari haqida O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari va Tashqi ishlar vaziri Elyor G‘aniyev o‘tgan oy Vashingtonda Hillari Klinton xonim bilan uchrashgan paytda kelishib olgan ko‘rinadi, deb yozdi UzMetronom nashri. Nashrning hukumatdagi manbaga tayanib xabar qilishicha, ayni masala o‘tgan hafta prezident Islom Karimov kuni AQShning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Mark Grossmanni qabul qilganda ham ko‘tarilgan.

Mark Grossman Toshkentga 11 oktyabr kuni Germaniyaning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Mixayel Shtayner bilan kelgan edi.

AQShning yuqori darajadagi mulozimlarining O‘zbekistonga tashrifi Vashingtonning Toshkent bilan munosabatlarni yaxshilash urinishlarini kuchaytirayotgan paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Keyingi oylarda Qo‘shma Shtatlarning Pokiston bilan munosabatlari o‘ta sovuqlashib ketgani hamda Afg‘onistonga tranzitning asosiy yo‘nalishi hisoblanib kelgan bu mamlakatda xavfsizlik vaziyatining yomonlashishi sababidan AQSh yetakchiligidagi harbiy amaliyotlari taqdiri mavhum bo‘lib qolmoqda. Shuning uchun keyingi bir-ikki yil davomida Vashington Shimoliy ta‘minot tarmog‘iga e‘tiborni kuchaytirib kelmoqda.


AQShning O‘zbekiston bilan munosabatlarni yaxshilay boshlaganiga aynan Amerikaning Shimoliy tarmoqqa bo‘lgan ehtiyoji oshishi bilan shartlanganini eslatish joiz.

28 sentyabr kuni AQSh Prezidenti Barak Obamaning Toshkent rahbarini mustaqillik bayrami bilan tabriklash baxonasida Oqsaroyga qo‘ng‘iroq qilganini ham tahlilchilar aynan Shimoliy tarmoqqa e‘tiborning kuchayayotgani bilan bog‘lagan edi.

Klinton xonimning Toshkentga safar qilishi hozircha rasman e‘lon qilingani yo‘q, lekin UzMetronom nashrining hukumatdagi manbalari aytganlari rost bo‘lsa, bu AQSh Davlat kotibining keyingi bir yil ichida ikkinchi tashrifi bo‘ladi. U 2010 yilning dekabrida ham Toshkenga kelgan va O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan uchrashgan edi.

29 sentyabr kuni Vashintonda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Elyor G‘aniyev bilan uchrashgan Hillari Klinton Toshkent rasmiylari mamlakatda inson huquqlari va siyosiy erkinliklarga oid vaziyatni yaxshilashda ijobiy natijalarga erishayotganini bayon qildi.

- Hukumat rasmiylari bilan davom etayotgan muloqotimiz muhim ahamiyat kasb etadi, deb hsioblaymiz. Bu muloqot chog‘ida, men va hukumatning boshqa vakillari aytib kelganidek, har doim inson huquqlari va siyosiy erkinliklarga oid xavotirlarimizni bildiramiz. Lekin shu bilan birgalikda biz o‘zbeklar (O‘zbekiston hukumati) bilan bu borada natijalarga erishish ustida ishlamoqdamiz va buning ba‘zi ishoratlarini ko‘rmoqdamiz va shubhasiz, barcha masalalar bo‘yicha munosabatlarimizni chuqurlashtirish istagidamiz,- dedi AQSh davlat kotibi.

Hillari Klintonning bu bayonoti xalqaro huquq tashiklotlarining keskin tanqidlariga uchradi.

Bundan tashqari o‘tgan oyda AQSh Konressi qo‘mitasi O‘zbekistonga harbiy yordam ko‘rstishni taqilovchi sanktsiyani bekor qilish masalasini ko‘rib chiqishga yo‘l ochib beruvchi qaror qabul qilgan edi. Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari bunday so‘rovnoma bilan kongressga murojaat qilgan prezident Barak Obama ma‘muriyatini tanqid qilib kelmoqda.

Karimov-Obama telefon suhbati hamda G‘aniyev-Klinton uchrashuvidan avval Xalqaro Amnistiya, Ozodlik uyi, Hyuman rayts uotch, Ochiq jamiyat instituti, Xalqaro bo‘hronlar guruhi kabi qator nufuzli tashkilotlar AQSh hukumatiga ochiq maktub yo‘llab, O‘zbekiston bilan “normal munosabatlarni” tiklamaslikka chaqirdi.

2001 yil 11 sentyabr voqealaridan keyin AQSh yetakchiligida Afg‘oniston istilosi boshlanganida O‘zbekistonda Amerika bazasi tashkil qilingan edi. 2005 yil 13 may – Andijon qirg‘inidan keyin AQSh va G‘arb O‘zbekiston hukumatini keskin tanqid qilgach, amerikalik harbiylar O‘zbekistondan haydalgan edi.
XS
SM
MD
LG