Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:58

Haydovchilik guvohnomasi olish qiyinlashdi


Joriy yildan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar ham keskin oshirildi.
Joriy yildan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar ham keskin oshirildi.
10 oktyabrdan O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomasi olish uchun topshiriladigan test sinovlariga o‘zgartishlar kiritildi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi hamda O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi qoshidagi Davlat test markazining 30 sentyabrdagi qo‘shma qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomasi olish uchun topshiriladigan test sinovlariga o‘zgartishlar kiritildi.

10 oktyabrdan kuchga kirgan ushbu qarorga ko‘ra, avtoulovlar va elektr bilan yuradigan shahar transportlarining haydovchilarini tayyorlash va malakalarini oshirish payti ulardan olinadigan test sinovlari endilikda yangicha ko‘rinishda bo‘ladi.

Toshkentdagi “Vatanparvar” haydovchilik maktablaridan birining o‘zini tanishtirmagan bo‘lim mudiriga ko‘ra, yangi o‘zgartishlar test sinovlarining mazmuniga taaluqli emas.

- Mazmuniga o‘zgartirish kiritmayapti. O‘zgartirish kiritilayapti o‘sha testdagi qo‘yiladigan savollarning joylashuvi, ularning javoblarining soni, shularga o‘zgartirish kiritayapti. Lekin testning mazmunida o‘zgarish bo‘lishi uchun yo‘l harakati qoidalariga yangilik kiritilgan bo‘lishi kerak. Ana shundagina o‘zgartiriladi. A tak ma‘no jihatdan qolaveradi shundoq. Uni pereustanovka qilish mumkin. Xuddi kartaga o‘xshatib uni u yoqqa, buni bu yoqqa o‘zgartirib qo‘yilishi mumkin. Ma‘nosiga hali jiddiy o‘zgartirish kiritilmadi, deydi Ozodlik bilan suhbatda haydovchilik maktabi mudiri.

Yangi qarorga ko‘ra, test sinovlarining o‘zgartirilgan ko‘rinishida har bir mavzudan 3- 5 ta savol bo‘ladi. Savollarga beriladigan javoblar uch xilda bo‘lib, ular mazmun jihatdan bir- biriga juda yaqin bo‘lishi kerak. Talabalarlarning bilim saviyasi 5 ballik tizimda baholanadi. Talaba kamida 55 foiz ball to‘plashi kerak bo‘ladi. Bu miqdordan kam ball olgan talaba test sinovlaridan o‘ta olmaydi.

15 iyuldan boshlab yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzgan haydovchilar uchun qo‘shimcha ma‘muriy jazolar kuchga kirdi.

Sirdaryo viloyatidagi “Vatanparvar” tashkilotining o‘zini oshkor qilmagan xodimiga ko‘ra, yangi test sinovlariga kiritilgan o‘zgartishlarda, asosan, ushbu ma‘muriy jazolar haqidagi ma‘lumotlar aks etgan.

- Yo‘l harakati bo‘yicha savollar u yerda. Savollar o‘sha-o‘sha. Butun dunyo bo‘yicha belgilar, harakatlar o‘zgargani yo‘q. Shular o‘zgarganda savollar ham o‘zgaradi. Bizlarda yozdagi shtraflar o‘zgargan.Boshqa jiddiy o‘zgarish yo‘q, dedi Sirdaryodagi "Vatanparvar" tashkiloti xodimi.

Toshkentdagi “Vatanparvar” tashkiloti xodimiga ko‘ra, yangi ma‘muriy jazolar uchun jarimalar miqdorini haydovchilar yodlab olishi shart hisoblanmaydi.

- Shtraf qo‘yiladigan bo‘lsa test sinovlarida aniq bir summada kiritilmaydi. Hammasi minimal oylik miqdoridan faloncha protsent deb kiritiladi. Uning hammasini haydovchi bilib, yodlab qolishi shart emas. Chunki bu kerak mahalda ishlatiladigan, kerakmas mahalda boshni qotirib yuradigan ishmas, dedi "Vatanparvar" xodimi.

Yangi o‘zgartishlarga ko‘ra, agar test sinovlaridan o‘ta olmagan talaba o‘z ballariga norozilik bildirsa, u shikoyat qilish huquqiga ega.

Maxsus komissiya talabaning shikoyatini 10 kuni ichida o‘rganib chiqib javob berishi kerak.

Komissiya xulosasidan qoniqmagan talaba huquq-tartibot idoralariga, jumladan, sudga murojaat qilishga haqli.

Toshkentdagi “Vatanparvar” haydovchilik maktablaridan birining o‘zini tanishtirmagan bo‘lim mudiri bu kabi o‘zgartishlar bilan haydovchilik guvohnomasi olish jarayonidagi korruptsiya holatlariga barham berish qiyin deb hisoblaydi.

- Haydovchilik guvohnomasini sotib olish masalasi, endi buning qayerdan kelib chiqayotganini bilish kerakda. Bu ish hech kimga sir emas. Lekin buning davlat miqyosida sir tutilishini tushunmayman. Endi ochiq-oydin kim aytadi bu narsani bilib turib? Hech kim. Hamma bilmaganga olib yurgandan keyin. Obshestvenniy joylarda, majlislarda birorta odam ko‘tarayotgani yo‘q buni. Kelib chiqish sabablarini hamma tushunib turibdi. Bunga yo‘l berib qo‘yilayaptiyu. Kimlardir qiziqqan odamlar yo‘l bermayotgandir balki. Bunga panja orasidan qarab kelinayapti.

O‘qituvchilar shunaqa jonini fido qilib o‘qitaman deyapti. O‘zlari o‘qimasa bizlar majbur qilib, bo‘ynidan bo‘g‘ib “Sen yo‘lda ertaga avariya bo‘lasan” deb o‘qittirganimizning foydasi yo‘q. Katta-katta tushungan odamlar keladi “bolamning ishini to‘g‘irlab bervoringlar” deb. Ertaga ko‘chaga chiqqanda yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmasa. Rioya qilish uchun bilish kerak. Xudoning o‘zi asrasin, hujjatini oldirib qo‘ysa qaytarib olar, lekin birorta kor-xol bo‘lib qolsa, kim javob beradi? Mana bu taraflarini o‘ylash kerakda. Allaqachon yetib keldi buning vaqti. Tizim buzildi. Endi buni o‘rniga qaytarish uchun ancha mehnat kerak bo‘ladi, dedi Toshkentdagi "Vatanparvar" maktablaridan birining bo‘lim mudiri.
XS
SM
MD
LG