Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:32

Blog: Odam terisi qoplangan urush nog‘orasi


Shuhrat Bobojon
Shuhrat Bobojon
Muallif: Shuhrat Bobojon

Bundan 298 yil muqaddam Xivada yasalgan urush nog‘orasi janggovorlikni ko‘pdan boy bergan o‘zbeklardan uzoqda - Nyu Yorkda sotib yuborildi.

Nyu Yorkdagi JFK aeroportidan Parijga uchadigan uchoqni 8 soat kutishga to‘g‘ri keldi.

Vaqtni o‘tkazish uchun shahar ziyoratchilariga mo‘ljallangan jurnalni varaqladim.

Jurnalning Art Antik bo‘limida Khiva degan yozuvga ko‘zim tushdi.

Nyu Yorkdagi osori atiqalar bilan kim oshdi savdosi qiladigan galereyada Xiva xoniga tegishli urush nog‘orasi savdoga qo‘yilibdi.

Galereya ham shahar markazida Grey Haund degan avtobus bekatidan sal narida ekan.

Aeroportni shahar bilan bog‘lovchi qatorga tushib bir zumda Grey Haund taraflarga yetib oldim.

Kim oshdi savdosi o‘tayotgan galereya katta ko‘chaning orqasidagi yonboshiga zanglagan temir zinalar yopishtirilgan qizil g‘ishtlik eski binoning 3 qavatida ekan.

Kim oshdi savdosiga maxsus taklifnoma bilan kirilar ekan.

Men jurnalist ekanligimni aytib hujjatimni uzatdim.

Bu gapdan keyin binoga kirish yanada mushkullashganday bo‘ldi.

Ota-bobolari Afriqo zanjilaridan bo‘lgan savlatli eshik og‘asi hujjatimni olib ichkariga kirib ketdi.

Oradan 10 minutlar o‘tib eshik og‘asi¸ chuvakkina¸ sariq sochli¸ och pushti kuylak ustidan och moviy bo‘yinbog‘ bog‘lagan ko‘z oynakli bir yigit hamrohligida chiqdi.

Ovoz yozib olmaslik¸ suratga tushirmaslik sharti bilan ichkariga qo‘yildim.

O‘zbekistonning ovloq tumanlaridagi kolxoz klubi zaliga mengzaydigan bir qorong‘u joy.

To‘rdagi sahnada oyoqlari ot shaklida shamshod daraxtidan bronza va kumushlar qadalib yasalgan chorpoya savdoga qo‘yilgan.

Bu chorpoyada Napolenning Vaterloodagi mag‘lubiyatidan oldin bir kecha uxlagani aytildi.

Umuman bu kim oshdi savdosiga qo‘yilgan ashyolarning hammasi urush bilan bog‘liq edi.

Xiva xoniga tegishli urush nog‘orasi taqdimotiga hali bir soatcha bor.

Urush nog‘orasining tarixi galereya chop qilgan semizgina kitobda yozilgan edi.

Zalni to‘ldirganlarning hammasida ana shu kitobdan bor edi. Bu kitob taklifnomaga qo‘shib berilgani bois¸ tasodifan bu yerga kelgan men kabi jurnalist bu kitobdan benasib edim.

Napoleon chorpoyasi sotilganidan keyin qisqa tanaffus berildi.
Tanaffus chog‘ida Nyu Yorkda rasmlarga chorcho‘p qiladigan freyming shirkat sohibi bo‘lgan Kamol ismli anxo‘ylik o‘zbekni uchratib qoldim.

Kamol qo‘lidagi kitobni ochib Xiva xoni nog‘orasi haqidagi barcha ma‘lumotni men bilan o‘rtoqlashdi.

Bu nog‘oraning Xiva xoni Sherg‘ozi tarafidan 1714 yilda ruslar ustidan qozonilgan zafar sharofati bilan yasalgani ma‘lum bo‘ldi.

Kitobga ko‘ra¸ bu nog‘oraga 1714 yilda Xivani ishg‘ol qilish uchun kelgan rus generali Bekovich Cherkasskiy terisi qoplangan¸ ya‘ni odam terisi qoplangan nog‘ora.

Buni eshitib etim junjikib ketdi. Shunchaki afsona deb o‘yladim.

Ammo galereya mutaxassislari bu nog‘orani ekspertiza qilgan va unga haqiqatdan ham odam terisi qoplangani haqida laboratoriya xulosasi bor edi.

Provenans¸ ya‘ni bu qadimiy ashyoning tarixi ham o‘rganilgan edi.

Bu ma‘lumotga ko‘ra¸ nog‘ora Buxoroning so‘nggi xoni Olimxon tarafidan Afg‘onistonga olib kelingan.

Keyinroq bu nog‘ora Afg‘onistondan AQShga ko‘chib kelgan bir badavlat oila bisotida bo‘lgan.

Keyin bu nog‘ora urush artifaktlari bilan shug‘ullanadigan galereya tasarrufiga o‘tgan.

Nog‘oraning qornida qizdirilgan mix bilan islimi xatda bir bayt yozilgan.

Rebus kabi bu bayt ayni paytda abjad hisobida nog‘ora tarixidan ham ma‘lumot beradi.

Nog‘ora tarixda yo‘q bo‘lib ketgan Xorazm davlatining so‘nggi zafarini eslatuvchi ashyoviy dalil edi.

Shu o‘rinda qisqa bildirish.

Amudaryo quyisida oltin konlari bor deb ishongan Rusiya shohi Petr I Xivani ishg‘ol qilish orzusida edi.

Bu orzuni amalga oshirish uchun asli cherkaz beklaridan bo‘lgan, ammo yoshligida asir olinib rus oilasida tarbiyalangan general Bekovich boshchiligidagi qo‘shinni Xivaga yuboradi.

Qo‘shin Xivaga yetib keladi. Qaqshatqich janglar bo‘ladi. Bu janglarda g‘alaba qila olmasligiga ko‘zi yetgan Sherg‘ozixon hiyla ishlatishga qaror beradi.

U Bekovichga elchi yuborib¸ taslim bo‘lganligini ma‘lum qiladi.

Bu taslimiyat evaziga ziyofat berishini bildirgan Sherg‘ozixon shuncha qo‘shinni birgina Xivaga sig‘dira olmasliigini aytib¸ rus askarlarini Xorazmning beshta tumaniga bo‘lib tashlashni iltimos qiladi.

Bu askarlar boshidan bir tuki ham to‘kilmaydi¸ deb Sherg‘ozixon Qur‘onni o‘pib qasam ichadi.

Bu qasamdan keyin Bekovich, Sherg‘oziga ishonib qo‘shinni beshga bo‘ladi.

O‘sha kunning o‘zidayoq rus qo‘shinlari qirib tashlanadi.

Bekovich boshliq o‘nga yaqin rus qo‘mondonlarining Xivadagi Ichon qal‘adagi maxsus handaqda tiriklayin terisi shilinadi.

Bu ma‘lumot Rossiya xarbiy arxividagi hujjatlarga asoslanadi. Bu hujjatlar qatlni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan rus asirlari hikoyalariga asoslangan.

Bu hikoyalardan birida Bekovich terisi nog‘oraga tortilgani aytilsa¸ yana birida Bekovichning boshi kesilib Buxoro xoniga tortiq qilingani aytiladi.

Aniq bo‘lgani shuki 1714 yilda ruslar Xivada mag‘lub bo‘lishdi.

Bu mag‘lubiyat Xivani ishg‘ol qilish rejasini 100 yil orqaga surdi.

Xivada qatl qilingan Bekovich haqida¸ "ischez kak Bekovich" degan tagdor gap maqol tarzida rus lug‘atiga kirdi...

Bugungi kunga¸ yana Nyu Yorkdagi galereyaga qaytsak.

Nog‘ora haqidagi ma‘lumotlarni bergani uchun anxo‘ylik Kamolga minnatdorlik bildirdim.

O‘zbeklarning ruslar ustidan g‘alabasi timsoli bo‘lgan nog‘orani O‘zbekiston muzeylarida bo‘lishini chandon istadim.

Telefon kulbasidagi malla kitobdan O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi nomerini qidirib topib terdim.

Shunday¸ shunday¸ Sherg‘ozining nog‘orasi dedim....

Elchixona mulozimi gapni kalta qildi.

"Qanaqa nog‘ora¸ qanaqa "shirgazi". Siz o‘zi kimsiz¸ maqsad nima?" dedi.

"Men jurnalistman¸ rassomman¸ Shuhrat Bobojonman" dedim. Nog‘oraning tarixiy ahamiyatini tushuntirgan bo‘ldim.

Mulozim o‘ta sovuq ohangda gapimni kesib¸ "Sizga kim aytdi bizga telefon qilsin deb¸ kim tarafdan vakil qilingansiz?" dedi.

"Men o‘zim shu¸ vatanparvarlik tuyg‘ularim qo‘zib telefon qiluvdim", deyishim bilan u kishi trubkani qo‘yib qo‘ydi.

Men elchixonaning madaniyat attashesi bilan gaplashgandim.

Shu payt Kamol qo‘l siltab qoldi. Nog‘ora taqdimoti boshlandi.

Mana nog‘ora. Sal kattaroq oshqovoqday bir matoh.

G‘olibning mag‘lub ustidan qahqahasiga menzaydi.

Kuchsiz ham hiyla bilan¸ o‘zidan kuchlini yenga olishi mumkin¸ degan falsafaning o‘rnagi edi bu.

Qur‘onga yolg‘ondan qasam ichilmasligiga inongan cherkez bekining harbiy xato uchun to‘lagan to‘lovi edi bu.

Ammo bu odam terisi tortilgan nog‘ora na‘ra tortishga ulgurmasdan bezak ashyosiga aylandi.

Sherg‘ozidan keyingi xonlar urush nog‘orasini chalishmadi. Doirayu tanbur chalib, bachchalar qo‘lidan may ichib g‘azalxonlik qilishdi.

Bu nog‘ora yasalganidan keyin o‘tgan 100 yil Turkiston uchun tanazzul yillari bo‘ldi.

Nafaqat qilichlar¸ balki millat ruhi ham o‘tmaslashdi.

Oqibatda Xiva xoni Muhammad Rahimxon 1873 yil yozida mag‘lub bo‘lib Kaufman etigini o‘pdi.

Endi bu xon urush nog‘orasini chala olmas edi. Balki uning o‘zini ruslar nog‘ora qilib chalar edi.....

Nyu York. Kim oshdi savdosi jallobi usta bozingar kabi qo‘lidagi yog‘och bolg‘ani havoda o‘ynatib bor baraka qilmoqda.

5000 dollardan boshlangan narx 16 mingga ko‘tarildi.

16 ming. 16 ming¸ bir....Sotildi.

yog‘och bolg‘a sandonga zarb bilan urildi. 1714 yilda Xivada yasalgan nog‘ora 2011 yil 15 oktyabrda 16 ming dollarga Nyu Yorkda sotildi.

O‘zbek tarix kitobining yana bir varag‘i tujjorlar cho‘ntagiga pul bo‘lib tushdi.

Xaridor o‘z ismi aytilishini istamadi.

Bilganimiz shuki¸ nog‘orani janubiy-koreyalik bir tadbirkor sotib oldi.

Urush artifaktlari ishqibozi ekan¸ Nyu York va Vashingtonda bir necha kirxonalari bor ekan...

Men JFK aeroportiga qaytdim.

Pasport tekshirish¸ xavfsizlik taftishlari¸ aeroportdagi tinimsiz tabassum qilayotgan¸ tinimsiz shoshayotgan olaquroq olomon e‘tiborimdan chetda edi.

Shu paytgacha kam qiziqqanim yurtim tarixi shuurimni ag‘dar-to‘ntar qilgandi.

Sherg‘ozi yasattirgan urush nog‘orasinng olislarda qolgan sasi ichimda jaranglar edi.

Ulkan uchoq havoga ko‘tarildi. Sal oldin ichida adashib yurganim ulkan shahar qorinja iniday kichik bo‘lib ko‘rindi. 200 yilik shaharning boshi bilan ketini undan uzoqlashgachgina ko‘rdim. Bu shaharda sotilgan Xiva nog‘orasi esa 298 yoshda edi.

Nyu York¸ JFK qo‘nalg‘asi¸ 15 oktyabr.
XS
SM
MD
LG