Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:43

Siz nega ko‘chaga chiqmaysiz?


Butun dunyoda ijtimoiy-iqtisodiy noroziliklar ko‘cha namoyishlariga aylanayotgan bir paytda¸ bu jarayon o‘zbeklarga begona.

Bir oy oldin Nyu Yorkning Zukkotti parkida (Manhetten) AQShda iqtisodiy va moliyaviy bo‘hron, ishsizlik, hukumat tomonidan ochko‘z banklarga moliyaviy yordam ko‘rsatilayotgani va boshqa ijtimoiy muammolarga qarshi “Wall streetni egallab ol” nomi ostida norozilik harakati boshlangan edi.

Ko‘p o‘tmay norozilik to‘lqini dunyoning boshqa davlatlariga yoyildi. 15 oktyabr kuni dunyoning 82 mamlakatidagi 951 ta shaharda yuz minglab odam iqtisodiy-ijtimoiy muammolar hal etilishi talabi bilan ko‘chalarga chiqdi.

17 oktyabr kuni AQShning Nyu York va boshqa shaharlarida, shuningdek, Germaniyaning Frankfurt, Gretsiya poytaxti Afina, Uganda poytaxti Kampala va boshqa shaharlarda norozilik aktsiyalari davom etdi.

Biroq bunday chiqishlar Markaziy Osiyo respublikalari, jumladan, O‘zbekistonda kuzatilmadi.

Shu munosabat bilan Hafta savoli ruknining bugungi sonida “Siz necha ko‘chaga chiqmaysiz?” degan savolni qo‘ydik.


Ibrohim¸ Buxoro:

- Mening ko‘chaga chiqmasligimning sababi asosan shularki, birinchidan O‘zbekistonda 2005 yilda ko‘chaga chiqqanlarning holi nima kechganini butun dunyo yaxshilab ko‘rdi. Yuvgan bilan ketmaydigan qonlar to‘kildi. Bilib turib behudaga qon to‘kilishini istamaganim uchun ko‘chaga chiqmayman.

Ikkinchidan, mening ko‘chaga chiqmasligimning sababi¸ men ko‘chaga chiqib faqatgina xalqni emas, faqatgina hokimiyatga ega bo‘lish maqsadida xalqni ergashtiradigan kimgadir xizmat qilib qo‘yishlikdan qo‘rqaman. Balki ertaga ular va‘da qilayotgan yaltiroq kun chin bo‘lib chiqmas bugungidan battar bo‘lib qolar. Ana shuning uchun ko‘chaga chiqmayman iloji bo‘lsa.


Temur¸ Jizzax:

- Fuqaro sifatida norozilik qilganda qayerga borib norozilik qilish mumkin? Masalan¸ hozir kimga borsangiz, unga bor, bunga bor. Oddiy misol. Raysabzga borib spravka olish uchun ishonasizmi ishonmaysizmi to‘rtta eshikka kirdim. Masalan¸ hozir gaz yo‘q. Qishloqdagi hamma yig‘ilib olib boramiz, deydi. Bittasi “Qo‘y nima qilasan? 500-1000 so‘m ketadi. Undan ko‘ra o‘tir tinchgina” deb, muammo boru, lekin chiqishga jur‘at qilmaganman. Hammada muammo bor. Menda ham muammo bor. Bir o‘zim muammoni hal qila olmayman. Ko‘chaga chiqishga o‘zimda jur‘at topa olmayman. Nimagaligini bilmadim lekin.


Eshmurod¸ Qashqadaryo:

- Endi bunday. Demokratik davlatlarda namoyishga chiqadigan odamlarning huquqi, ularning xavfsizligi himoya qilingan. Bizda himoya qilinmagan. Ana shuning uchun chiqa olmayman men.


Shavkat, Toshkent:

- Bizlarning O‘zbekistonda unaqa ko‘chaga chiqish umuman xavfli. Shartta mashinaga bosib olib ketishadi. Keyin qayoqqa olib ketganini qarindosh-urug‘laringiz qidirib topa olmay qolishi mumkin. Men uje ikki-uch marta chiqqanman. Mening bu yoqda qiladigan ishlarim bor hali. O‘zimning murojaatlarim bo‘yicha ishimni oxirigacha yetkazishim kerak. Men hozir olib borib nima qilsam¸ keyin mening ishimni kim qiladi?


Poligraf ekstra nashriyoti xodimi:

- Keyinroq qo‘ng‘iroq qilsangiz savolingizga javob beraman. To‘g‘risini aytsam¸ hozir vaqtim yo‘q.


Ziyoda, Shaffof ichimlik suvi korxonasi xodimi:

- Balki boshqa davlatda ko‘chaga chiqqanning boleye-meneye foydasi bordir. Lekin bizlarning davlatda unaqa to‘g‘ri kelmaydi. Bizlarning davlatda ko‘chaga chiqish bilan bunaqa muammoni reshat qilib bo‘lmaydi. Men hozir kechirasiz¸ sizning oprosingizga polnostyu javob bera olmayman. Hozir men ishdaman. O‘zimga yarasha nimam bor. Lekin javobim shu. Ko‘chaga chiqish bilan muammo yechilmaydi. Buning boshqacha yechimini topish kerak.


Muxlisa, do‘kon sotuvchisi:

- Nimaga? Ko‘chada men nima qilaman? Chiqmayman. Mening hech narsadan noroziligim yo‘qku, nimaga norozilik bildiraman? Tinch ishlayotgan bo‘lsam, hamma narsa joy-joyida bo‘lsa, Xudoga shukur o‘zimning topganim o‘zimga yetib ortsa, tinch bo‘lsam, nimaga norozi bo‘lishim kerak? Men Xudoga shukur qilaman shunaqa tinch ishlayotganimdan.


Gulbahor To‘rayeva, mustaqil tibbiy ekspert Andijon:

- Ko‘chaga chiqmagan bo‘lar edim. Sababi¸ o‘zimning insoniylik g‘ururimga mos ko‘rmayman u narsani. Ko‘chaga chiqish uchun bizning konstitutsiyamizda avvalo yozilgan ogohlantirish kerak, u qilish, bu qilish kerak. Meni shaharda hammasi taniydi. Men ko‘chaga chiqaman, piketga chiqaman deb nima qilish g‘ururimni pastga urgan bo‘laman. Nimaga desangiz, buni hech kim to‘g‘ri ma‘noda qabul qilmaydi oddiy fuqarodan tortib mansabdor shaxsgacha. Qonun doirasida, masalan prezidentning chiqargan qonuni bor fuqarolar murojaatlari to‘g‘risida. O‘shanga qarab turib ariza yozaman tegishli organlarga. Respublikaga yozaman. Respublikada ham bo‘lmaydigan bo‘lsa, konechno menga bosim o‘tkazilishidan qat‘iy nazar, boshqa bo‘lishidan qat‘iy nazar internetga chiqib qo‘ya qolaman men. Ko‘chaga chiqmayman.


Latifa, uy bekasi:

- Chiqardim, boshqa problemalar ham tiqilib yotibdiku mana. Oylik vaqtida bermasa, plastik kartochkaga o‘tkazib qo‘ygan bilan odamlarni qani pulini ololmaydi plastik kartochkadagi. Na ularni zagruzka qilishga birorta apparat qo‘ymagan u yer bu yerga, na pulini olishga bankomat qo‘yilmagan. Odamlar sarson bo‘lib yotibdi. Xalqqa qo‘yib bersa, hammaning kamida to‘rtta-beshta problemasi bor. Bizlarnikilar bosh ko‘tarishga qo‘rqadi. Kimni ko‘rsang¸ hammaning nolishiga non pishayapti ko‘chada. O‘zim ham shunaqa. Invalidnost olib turgan edim arzimagan pensiyani. O‘sha o‘lgurni ham olib tashladi. Ko‘zi ko‘r odamlarni yetaklab Raysobezga borsam, yurishibdi. Ko‘zi ko‘rmaydiganga uchinchi gruppa berib qo‘yishibdi. Vaholanki birinchi gruppa berishi kerak. Qanaqa davlat bu? Sog‘lig‘i ko‘rinib turgan narsaku. Ko‘r ko‘zi ochilmaydiku bundoq qaraganda. Shuning uchun ko‘chaga chiqqan bo‘lardim. Bitta u problema emas mingtasi tiqilib yotibdiyu. Mana qishda uylarimiz umuman isimaydi. yozda issiq, chivin bosib yotibdi. Podvallarimiz beligacha suv. Hech kim qaramydi. Bu ham bitta problema bizlarga. Birinchi qatorda chiqqan bo‘lardim.

***********

Aziz mushtariy¸

Siz nima deysiz - Siz nega ko‘chaga chiqmaysiz?
XS
SM
MD
LG